Bangkok shahrida Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi

2026-yil 20-may kuni Oʻzbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasida Centrum Air aviakompaniyasining Tailanddagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Silk Road Gateway” mavzusida seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Tailandning qator turizm kompaniyalari va agentliklari vakillari, shuningdek ishbilarmon doiralar ishtirok etdi. Oʻz nutqida Bosh konsul Faxriddin Sultanov xorijiy mehmonlar eʼtiborini sayyohlarni qiziqtirishi mumkin boʻlgan tarixiy obidalar, oʻzbek xalqining buyuk ajdodlari maqbara va ziyoratgohlari, shuningdek tailandlik fuqarolar uchun Oʻzbekistonga viza olish boʻyicha yaratilgan qulay sharoitlarga qaratdi.
Shuningdek, konsullik muassasasi rahbari Centrum Air aviakompaniyasi Bangkok va Phuket shaharlaridan Toshkentga haftasiga 6 ta reysni amalga oshirayotganini taʼkidladi. Shu oʻrinda u 10 yil avval Oʻzbekistonda faqat bitta aviakompaniya faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunda Prezident Sh. Mirziyoyev rahbarligida ularning soni 10 tadan oshganini qayd etdi.
Seminar davomida Sky Pacific Air Service Co., Ltd. kompaniyasining alyanslar va hamkorlik boʻyicha korporativ vitse-prezidenti Livio Aridzi hamda Centrum Air vakillari Oʻzbekistonning turizm imkoniyatlari va aviakompaniyaning kengayib borayotgan xizmatlari haqida batafsil maʼlumot taqdim etdilar.
Ishtirokchilarga mamlakatning eng mashhur sayyohlik yoʻnalishlari, jumladan, islom meʼmorchiligi, UNESCO Butunjahon merosi obyektlari va koʻp asrlik savdo tarixi bilan mashhur boʻlgan qadimiy Ipak yoʻli shaharlari — Samarqand, Buxoro va Xiva haqida maʼlumot berildi. Mehmonlarga, shuningdek, zamonaviy turizm infratuzilmasi, mehmondoʻstlik sohasi hamda anʼanaviy madaniyat va zamonaviy taraqqiyot uygʻunligi haqida ham soʻzlab berildi.
Seminar turoperatorlar, sayyohlik agentliklari va diplomatik korpus vakillari uchun fikr almashish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga xizmat qilgan muhim networking maydoniga aylandi. Ishtirokchilar tailandlik sayyohlarni Oʻzbekistonga yanada koʻproq jalb etishga qaratilgan qoʻshma turizm dasturlari, madaniy tashabbuslar va sayohat paketlarini ishlab chiqish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.