Xiva shahri anʼanaviy “Qovun sayli” festivaliga tayyorgarlik koʻrmoqda

Joriy yilning 8-10-avgust kunlari Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” va “Arda Xiva” majmualarida anʼanaviy “Qovun sayli” festivali boʻlib oʻtadi.
“uzbektourism.uz” portali maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilayotgan festival doirasida viloyatning shahar-tumanlari oʻz hududlarida yetishtirilgan shirin qovunlarning koʻrgazma-savdosini oʻtkazadi. Pavilonlar hududiy rang-baranglik asosida bayramona bezatiladi.
Shuningdek, teatrlashtirilgan sahnalar, qoʻgʻirchoq teatri va milliy liboslar namoyishi, milliy taomlar, Xorazm nonlari va hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmalari, badiiy jamoalar, folklor guruhlarining jonli ijro chiqishlari, mahorat darslari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari koʻrgazmasi tashkil etiladi.
“Qovun sayli” da faol ishtirok etganlar turli nominatsiyalar asosida Xorazm viloyat hokimligi va homiylarning qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
Festivalning asosiy tadbirlari mahalliy va xorijiy yulduzlar ishtirokidagi gala konsyertlar bilan 8-9-avgust kunlari “Ichan qalʼa” va 10-avgust kuni “Arda Xiva” turizm majmualarida boʻlib oʻtadi.
“Dunyo” AA