Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan Kuvayt Davlatida boʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mishʼal as-Sabohning taklifiga binoan 17-18-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Al-Kuvayt shahrida oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar hamda ushbu mamlakat hukumati aʼzolari, yetakchi kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtadi.
Boʻlajak sammit kun tartibidan Oʻzbekiston-Kuvayt doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, savdo, innovatsiyalar, investitsiya va moliya, “yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sogʻliqni saqlash va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olishi koʻzda tutilgan.
Madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini kengaytirish masalalari ham diqqat markazida boʻladi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Kuvayt yetakchilari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini koʻrib chiqadilar.
Muzokaralar yakunida qator qoʻshma hujjatlar va bitimlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston – Kuvayt: hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-18-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Kuvaytga boradi.
Kuvayt Oʻzbekiston mustaqilligini 1991-yil 30-dekabrda tan oldi va 1994-yil iyulda mamlakatlarimiz teng huquqlilik va bir-birining manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan oʻzaro manfaatli konstruktiv sheriklikni rivojlantirishga oʻzaro intilishlarini tasdiqlab, diplomatik munosabatlarni oʻrnatdi.
2004 va 2008-yillarda mos ravishda Kuvayt va Oʻzbekistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi oʻzaro tashriflar hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi. 2001-yildan buyon Oʻzbekistonda Kuvayt elchixonasi faoliyat koʻrsatmoqda, 2004-yilda esa Al-Kuvaytda mamlakatimizning diplomatik vakolatxonasi ochildi.
Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasi 27 hujjatdan iborat.
Soʻnggi yillarda iqtisodiyot, savdo, investitsiya, taʼlim va madaniyat kabi turli yoʻnalishlarda ikki tomonlama aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Ikki davlat oʻzaro manfaatli va anʼanaviy doʻstlik rishtalariga, mushtarak din, maʼnaviy qadriyatlar va anʼanalarga asoslangan maʼnaviy aloqalarga tayangan holda sheriklikni yanada mustahkamlashga intilmoqda.
Kuvayt Oʻzbekiston uchun xalqaro munosabatlar tizimidagi muhim hamkor hisoblanadi. Bu davlatning iqtisodiyot, moliya, bank ishi, sarmoya, innovatsiyalar, taʼlim va infratuzilmani rivojlantirish kabi sohalardagi tajribasi alohida ahamiyatga ega. Kuvayt bilan hamkorlik bilim va ilgʻor tajriba almashish uchun katta imkoniyatlar yaratadi, bu esa ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va barqaror rivojlantirish yoʻlidagi birgalikdagi taraqqiyotga xizmat qilayotir.
Ikki davlatning BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formati kabi xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalari mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari boʻyicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda, shuningdek, koʻp tomonlama sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun yangi istiqbollarni ochmoqda.
Oʻzbekiston va Kuvayt oʻrtasidagi yuqori darajadagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning keng doirasini qamrab oladi. Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu diplomatik muloqotni mustahkamlashga xizmat qilmoqda, hamkorlikni kengaytirish va diversifikatsiya qilishga yoʻl ochmoqda.
Birgina 2024-yilning oʻzida Oʻzbekiston va Kuvayt tashqi ishlar vazirlari oʻrtasida beshta uchrashuv va muzokaralar boʻlib oʻtdi. Jumladan, ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari Antaliya Diplomatik forumi va BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida uchrashdi.
Bundan tashqari, Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo boshchiligidagi delegatsiya 2024-yil 15-aprel kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 2-yigʻilishida qatnashdi. Tashrifda davomida Kuvayt tashqi ishlar vaziri Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilindi.
Oʻz navbatida, 2024-yil avgust oyida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Kuvaytga tashrif buyurib, u yerda bir qator samarali muzokaralar oʻtkazdi.
Tashqi siyosat idoralari tomonidan muntazam oʻtkazib kelinayotgan siyosiy maslahatlashuvlar ham Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning muhim mexanizmiga aylangan.
Oʻzbekiston bilan Kuvayt oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik soʻnggi yillarda yangi surʼatga ega boʻldi. Tovar ayirboshlash hajmini bir necha karraga oshirish uchun ikki davlat yetarli salohiyatga ega va bu boradagi ishlar jadal davom etyapti.
Xususan, 2024-yilda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikda misli koʻrilmagan faollik namoyish etildi. Kuvaytning yirik kompaniyalari va moliya institutlari vakillarining Oʻzbekistonga 50 dan ortiq biznes-missiyasi tashkil etildi. Xususan, Kuvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi, “Gulf General Trading Co.”, “Petroleum Dynamics”, “Al-Tijaria Group”, “The Commercial Real Estate So.”, “Rawasi Kuwait Holding Co.”, “Kuwait Investment Co.” (KIC), “AlJaber Group Holding”, “Biomedix Medical Group Co.”, “Advanced Medical German Co.”, “KAMCO Investment Co.”, “Alkandari General Trading Co.”, “Unique Goods”, “Zenith Business Solution”, “Golden Carpet”, “AlMawashi” va boshqa kompaniyalar rahbarlari yurtimizda boʻldi.
“Kuwait Investment Company” prezidenti Yusuf al-Ali va “Gulf General Trading Co.” kompaniyasi bosh direktori Iyad Solih 2024-yil 2-3-may kunlari boʻlib oʻtgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdi.
Oʻtgan yilning noyabr oyida Qarshi shahrida boʻlib oʻtgan “Qashqadaryo Invest-2024” biznes-forumida kuvaytlik ishbilarmonlar faol qatnashdi. Mazkur iqtisodiy tadbirda Kuvayt “Gulf Care Gen. Trad. Co.”, “Biomedix Medical Group Co.” va “Advanced Medical German Co.” kompaniyalari rahbariyati tomonidan taqdim etildi.
2024-yilning may va avgust oylarida Kuvaytda tashkil etilgan “Made In Uzbekistan” biznes-forumlari va koʻrgazmalari ham muvaffaqiyatli kechdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashini rahbariyati boshchiligidagi mamlakatimiz tadbirkorlari delegatsiyasi Kuvaytga tashrif buyurib, samarali muzokaralar oʻtkazdi.
2024-yilda Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Kuvayt hukumatlararo komissiyasining birinchi yigʻilishi Toshkentda boʻlib oʻtdi. Unda Kuvayt moliya vaziri, iqtisodiy ishlar va investitsiya boʻyicha davlat vaziri Nura al-Fassam xonim boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
2024-yilda Oʻzbekistondan Kuvaytga 20 tonnadan ortiq yangi meva va sabzavotlarning ilk eksporti amalga oshirildi. Mutaxassislarga koʻra, bu oʻzaro savdodagi yangi qadam boʻldi. 2024-yil 15-16-dekabr kunlari Kuvaytda boʻlib oʻtgan “Kuwait International Agro Food Exhibition” qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasida Oʻzbekiston kompaniyalari vakillarining ishtiroki yurtimiz mahsulotlarini ushbu mamlakat bozoriga eksport qilish hajmini va turlarini kengaytirishga zamin yaratdi.
Investitsiya sohasida oʻtgan yili Kuvaytning “Fouad Al-Ghanim and Sons Group of Companies” korporatsiyasi bilan Boʻstonliq tumanida GES qurish boʻyicha umumiy qiymati 640 million dollarlik qoʻshma loyihalarni hamda Oʻzbekistonning beshta hududini ichimlik suvi bilan taʼminlash qaratilgan qiymati 50 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar boshlangan edi.
Bundan tashqari, Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Kuvaytning imtiyozli kreditlari evaziga Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash, taʼlim va turli infratuzilma tarmoqlarida yirik ijtimoiy loyihalar amalga oshirilyapti.
2000-yildan buyon jamgʻarma ishtirokida Oʻzbekistonda infratuzilma, qurilish va sogʻliqni saqlash sohalarida umumiy qiymati 210 million dollarlik 10 ta loyiha amalga oshirilib, 500 ming dollarlik texnik yordam koʻrsatish boʻyicha kelishuv tuzilgan.
Kuvayt hukumati Samarqand shahridagi Imom al-Buxoriy majmuasini, Hazrat Imom jamgʻarmasini jihozlash, Xalqaro islom akademiyasi yangi binosini qurish va jihozlash, 50 ta maktab oʻquv xonalarini kompyuterlashtirish, respublika tibbiyot muassasalarini zarur tibbiy anjomlar bilan taʼminlash uchun moddiy yordam koʻrsatdi.
Shu bilan birga, oʻtgan yilning yanvar oyida “Gulf General Trading Co.” kompaniyasining Kuvaytdagi klinikalari shifokorlari tomonidan Fargʻona viloyatidagi tibbiyot muassasalarida yuragida tugʻma nuqsoni boʻlgan 30 nafar bolaga jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.
Oʻzbekiston va Kuvayt oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan tarixiy-maʼnaviy rishtalar madaniyat va taʼlim sohasidagi faol hamkorlikda ham oʻz ifodasini topmoqda. Har ikki davlat islom merosini asrab-avaylash va ommalashtirish, uni oʻrganish va kelajak avlodlarga yetkazishga alohida eʼtibor qaratadi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy almashinuvlar oʻzaro tushunishning muhim koʻprigiga aylanib boryapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ikki xalq anʼanalari, sanʼati va adabiyotining boy merosini ochib beruvchi qoʻshma koʻrgazmalar, anjumanlar, festivallar muntazam oʻtkazilayotir. Bunda islom madaniyati, tarixiy obidalar va qoʻlyozmalarni oʻrganish sohasidagi hamkorlik alohida oʻrin tutadi. Ushbu jabhadagi yaqin sheriklik birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun yangi istiqbollarni ochmoqda.
Bu yoʻnalishda ikki davlat ilmiy hamjamiyatlari vakillarining oʻzaro tashrifi, ularning Oʻzbekiston va Kuvaytda oʻtkaziladigan turli xalqaro va madaniy-maʼrifiy tadbirlarda ishtiroki muntazamlik kasb etayotir.
Kuvaytlik sanʼatkorlar Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining doimiy ishtirokchisi hisoblanadi. Oʻzbekiston vakillari, oʻz navbatida, Kuvaytda oʻtkazilgan xalqaro amaliy sanʼat, “Islom sanʼati”, ayollar liboslari koʻrgazmalari, “Ayollar va salomatlik” xalqaro konferensiyasida qatnashdi.
2024-yilda Kuvayt vakillari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlari forumi, Xiva shahrida oʻtkazilgan Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining XII sessiyasi, Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasi, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Butunjahon yoshlar festivali, poytaxtimiz mezbonlik qilgan “LIPTIS Pharmaceuticals Annual Scientific Symposia” simpoziumi, “Central Asia Air Cargo Summitʻ va boshqa anjumanlarda ishtirok etdi.
Yuqorida qayd etilgan ikki tomonlama hamkorlikning muhim yoʻnalishlari Oʻzbekiston va Kuvayt oʻzaro munosabatlarni barcha yoʻnalishlarda yangi bosqichga koʻtarish va mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratilganidan, qator sohalarda salmoqli yutuqlarga erishilganidan hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni jadallashtirish uchun mavjud ulkan salohiyatdan unumli foydalanishga tayyor ekanidan dalolat beradi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbarining Kuvaytga boʻlajak rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni barcha yoʻnalishlarda chuqurlashtirish, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni kengaytirishga qoʻshimcha surʼat bagʻishlash barobarida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.
“Dunyo” AA