Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Anqara shahriga tashrifi

29-yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi O‘zbekiston-Ozarbayjon-Turkiya vazirlarining 2-uch tomonlama uchrashuvi munosabati bilan Anqara shahriga tashrif buyurdi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an qabulida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salom va maktubi yetkazildi. Davlat rahbarlari oʻrtasida oʻrnatilgan birodarlik rishtalari har bir sohada yaqin hamkorlik qilish uchun eng mustahkam poydevor yaratayotgani alohida e’tirof etildi.
Forum oldidan O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar vazirlari samarali uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ittifoqchilik salohiyati ulkanligi va yelkama-yelka hamkorlikda kelajak avlodlar uchun cheksiz imkoniyatlar ochish mumkinligi ta’kidlandi. Uchrashuv kun tartibidan savdo va iqtisodiyot, transport, samarali diplomatiya, dinamik sarmoyaviy hamkorlik, savdo hajmini oshirish va aloqalarni kengaytirish, oʻzaro ittifoqchilik masalalari oʻrin oldi.
Turkiyaga tashrifi doirasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham amalga oshirildi. Xususan, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan uchrashuvda ikki tomonlama diplomatik munosabatlarning o'ttiz yilligini nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi imzolandi. Hamkorlikning eng dolzarb mavzulari va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar bo‘yicha fikr almashilindi.
Shuningdek, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan o‘tkazilgan uchrashuvda strategik hamkorlik munosabatlarini kengaytirish, savdo aylanmasini oshirish, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.
Tashqi ishlar, savdo, iqtisodiyot va transportga mas’ul vazirlar bilan birgalikda 2-uch tomonlama uchrashuvining muvaffaqiyatli natijasi sifatida Anqara deklaratsiyasi imzolandi.