Tailand TIV rahbari Marit Sangiampxong: Taomlar umumbashariy chegaralardan oshib, odamlar o'rtasida hamjamiyatlik tuyg'usini mustahkamlash imkonini beradi
BANGKOK, 29-dekabr. /"Dunyo" AA/. Mashhur "Elite+" jurnalining xalqaro masalalar bo'yicha maslahatchisi Ketlin Pokrud nashr etgan "Dunyo pazandachilik hikoyalari" ("Global Culinary Stories") kitobida O'zbekistonning o'ziga xos va boy pazandachilik san'ati merosi o'z aksini topdi, deydi "Dunyo" axborot agentligi muxbiri.
Mazkur nashrda Tailanddagi 45 ta xorijiy davlatlar elchixonalari tomonidan taqdim etilgan turli mamlakatlar oshxonalarining xilma-xilligi namoyon etilgan.
Kitob so'zboshisi Tailand malikasi Maha Chakri Sirindhorn tomonidan yozilgan. Malika ikkita qirollik taomlari retseptlari bilan o'rtoqlashgan.
Tailand tashqi ishlar vaziri Marit Sangiampxong o'zining kitobdagi kirish tabrik so'zida "Global Culinary Stories" kitobi – bu barchani birlashtiruvchi turli madaniyatlar va hikoyalarni aks ettiruvchi taomlar tayyorlanish hikoyalari va retseptlarining boy to'plami ekanligini qayd etgan. Uning ta'kidlashicha, taomlar umumbashariy chegaralardan oshib, odamlar o'rtasida hamjamiyatlik tuyg'usini mustahkamlash imkonini beradi.
Kitobda O'zbekiston bosh konsuli Faxriddin Sultonovning uch ming yildan beri shakllangan, o'zining nafis taomlari bilan mashhur bo'lgan va boy pazandalik an'analarini mujassam etgan o'zbek oshxonasi haqidagi maqolasi o'rin olgan. Unda o'zbek palovi, manti va somsa kabi mashhur milliy taomlarimizni tayyorlash usullari bo'yicha retseptlar taqdim etilgan.
Kitob taqdimot marosimida diplomatik korpus, davlat va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida, uning ishtirokchilariga O'zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan o'zbek palovi, somsa va turli xil shirinliklar ulashildi.
O'zbekiston milliy oshxonasi asosiy taomlarining "Dunyo pazandachilik hikoyalari" kitobiga kiritilishi nafaqat mamlakatimiz gastronomik salohiyatini namoyish etadi, balki xalqlar o'rtasidagi madaniy tafovutlarni bartaraf etish va o'zaro tushunishni rivojlantirishda pazandachilik san'atining ahamiyatini ham ko'rsatadi.