Muhtoj oilalarga moddiy yordam puli beriladi, nafaqalar miqdori 10 foizga oshiriladi
Ayniqsa, joriy yilning ikkinchi choragida iqtisodiy vaziyat dunyoning barcha mamlakatlarida keskin yomonlashdi. Rivojlangan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning pasayishi 10-20 foizni, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa 7-15 foizni tashkil etdi.
Xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonlariga faol kirib borayotgan Oʻzbekiston iqtisodiyoti ham global muammolardan zarar koʻrmoqda. Inqirozga qarshi koʻrilgan qatʼiy va amaliy chora-tadbirlar evaziga 6 oy yakunlari bilan Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti 0,2 foizga oʻsdi.
Savdo va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlgan shaxslar ish joylarini vaqtincha yoʻqotdilar, xorijdan 200 mingdan ortiq vatandoshimizning olib kelinishi ishsizlar sonini koʻpaytirdi.
Bunday murakkab sharoitda aholini, ayniqsa, uning ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash masalasi davlatning birinchi darajali eʼtiborida turibdi.
Shu maqsadda, 30-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmon qabul qildi.
Farmonga binoan:
Birinchidan, pandemiya sharoitida moddiy yordam va koʻmakka muhtojlar roʻyxatiga kiritilgan va aʼzolari 1,7 million nafardan ortiq boʻlgan 400 mingdan koʻproq oilalarga respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam puli beriladi. Bunga respublika byudjetidan qoʻshimcha 380 milliard soʻm ajratiladi.
Ikkinchidan, muqaddas Qurbon hayiti bayrami arafasida xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini namoyon etadigan muhtojlar holidan xabar olish anʼanasini davom ettirgan holda, joylardagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari orqali 220-250 ming oilaga respublika byudjetidan jami 200 milliard soʻm ajratiladi. Buning natijasida 1 milliondan ortiq aholi naqd pul, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon bilan taʼminlanadi.
Shuningdek, ushbu ulugʻ ayyom kunlari “Vaqf” xayriya jamoat fondini qoʻllab-quvvatlash maqsadida respublika byudjetidan 150 milliard soʻm ajratiladi. Ushbu mablagʻ jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltiriladi.
Uchinchidan, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda faol ishtirok etib, hayotini xavf ostiga qoʻyib jonbozlik koʻrsatayotgan tez tibbiy yordam brigadalarining shifokorlari, hamshiralari, kichik tibbiy xodimlari va haydovchilarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish uchun 100 milliard soʻm ajratiladi. Buning evaziga 26 ming oilaning moddiy ahvoli yaxshilanadi.
Yuqoridagi choralar hisobiga Oʻzbekistondagi 652 ming oilaga moddiy yordam koʻrsatiladi.
Bundan tashqari, qabul qilingan Farmonda pandemiya davrida ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini keskin oshirish koʻzda tutilmoqda. Jumladan:
ikki yoshgacha boʻlgan bola parvarishi boʻyicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalar soni har oyda 14-15 mingtaga oshirilib, dekabr oyida 400 mingtagacha yetkaziladi yoki yil boshiga nisbatan qariyb 1,5 barobarga koʻpaytiriladi;
14 yoshgacha bolalari boʻlgan nafaqa oluvchi oilalar sonini yil boshiga nisbatan 2,5 barobardan ortiqqa oshirib, ularning soni dekabr oyida 700 minggacha yetkaziladi;
kam taʼminlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam oluvchilar soni yil boshiga nisbatan 1,5 barobarga oshirilib, 100 mingtaga yetkaziladi.
Umuman olganda, ijtimoiy nafaqa oluvchilarning umumiy soni 600 mingga koʻpayib, joriy yilning dekabr oyida 1,2 millionga (mamlakatdagi jami oilalarning qariyb 14,1 foizi) yetkazilishi koʻzda tutilmoqda va bunga byudjetdan qoʻshimcha 426 milliard soʻm ajratiladi.
Oʻzbekistonda kambagʻal oilalarning umumiy soni respublikadagi jami oilalarning 12-15 foizini tashkil etishini inobatga olsak, ijtimoiy nafaqa mexanizmi bilan yil oxiriga borib mamlakatdagi barcha kambagʻal oilalarning har bir qatlami toʻliq qamrab olinadi.
Bunga yuqorida aytib oʻtilgan bir martalik moddiy yordam oluvchi oilalar sonini qoʻshsak, davlatdan moliyaviy koʻmak oladigan oilalarning soni sezilarli darajada koʻpayadi.
Farmonda, shuningdek, keksa yoshdagi hamda nogironligi bor shaxslarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 10 foizga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.
Bu esa, joriy yil yanvar-iyul oylaridagi inflyatsiya koʻrsatkichlaridan 4,3 foiz yuqoridir.
Bu 2,8 million keksa yoshdagi fuqarolarni, 687 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslarni, 210 mingdan ortiq boquvchisini yoʻqotgan shaxslarni pandemiya davrida moddiy qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi.
Bunda, oʻrtacha pensiya miqdori 764 ming soʻmdan 841 ming soʻmgacha oshadi.
Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori amaldagi 466 680 soʻmdan 513 350 soʻmgacha koʻpayadi.
Shuningdek, pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga (7 yil) ega boʻlmagan, hayoti davomida Pensiya jamgʻarmasiga umuman badal toʻlamagan 37,5 ming nafar keksa fuqaroga beriladigan nafaqa oyiga 315 030 soʻmgacha oshiriladi.
Farmonda koʻzda tutilgan aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlariga 2020-yilning oxirigacha byudjetdan jami qoʻshimcha 2,5 trillion soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda.