COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashishda ayollar faolligiga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiya
2020-yil 22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva BMT-ayollar tuzilmasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro videokonferentsiyada ishtirok etdi.
Mazkur tashkilotning mintaqalardagi muvofiqlashtiruvchilari, 10 dan ortiq mamlakatning vakillari yuksak saviyadagi muloqot ishtirokchilari bo‘ldilar. Ular dunyoning turli mintaqalarida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida so‘zlab berdilar.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, pandemiya dunyoning deyarli barcha mintaqalarida gender muammolarni jiddiylashtirdi. Xotin-qizlarning iqtisodiy holati yomonlashib borayotgani, ayollarga nisbatan uy sharoitida zo‘ravonlik va kamsitishning turli shakllari ko‘payayotgani bilan bog‘liq masalalar nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlarni, balki jahonning eng rivojlangan mamlakatlarini ham tashvishga soldi. Shu munosabat bilan pandemiya tufayli kelib chiqqan bunday muammolarga e’tibor qaratish alohida ahamiyat kasb etdi, bu esa shu kabi uchrashuvlar o‘tkazish uchun asos bo‘ldi.
Onlayn konferentsiyada Senat Raisi Tanzila Narbayeva so‘zga chiqdi va ishtirokchilarni koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan milliy dastur amalga oshirilayotgani, pandemiya davrida aholini va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inqirozga qarshi choralar, shuningdek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha qabul qilinayotgan amaliy chora-tadbirlar haqida xabardor qildi. Xususan, ta’kidlanganidek, mamlakatimizda Respublika maxsus komissiyasi va Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aholini va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga, tadbirkorlarga imtiyoz va prefrentsiyalar berishga qaratilgan 12 ta farmoni va qarori qabul qilindi. Xalqimizning eng yaxshi fazilatlari, o‘zaro yordam va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga intilishi “Sahovat va ko‘mak” umumxalq harakatida o‘z aksini topdi. Davlat koronavirusga chalinganlarni bepul testdan o‘tkazish, davolash va reabilitatsiya qilishni o‘z zimmasiga to‘liq olganligiga alohida urg‘u berildi. Aynan qat’iy va ta’sirchan choralar tufayli vaziyat qisqa muddatda nazoratga olindi va kasallanganlarning 80 foizidan ziyodining sog‘lig‘ini tiklashga muvaffaq bo‘lindi.
Tanzila Narbayeva O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi ishlariga alohida e’tibor qaratdi. Ta’kidlanganidek, karantin davrida O‘zbekiston xotin-qizlari yolg‘izlatib qo‘yilmadi. Bandlikni ta’minlash va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bolali ayollarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha milliy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish, nafaqa oluvchilar toifasi hamda sonini oshirish pandemiya davrida O‘zbekiston Respublikasining bosh ustuvorligi bo‘ldi. Uydagi zo‘ravonlikning oldini olish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu ma’noda videokonferentsiya ishtirokchilari O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan qator qonun hujjatlari qabul qilingani haqida xabardor qilindi. Himoya orderi to‘g‘risida nizom qabul qilindi. Karantin davrida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning murojaatlari asosida ichki ishlar organlari tomonidan 375 ta himoya orderi rasmiylashtirildi.
Konferentsiyada Avlodlar tengligi forumi va Harakatlar koalitsiyasi forumi tomonidan ishlab chiqilayotgan 2030-yilgacha gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” xususida O‘zbekiston tomonining takliflari bildirildi. Xususan, pandemiya takrorlanishining oldini olish bo‘yicha xalqaro darajada choralar ko‘rish taklif etildi. Uyda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan muntazam tajriba almashish zarurligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, xotin-qizlarning, ayniqsa qishloq joylardagi xotin-qizlarning bandligini va o‘zini o‘zi band qilishni ta’minlash sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash dasturlarini ishlab chiqish muhimligiga urg‘u berildi. Bundan tashqari, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini kengaytirish sohasidagi chora-tadbirlarni BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish hamda joriy qilish, elektron savdo maydonchalarini yaratish dasturlarini tatbiq etish va ulardan fermer xo‘jaliklari hamda kichik korxonalarning rahbar-ayollari keng foydalanishini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Videokonferentsiyada BMT Bosh kotibi yordamchisi Asa Regner O‘zbekistonning koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish milliy dasturining yuqori samaradorligini alohida ta’kidlab o‘tdi. “O‘zbekiston rahbariyati puxta o‘ylangan kompleks chora-tadbirlar tufayli imkon qadar qisqa muddatda koronavirus infektsiyasi tarqalishini to‘xtata oldi. O‘zbekiston pandemiya davrida aholi va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha to‘g‘ri va tibbiyot nuqtai nazaridan asoslantirilgan inqirozga qarshi qarorlar qabul qildi”, - dedi Asa Regner.
Videokonferentsiya yakunida ishtirokchilar tomonidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati