Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: “yashil” energetika makonini birgalikda barpo etayotgan strategik sheriklar

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon energetika sohasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Bu jarayon, avvalo, davlat rahbarlarining oʻzaro ishonch, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangan oqilona siyosati samarasidir. Ana shu qatʼiy siyosiy iroda tufayli mintaqada ilgari faqat istiqbol sifatida baholangan yirik energetika tashabbuslari bugun amaliy bosqichga chiqib, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti va global “yashil” transformatsiyasiga xizmat qilayotgan muhim loyihalarga aylanmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo energetika sohasida raqobat maydoni emas, balki oʻzaro ishonch, manfaatlar mushtarakligi va barqaror taraqqiyot tamoyillariga asoslangan hamkorlik makoniga aylanib bormoqda. Bu jarayon mamlakatlar rahbarlarining uzoqni koʻzlagan siyosati, ochiq muloqoti va konstruktiv yondashuvi tufayli amaliy mazmun kasb etmoqda.
Energetika xavfsizligi, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, elektr energiyasi tizimlarini muvofiqlashtirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish mintaqa davlatlari hamkorligining ustuvor yoʻnalishlariga aylandi. Shu asosda shakllanayotgan yangi mintaqaviy arxitektura nafaqat ichki ehtiyojlarni taʼminlash, balki xalqaro energetika bozori uchun ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika va suv xoʻjaligi sohalarida doimiy muloqot mexanizmlarini shakllantirdi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston energetika hamda suv xoʻjaligi vazirliklari oʻrtasida muntazam oʻtkazilayotgan ishchi uchrashuvlar elektr energiyasi tizimlarining barqaror ishlashi, suv resurslaridan samarali foydalanish, mavsumiy yuklamalarni muvofiqlashtirish va aholi hamda sanoatni uzluksiz energiya bilan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu jarayonda Oʻzbekiston va Qozogʻistonning strategik sherikligi alohida oʻrin tutadi. Ikki mamlakatning milliy energetika tizimlari chambarchas bogʻlangan boʻlib, elektr energiyasi oqimlarini muvofiqlashtirish, quvvatlar balansini saqlash va yagona energetika tizimining ishonchli faoliyatini taʼminlash boʻyicha amaliy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Davlat rahbarlari darajasidagi muntazam muloqotlar mazkur hamkorlikni yanada mustahkamlab, uni butun mintaqa uchun muhim integratsion omilga aylantirdi.
Qayta tiklanuvchi energiya sohasida ham mamlakatlar maqsadlari oʻzaro uygʻun. Oʻzbekiston soʻnggi yillarda “yashil” energetikani jadal rivojlantirib, quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari hamda zamonaviy elektr tarmoqlarini barpo etish boʻyicha keng koʻlamli dasturlarni amalga oshirmoqda. Qozogʻiston ham “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va uglerod chiqindilarini qisqartirishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirmoqda. Qirgʻiziston va Tojikiston esa gidroenergetika sohasidagi ulkan salohiyati bilan mintaqa energetika xavfsizligiga munosib hissa qoʻshmoqda. Turkmaniston esa energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va elektr energiyasi eksportini kengaytirish boʻyicha muhim tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy maqsadi faqat milliy energetika tizimlarini rivojlantirish emas. Asosiy vazifa — oʻzaro bogʻlangan, raqobatbardosh, ekologik barqaror va tashqi bozorlar uchun ochiq boʻlgan yagona mintaqaviy energetika makonini shakllantirishdir. Bu yoʻlda Ozarbayjonning ishtirok etishi hamkorlikning geografiyasini yanada kengaytiradi va Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʻlaydigan muhim strategik yoʻnalishni yuzaga keltiradi.
“Yashil yoʻlak” – Markaziy Osiyoni Yevropa bilan
bogʻlaydigan strategik koʻprik
Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida shakllangan yuqori darajadagi siyosiy ishonch bugun amalda yirik transmilliy energetika loyihalari orqali oʻz ifodasini topmoqda. Shulardan eng muhimi — Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon tomonidan amalga oshirilayotgan “Yashil yoʻlak” tashabbusidir.
Ushbu loyiha energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Yevropa energetika tizimi bilan bogʻlashni nazarda tutadi. Bu esa mintaqada ishlab chiqarilayotgan ekologik toza elektr energiyasini xalqaro bozorlarga yetkazib berish imkoniyatini yaratadi.
2024-yil noyabr oyida Boku shahrida COP29 doirasida imzolangan strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitim mazkur tashabbusning huquqiy poydevorini mustahkamladi. Keyinchalik milliy elektr tarmoqlari operatorlarining hamkorligi yoʻlga qoʻyildi hamda “Green Corridor Alliance” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Bugungi kunda Italiyaning CESI kompaniyasi tomonidan texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.
“Yashil yoʻlak” loyihasi nafaqat eksport yoʻlagi, balki Markaziy Osiyoda yagona integratsiyalashgan elektr bozorini shakllantirishga xizmat qiladigan muhim strategik platformadir. Loyiha mamlakatlar energetika tizimlarining oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va investitsiyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Bu tashabbus Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklikning amaliy ifodasi boʻlib, kelajakda Markaziy Osiyoni global “yashil” energetika zanjirining muhim boʻgʻiniga aylantirishga xizmat qiladi.
Qambarota GES-1 – mintaqaning umumiy energetik
xavfsizligi loyihasi
Markaziy Osiyoda energetik integratsiyaning yana bir muhim namunasi — Qambarota GES-1 qurilishidir.
Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston Respublikalari Prezidentlarining siyosiy qoʻllab-quvvatlovi hamda uch mamlakat hukumatlarining muvofiqlashtirilgan harakatlari tufayli mazkur loyiha koʻp yillik muhokamalardan amaliy bosqichga oʻtdi.
Quvvati 1880 MVt boʻlgan ushbu gidroelektr stansiya faqat yirik energiya obyekti emas. U Markaziy Osiyoda suv-energetika muvozanatini taʼminlash, elektr taʼminoti barqarorligini oshirish, mavsumiy yuklamalarni samarali boshqarish va iqlim oʻzgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, loyiha uch mamlakat iqtisodiyotiga yangi investitsiyalar, zamonaviy infratuzilma va minglab ish oʻrinlarini olib keladi. Loyihada Jahon banki ishtirokining oʻziyoq uning xalqaro ahamiyati va iqtisodiy samaradorligini tasdiqlaydi.
Markaziy Osiyo — global “yashil” energetikaning yangi markazi
Bugun Markaziy Osiyo davlatlari energetika sohasida mutlaqo yangi taraqqiyot modelini namoyon etmoqda. Oʻzaro raqobat oʻrnini ishonchli hamkorlik, resurslar uchun kurash oʻrnini esa umumiy manfaatlarga asoslangan integratsiya egallamoqda.
Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston oʻrtasidagi muntazam muloqotlar yagona energetika tizimining barqaror ishlashini taʼminlash, suv-energetika resurslarini muvofiqlashtirish hamda favqulodda holatlarda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirmoqda.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlar mintaqada “yashil” iqtisodiyotga oʻtish jarayonining muhim drayveriga aylandi. Yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari hamda zamonaviy elektr tarmoqlarining jadal barpo etilishi Markaziy Osiyoning umumiy energetik salohiyatini sezilarli darajada oshirmoqda.
Bugungi kunda mintaqa davlatlari nafaqat oʻz ichki ehtiyojlarini taʼminlash, balki ekologik toza elektr energiyasini Yevropa va boshqa xalqaro bozorlarga yetkazib berish boʻyicha ham uzoq muddatli strategiyani izchil amalga oshirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon oʻrtasida energetika sohasida shakllangan strategik sheriklik davlat rahbarlarining oʻzaro ishonch, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangan siyosatining amaliy natijasidir.
“Yashil yoʻlak” va “Qambarota GES-1” kabi yirik tashabbuslar mintaqa davlatlarining birgalikda murakkab vazifalarni hal qilishga qodir ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Bu hamkorlik nafaqat energetik xavfsizlikni mustahkamlaydi, balki Markaziy Osiyoni Yevropa va Osiyoni bogʻlovchi strategik “yashil” energetika makoniga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.