Oʻzbekiston – Qirgʻiziston: suv boʻyicha hamkorlik istiqbollari

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston tashqi siyosatida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va amaliy hamkorlik ustuvor tamoyilga aylandi.
Bu siyosat natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi. Ilgari yechimi murakkab sanalgan koʻplab masalalar muloqot, kelishuv va umumiy manfaat asosida hal etilmoqda. Ana shu oʻzgarishlar suv sohasida ham yaqqol namoyon boʻlayapti.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston munosabatlari bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng muvaffaqiyatli hamkorlik namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning siyosiy irodasi, muntazam uchrashuvlari, hukumatlararo komissiyalar faoliyati, sohaviy idoralar oʻrtasidagi yaqin muloqot suv resurslarini boshqarishda mutlaqo yangi yondashuvni shakllantirdi. Eng muhimi, suvga nisbatan qarash oʻzgardi. Endi u tortishuv manbai emas, balki umumiy taraqqiyot va barqarorlikni taʼminlaydigan boylik sifatida baholanmoqda.
Daryolar davlat chegaralarini tanlamaydi. Ammo ularning taqdirini davlatlar oʻrtasidagi ishonch belgilaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammitida suv tanqisligi sharoitida mintaqa davlatlari umumiy masʼuliyat asosida harakat qilishi lozimligini taʼkidladi. 2026–2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligi” deb eʼlon qilish tashabbusini ilgari surdi.
Bu tashabbus Qirgʻiz respublikasi bilan ikki tomonlama munosabatlar doirasida transchegaraviy gidrotexnika inshootlaridan birgalikda foydalanish, irrigasiya infratuzilmasini qayta qurish, suv xoʻjaligini raqamlashtirish, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislarni tayyorlash hamda suv resurslarini barqaror boshqarish sohasidagi mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish kabi keng koʻlamli yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Oxirgi oʻn yillikni tahlil qiladigan boʻlsak, ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichi 2017-yildan boshlandi. Eng muhim voqealardan biri 2017-yil 6-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiz Respublikasi Hukumati oʻrtasida Kosonsoy (Oʻrtatoʻqay) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Bitimning imzolanishi boʻldi.
Mazkur hujjat hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qildi va mintaqaning eng yirik transchegaraviy suv omborlaridan birini birgalikda boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini ilk bor belgilab berdi.
Ushbu bitimning imzolanishi ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlashda muhim qadam boʻldi. Suv xoʻjaligi obʼyektlaridan foydalanishning ayrim masalalarini har yili kelishib olishdan suv resurslarini birgalikda boshqarishning uzoq muddatli tizimini shakllantirishga oʻtish imkonini yaratdi.
Kelishuv qoidalarini amalda joriy etish maqsadida Kosonsoy (Oʻrtatoʻqay) suv omboridan foydalanish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston–Qirgʻiz qoʻshma komissiyasi tuzildi. Uning doirasida ikki davlatning tegishli vazirliklari vakillari gidrotexnika inshootlaridan foydalanish, suv omborini toʻldirish va undan suv chiqarish rejimlarini kelishish, taʼmirlash ishlarini oʻtkazish, gidrologik maʼlumotlar almashish hamda obʼyektlarning texnik holatini birgalikda monitoring qilish masalalarini doimiy asosda koʻrib chiqish imkoniyatiga ega boʻldilar.
2021-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasining suv xoʻjaligi va energetika sohalari rahbarlari ishtirokida oʻtkazib kelinayotgan muntazam uch tomonlama uchrashuvlar doirasida vegetatsiya davrida Sirdaryo havzasida suv taʼminotini oshirish maqsadida “Toʻxtagul” suv omboridan qoʻshimcha suv chiqarish hamda kuz-qish davrida Qirgʻiz Respublikasiga elektr energiyasini oʻzaro yetkazib berish masalalari boʻyicha tegishli bayonnomalar va jadvallar tasdiqlanmoqda.
Mazkur kelishuvlar doirasida Qirgʻiz Respublikasi qish mavsumida “Toʻxtagul” suv omborida suvni koʻproq toʻplash imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Oʻzbekiston va Qozogʻiston esa vegetatsiya davrida qoʻshimcha suv resurslari bilan taʼminlanmoqda. Natijada Sirdaryoning oʻrta va quyi oqimida joylashgan sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti yaxshilanib, qishloq xoʻjaligi ekinlarini suv bilan barqaror taʼminlashga erishilmoqda.
Soʻnggi uch tomonlama uchrashuv 2026-yil 20-iyun kuni Bishkek shahrida boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistonning suv xoʻjaligi hamda energetika sohalari rahbarlari ishtirok etib, 2026-yilgi vegetatsiya mavsumida suv chiqarish hajmlari va elektr energiyasini oʻzaro yetkazib berish masalalari boʻyicha navbatdagi Bayonnomani imzoladilar.
Kelishuvlarga asosan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, vegetatsiya davri mobaynida suv berish, taqsimlash daryo va soylardan foydalanish reja-grafiklar asosida olib borilmoqda.
Tomonlar tasdiqlangan grafiklarga qatʼiy rioya qilish, suv taqsimotini doimiy monitoring qilish va vakolatli suv xoʻjaligi tashkilotlari oʻrtasida tezkor muvofiqlashtirishni taʼminlash boʻyicha kelishuvga erishdilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari amaliy natijalarini berayapti. Transchegaraviy suv xoʻjaligi infratuzilmasini rivojlantirish, suv taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va mintaqaviy hamkorlikni yuksaltirish kabi keng qamrovli masalalar hal etilmoqda.
Zokir Ishpulatov,
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi
vazirining birinchi oʻrinbosari – Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori