Oʻzbekistonda xorijiy sayyohlar uchun QQSni qaytarish tizimi yoʻlga qoʻyildi

2026-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida xorijiy fuqarolar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini (Tax Free) qaytarish tizimi joriy etildi.
Yangi tizim sayyohlarga mamlakat hududida xarid qilingan tovarlar uchun QQSni qaytarib olish imkonini beradi. Mablagʻlar naqd pul shaklida yoki bank kartasiga oʻtkazish orqali qaytarilishi mumkin. Naqd pulsiz shakl tanlanganda, mablagʻlar tovar mamlakatdan olib chiqilgandan soʻng 3 ish kuni ichida oʻtkaziladi.
QQSni qaytarish mumkin boʻlgan eng kam xarid summasi 300 000 soʻmni (QQS bilan birga) tashkil etadi. Bunda xorijiy fuqarolarga soliq summasining 85 foizi qaytariladi, qolgan 15 foizi esa “Tax Free” tizimi operatori xizmatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi.
Mazkur tizimning joriy etilishi Oʻzbekistonning xorijiy sayyohlar uchun jozibadorligini yanada oshirishi, chakana savdo hajmini kengaytirishi hamda turizm sohasining izchil rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Kelgusida tizimni bosqichma-bosqich kengaytirish, uni aeroportlardan tashqari temir yoʻl vokzallari va chegara bojxona postlarida ham joriy etish, shuningdek, chakana savdo nuqtalarining kengroq qamrovini taʼminlash koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, jarayonni soddalashtirish maqsadida uni raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun zamonaviy axborot texnologiyalari va mobil yechimlardan keng foydalanish rejalashtirilgan.
“Dunyo” AA