Oʻzbekiston va Gruziya: tarixiy doʻstlikdan strategik hamkorlik sari

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2–3-iyul kunlari davlat tashrifi bilan Gruziyada boʻladi.
Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi munosabatlar koʻp asrlik tarixiy ildizlarga ega boʻlib, bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda izchil rivojlanib bormoqda.
Ikki mamlakatni nafaqat qadimiy savdo yoʻllari, balki oʻzaro hurmat, ishonch va manfaatlarga asoslangan hamkorlik ham bogʻlab turadi. Keyingi yillarda oliy darajadagi tashriflar, savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi va madaniy muloqotlarning faollashuvi ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1994-yil 19-avgust kuni oʻrnatilgan. Shundan buyon ikki tomonlama siyosiy muloqot izchil rivojlanib kelmoqda. 1995-yil sentyabrida oʻzaro munosabatlarning asosiy huquqiy hujjati hisoblangan Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi.
Soʻnggi yillarda davlat va hukumat rahbarlari oʻrtasidagi muntazam uchrashuvlar siyosiy ishonchni yanada mustahkamladi. Ayniqsa, 2022–2025-yillarda ikki mamlakat Prezidentlari darajasidagi muzokaralar, Bosh vazirlarning oʻzaro rasmiy tashriflari, Hukumatlararo komissiyaning yigʻilishlari hamda tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar hamkorlikka yangi surʼat bagʻishladi.
2025-yil 5-mart kuni davlatimiz rahbari mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlararo hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Oliy Majlisda Gruziya parlamenti bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh faoliyat yuritadi. Gruziya vakillari Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Prezident va parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Ikki mamlakat oʻrtasida erkin savdo rejimi amal qiladi. Bu esa tovar ayirboshlash hajmining muttasil oʻsishiga xizmat qilmoqda.
Soʻnggi besh yil ichida tovar ayirboshlash hajmi ikki yarim baravarga oshdi, qoʻshma korxonalar soni va yuk aylanmasi koʻpaydi.
Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, 2025-yil iyun oyida Tbilisi shahrida “Made in Uzbekistan” milliy koʻrgazmasi tashkil etildi. Unda toʻqimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat, mashinasozlik va boshqa sohalardagi yuzdan ortiq yetakchi oʻzbek korxonalari ishtirok etdi.
Ikki mamlakat hamkorligida tranzit va transport-logistika masalalari alohida oʻrin tutadi. Joriy yil iyun oyida Gruziyaning Axalkalaki shahrida yangilangan “Boku–Tbilisi–Kars” temir yoʻli ochilishining rasmiy marosimi oʻtkazildi. Istiqbolda mazkur transport yoʻlagining bunyod etilayotgan “Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston” temir yoʻli bilan uygʻunlashuvi mamlakatlarimizning tranzit salohiyatini yanada oshishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi madaniy munosabatlar ham boy anʼanalarga ega. Mamlakatlar muntazam ravishda kino kunlari, madaniy festivallar, ilmiy va taʼlim sohasidagi tadbirlarni tashkil etib kelmoqda.
Oʻtgan yili Tbilisi shahrida Oʻzbekiston madaniyati va kinosi kunlari, joriy yilda esa Toshkent shahrida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Taniqli gruzin shoir Shota Rustaveli nomiga berilgan poytaxtmizning markaziy koʻchalaridan biri va unda bunyod etilgan haykal ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining mustahkamligidan dalolat beradi.
2025-yilda Tbilisi shahar kengashi qaroriga muvofiq Gruziya poytaxtidagi istirohat bogʻlaridan biri buyuk oʻzbek mutafakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiy nomi bilan ataldi. Bu ikki xalqning bir-birining tarixi va madaniyatiga boʻlgan yuksak hurmatining yorqin ifodasi boʻldi.
Bugungi kunda Toshkent–Tbilisi hamda Toshkent–Batumi yoʻnalishlarida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani sayyohlik va ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekistonda toʻrt mingga yaqin gruzin millati vakillari istiqomat qiladi. 1994-yildan buyon Toshkent shahrida “Megobroba” (“Doʻstlik”) gruzin milliy madaniy markazi faoliyat yuritib kelmoqda.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston va Gruziya xalqlari oʻrtasidagi munosabatlar ildizi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Antik mualliflar Xorazm bilan Kolxida oʻrtasida Amudaryo va Kaspiy dengizi orqali savdo aloqalari mavjud boʻlganini qayd etgan.
Buyuk ipak yoʻli shakllanganidan keyin, ayniqsa VI asrdan boshlab Samarqand, Buxoro va Xorazm orqali Kavkaz hamda Vizantiyaga olib boruvchi muhim savdo yoʻnalishi vujudga keldi. XII asrda yaratilgan Shota Rustavelining mashhur “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” dostonida ham Xorazm tilga olinadi. Bu esa oʻrta asrlardagi Gruziya bilan Markaziy Osiyo oʻrtasida chuqur tarixiy, madaniy va savdo aloqalari mavjud boʻlganidan dalolat beradi.
Keyinchalik ham gruzin millatiga mansub shaxslar Oʻzbekiston hayotida faol ishtirok etgan. Ular orasida tadbirkorlar, meʼmorlar, olimlar, sanʼatkorlar va shifokorlar boʻlgan. Toshkentdagi mashhur “Kolizey” teatrini qurdirgan tadbirkor Georgiy Sinsadze, Oʻzbekiston arxeologiya fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan akademik Eduard Rtveladze kabi shaxslar ikki xalq doʻstligining yorqin timsollari hisoblanadi.
Ayniqsa, akademik Eduard Rtveladzening Oʻzbekiston tarixi va Buyuk ipak yoʻlini oʻrganishga bagʻishlangan yuzlab ilmiy ishlari, Surxondaryodagi qadimgi shahar oʻrnini aniqlashdagi mehnatlari jahon ilm-fanida katta voqea sifatida eʼtirof etilgan.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, bugungi murakkab xalqaro sharoitda Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro ishonch, ochiq muloqot va amaliy hamkorlik asosida izchil rivojlanmoqda. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, faol iqtisodiy va gumanitar aloqalar, boy tarixiy meros oʻzaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shubhasiz, bunday keng koʻlamli aloqalar, turli uchrashuv va muloqotlar kelgusida savdo, transport, investitsiya, turizm, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.
“Dunyo” AA