Yangi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligidagi takomillashtirilgan tizim fermerlar manfaatlariga xizmat qiladi

Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasini isloh qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu oʻzgarishlar nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki fermerlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sohani raqamlashtirish hamda bozor mexanizmlarini keng joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yangi yondashuv natijasida qishloq xoʻjaligi bosqichma-bosqich maʼmuriy boshqaruvdan iqtisodiy erkinlik va raqobat muhitiga oʻtmoqda.
Islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biri — yer munosabatlarini takomillashtirish boʻldi.
Yangi tartibga koʻra, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ajratishda ochiqlik va shaffoflik taʼminlanib, elektron auksion tizimi joriy etildi. Bu fermerlarga yerdan foydalanish huquqini qonuniy va kafolatlangan asosda amalga oshirish imkonini bermoqda. Eng muhimi, yer ijara huquqini asossiz bekor qilishga cheklovlar oʻrnatildi. Endi yer ijara munosabatlari tomonlar kelishuvi yoki sud qarori asosida hal etiladi. Bu esa fermerning kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi.
Fermerlarning faoliyatiga maʼmuriy aralashuvni keskin qisqartirish va mahsulot yetishtiruvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilib, sohada yangi tizim joriy etildi.
Birinchidan, sohani raqamlashtirish orqali qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ajratishda shaffof mexanizm joriy etilib, fermerlarga elektron shaklda auksion orqali yerni erkin sotib olish imkoniyati va ijara huquqini himoya qilish kafolati yaratildi.
Masalan,Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2021-yil 8-iyundagi Farmoni bilan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan faqat zaxirada turgan yerlar hamma uchun ochiq elektron auksion savdolari orqali erkin sotib olish imkoniyati yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-avgustdagi Farmoniga muvofiq, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab yer uchastkalariga boʻlgan huquqning vujudga kelishi uchun asos boʻlgan hujjatlarni, shu jumladan Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning oʻzi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan prokuror protesti asosida bekor qilish yoʻli bilan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tugatish mumkin emasligi belgilandi.
Farmonga muvofiq, fermer xoʻjaliklarining yer ijara shartnomasi uning notarial tasdiqlangan rozilik arizasiga asosan tomonlarning kelishuviga koʻra yoki faqat sud tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Fermerlarning ijara huquqini kafolatlari Kodeks darajasida mustahkamlanib, Yer kodeksining 36-moddasiga koʻra yerdan foydalanuvchining oʻz arizasiga yoki sudning qaroriga asosan ijara huquqi bekor qilinishi tartibi belgilandi.
Ikkinchidan, yangi tizim boʻyicha fermerlar ijaraga olgan yerlariga ekinlarni mustaqil joylashtirish mexanizmi joriy etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustda qabul qilingan farmoniga muvofiq 2026-yil hosilidan boshlab fermer xoʻjaliklari, klasterlar va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlari oʻz yer uchastkalarida ekiladigan ekin turlarini “Agroportal” (“Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platforma) orqali mustaqil ravishda joylashtiradi. Bunda davlat organlari tomonidan ekinlarni toʻgʻridan-toʻgʻri belgilash amaliyoti bekor qilindi va maʼlumotlar raqamli platforma orqali shaffof yuritilishi belgilandi.
Raqamli platformalar orqali ekinlarni joylashtirish amaliyoti inson omilini kamaytirib, qaror qabul qilish jarayonini shaffoflashtirmoqda. Bu esa bozor talabidan kelib chiqqan holda mahsulot yetishtirishga sharoit yaratmoqda.
“Qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqilona joylashtirish tartibi toʻgʻrisida"gi nizom asosida fermer xoʻjaliklari qishloq xoʻjaligi ekinlarini mustaqil joylashtiradi va ekinlarni joylashtirish takliflari “CropAgro” AT orqali inson omilisiz amalga oshiriladi.
Uchinchidan, fermerlarning faoliyati erkinligini taʼminlash boʻyicha yangi tizim joriy etilib, davlat buyurtmalari tizimining qisqartirilishi boʻldi. Yaʼni paxta va gʻalla yetishtirishda erkin bozor tamoyillari bosqichma-bosqich kengayib, fermerlarga xaridorni mustaqil tanlash imkoniyati yaratildi.
Davlat boshqaruvi organlari, shu jumladan barcha darajadagi mahalliy hokimliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshoqli don yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish, moddiy-texnik resurslar bilan taʼminlashga, bugʻdoyni sotish jarayonlariga, shu jumladan shartnomalar tuzishga, xoʻjaliklarni don tayyorlash va qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi maʼlum korxonalarga biriktirish, respublika hududlari oʻrtasidagi ichki tashuvlarga aralashuvi qatʼiyan taqiqlangan.
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga koʻra, bugungi kunda fermerlar birja savdolari orqali shartnoma tuzish, mahsulotni erkin realizatsiya qilish va daromadni mustaqil boshqarish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Mahalliy amaldorlar fermerlarning faoliyatiga aralashsa, ularga tahdid yoki haqorat qilsa, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasiga koʻra, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilandi.
Shu bilan birga fermer xoʻjaliklarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va zarur sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil
6-dekabrdagi 771-sonli qarori bilan 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun bir million soʻmdan subsidiya ajratilishi belgilandi.
Hozirda fermerlarga har bir hududda oʻrtacha 15-20 tachaga faoliyat koʻrsatayotgan klasterlarning istalgani bilan shartnoma tuzish imkoniyati yaratildi. Birgina, Qashqadaryo viloyatida 15 ta paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyat yuritmoqda. Fermer xoʻjaliklari oʻzi istagan klasterlar bilan ixtiyoriy oʻzaro kelishgan xolda birja savdolarida (fyuchers, forvard va spot) shartnoma tuzib faoliyat yuritmoqda.
Toʻrtinchidan, fermerlarning xarajatlarini kamaytirish, yuqori hosil olib daromadini oshirish imkoniyati yaratildi.
Yangi agrotexnologiya yordamida 76-sxema boʻyicha paxta yetishtirish kelgusi yilda ommalashtirilib, 891 ming gektarda toʻliq shu sxema boʻyicha paxta yetishtiriladi. Koʻsak qurti, gerbitsid, shoʻr va suvsizlikka chidamli xorijiy navlar ekiladigan maydonlar 2 karra koʻpaytirilib, 500 ming gektarga olib chiqiladi.
“Shinjon tajribasi” asosida 300 ming gektarga chigit ekiladi. Buning uchun dalalarda tomchilab sugʻorish texnologiyasini joriy etishga 2 trillion 600 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratiladi. Oʻz mablagʻidan paxta yetishtirgan fermerlarga hosilning 10 foizigacha qismini subsidiyalashga 250 milliard soʻm beriladi.
Bunda paxta yetishtirish uchun kredit limitini yarmidan foydalangan fermerlarga ham hosilning 5 foizigacha subsidiya beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktyabrdagi PF-183-sonli Farmoni hamda 2025-yil 14-oktyabrdagi PQ-302-sonli qaroriga muvofiq, endilikda, yangi yondashuv asosida suv hisobini yuritish toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi. “Suv hisobi” axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblanadi va isteʼmolchilarga elektron tarzda maʼlum qilinadi.
Respublika boʻyicha jami 2,8 million gektar maydonda, sugʻoriladigan ekin maydonlarning 66 foizga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi.Lazerli tekislash qishloq xoʻjaligi yerlarida suvning bir xil tarqalishini taʼminladi va ekinlarda oʻsuv davrida 15–20% hosildorlik oshishi kuzatildi. Bu agrotexnologiya fermerlar tomonidan eng samarali innovatsiyalardan biri sifatida baholanmoqda.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish bugun qishloq xoʻjaligining eng muhim vazifalaridan biriga aylandi. Xususan, suv tejaydigan uskunalarning qiymatining 30–40% qismi, sarflangan elektr energiyasi toʻlovlari 100 % davlat tomonidan qoplab berilishi fermerlarning qiziqishini yanada oshirdi.
Beshinchidan, fermerlarga faoliyatini birgalikda yuritish uchun birlashish imkoniyati yaratildi. Yangi qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligi kooperativlari toʻgʻrisida”gi Qonun bilan fermerlarga kooperativlar tashkil etish va birgalikda faoliyat yuritish imkoniyati yaratildi. Hozirda, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligining turli yoʻnalishida
mingdan ortiq qishloq xoʻjaligi kooperativlari faoliyat koʻrsatmoqda.Kooperativlar nafaqat iqtisodiy, balki huquqiy himoya vositasiga ham aylanib bormoqda.
Yangi tartib boʻyicha paxtachilik yoʻnalishida respublikada 92 ta qishloq xoʻjaligi kooperativlari faoliyati tashkil etildi.
Birgina 2025-yilda fermerlar tomonidan tashkil etilgan 72 ta kooperativlar bilan 765 ta fermer xoʻjaliklari oʻrtasida birja savdolari orqali shartnomalar tuzilib, ular tomonidan 96 ming tonna paxta xom-ashyosi toʻgʻridan-toʻgʻri qishloq xoʻjaligi kooperativlarga yetkazib berildi.
Fermerlar va ular tashkil etgan kooperativlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va huquqiy himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Resublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni bilan Oʻzbekiston fermerlari kengashiga fermer, dehqon xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi kooperativlarining manfaatlarini koʻzlab sudga davlat boji toʻlamasdan daʼvo arizalari kiritish hamda fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi kooperativlarining manfaatlarini koʻzlab sud muhokamasining istalgan bosqichida ishtirok etish, shuningdek, daʼvo arizalari bilan bir qatorda apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida shikoyatlar, arizalar taqdim etish huquqi berildi.
Davlat tomonidan fermerlarning huquqiy himoyasini taʼminlovchi bu ijobiy amaliyot dunyoning birorta davlati tajribasida mavjud emas.
Fermerlar kengashi sudlarga fermer manfaatida daʼvo arizalari kiritishda davlat boji toʻlashdan ozod etilganligi munosabati bilan fermerlarning 8,4 mlrd soʻm mablagʻlari ularning oʻzlarida tejab qolindi.
Oltinchidan, yangi tizim boʻyicha fermerlar qishloq xoʻjaligidagi islohotlar boʻyicha siyosiy munozaralarga jalb qilinib, ularning fikr-mulohazalari va tavsiyalarini hisobga olish mexanizmi joriy etildi.
Qishloq xoʻjaligidagi yana bir muhim yangilik — fermerlarning qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirokining kuchayganidir.
Ochiq muloqotlar, jamoatchilik muhokamalari va raqamli platformalar orqali fermerlar oʻz taklif va tashabbuslarini bildirmoqda. Bu esa qonunchilik va sohaviy qarorlarni hayotga yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilda Oʻzbekiston fermerlari kengashi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbariti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan hamkorlik Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Buxoro viloyatlarida fermerlarni qishloq xoʻjaligidagi islohotlar boʻyicha siyosiy munozaralarga jalb qilindi.
Muloqotlarda fermerlardan jami 156 ta takliflar kelib tushdi va yechimi boʻyicha normativ hujjatlar loyihasi ishlab chiqilmoqda. Birgina, “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati” Oʻzbekiston Liberal Demokratik partiyasiga 167 nafar fermer xalq tomonidan deputat sifatida saylanib, qonunchilikni takomillashtirishda faol ishtirok etmoqda.
Fermerlarning, tadbirkorlarning manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari ishlab chiquvchi tomonidan regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston fermerlari kengashi tomonidan https://loyiha.adliya.uz/ portali orqali 2024-yilda 64, 2025-yilda 140 ta, 2026-yilning oʻtgan davrida 53 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi fermerlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yuzasidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi.
Oʻzbekiston fermerlari kengashining ijtimoiy tarmoqlarda “Fermer minbari” (https://t.me/minbarfermer) telegram guruhi va “Fermer minbari” (https://t.me/fermerminbar) telegram kanalida fermerlar bilan ochiq onlayn muloqot tizimi yoʻlga qoʻyildi. “Fermer minbari” (https://t.me/minbarfermer) telegram guruhi orqali birgina 2025-yilda 2 mingdan ortiq, 2026-yilning oʻtgan davrida 200 dan ortiq murojaat, taklif va tavsiyalar kelib tushdi va ijobiy hal etildi.
Yana bir yangilik, Oʻzbekiston fermerlari kengashi fermerlar faoliyatiga koʻmaklashish va qulay shartoit yaratish maqsadida sunʼiy intellekt asosida ishlovchi va fermerlarga tezkor maslahatlar beruvchi “Fermer AI” telegram boti ishlab chiqildi.
Bu orqali sohada raqamli texnologiyalardan foydalanish yangi bosqichga chiqmoqda. Xususan, fermerlarga tezkor maslahat berish, kasalliklarni aniqlash, ekin holatini baholash va agrotexnik qarorlar qabul qilishda sunʼiy intellekt imkoniyatlari kengaymoqda. Bu esa zamonaviy fermer qiyofasini shakllantirmoqda.
Qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar sohani yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Bugungi fermer — yerni boshqaruvchi, bozorni tushunuvchi, texnologiyadan foydalanuvchi va oʻz manfaatini himoya qila oladigan zamonaviy tadbirkordir.
Yangi tizimning bosh maqsadi esa bitta — fermerning daromadi, oziq-ovqat xavfsizligi va mamlakat iqtisodiy barqarorligini taʼminlashdir.
Oʻzbekiston fermerlari kengashi
raisi oʻrinbosari
Zafar Mustafaqulov