Bangkok shahridagi sportchi vatandosh bilan uchrashuv haqida

2026-yil 3-iyun kuni Bosh konsulxonada O‘zbekistonlik muaytay sport turi bokschisi Aslamjon Ortikov bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda Tailandning TC Muay Thai maktabi rahbariyatidan Pattaniya Veychao Chen, va A.Ortikovning bosh murabbiyi Tanyachanit Imsomphot ham qatnashdilar.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad - joriy yilning 26-iyun kuni Bangkok shahridagi “Lumpini” boks stadionida (Lumpinee Boxing Stadium) mazkur sportchimizning rossiyalik dogʻiston millatiga mansub sportchi Asadula Imangazaliyevga qarshi ONE Flyweight Muay Thai Jahon Chempionati jangi oldidan suhbatlashish va ma’naviy qoʻllab-quvvatlovchi tilaklarni olish.
Suhbat chogʻida A.Ortikovning avvaliga Sport Club Shakhriyorda jangovar ta’lim olgani, soʻnggi 4 yil mobaynida Bangkokdagi TC Muay Thai maktabida professional sport faoliyatini davom ettirayotgani, ayni paytda professional faoliyatida mag‘lubiyatsiz seriyasini saqlashi xisobiga rekordi 24-0 sifatida qayd etilgani, ONE Championship doirasida ketma-ket g‘alabalar qozonib, tashkilotning eng istiqbolli yosh jangchilaridan biriga aylangani ma’lum boʻldi.
Shu oʻrinda aytish joizki, mahalliy sport nashrlarida ushbu boʻlajak jang yuqori darajadagi texnik va tomoshabop bahs tazida o‘tishi kutilayotgani ta’kidlanmoqda. Sport ekspertlari bu jangda ikki mag‘lubiyatsiz va yosh yulduz to‘qnash kelishi, buning natijasida kelajakdagi divizion hukmdori aniqlanishi mumkinligi haqida fikr bildirilmoqdalar.
Oʻz navbatida konsullik muassasasi xodimlari suhbatdoshlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida o‘zbekistonlik sportchilarga ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi aytib oʻtildi. Jumladan, respublika boʻylab zamonaviy sport infratuzilmasi bunyod etilgani, xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlari munosib ravishda yirik miqdorda moliyaviy rag‘batlantirilayotganliklari, sportchilar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirishda yaratilgan yengilliklar, sport faoliyatini yakunlagan tajribali atletlarning murabbiylik va jamoat ishlarida bandligini ta’minlash jihatlariga alohida ahamiyat berilayotgani tilga olindi.
Bosh konsulxona tomonidan jangni oʻtkazilishi yuzasidan Tailandda boʻlib turgan vatandoshlarga kerakli ma’lumot yetkazilishi va ulardan stadionga borib, sportchimizni qoʻllab-quvvatlashlari soʻralishi haqida mazkur mehmonlar xabardor qilindi.
Muloqot yakunida sovgʻalar almashildi.