Termiz maydoni – Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi muloqot

Azal-azaldan Markaziy va Janubiy Osiyo savdo, madaniy va siyosiy jarayonlar doirasida bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan. Geografik yaqinlik va qadimiy savdo yoʻllari xalqlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi faol muloqotga, tovarlar va madaniyat almashinuviga, mintaqaning umumiy tarixiy-madaniy qiyofasini shakllantirishga xizmat qilgan. Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach, Janubiy Osiyoga nisbatan oʻz tashqi siyosiy va iqtisodiy strategiyalarini bosqichma-bosqich amalga oshira boshladilar.
Markaziy va Janubiy Osiyoning strategik joylashuvi, tabiiy resurslarga boyligi, demografik salohiyati va tarixiy merosi bilan belgilanadigan ahamiyatidan kelib chiqqan holda, bu mintaqalar ilmiy tadqiqot mavzusi boʻlib qolmoqda. Xususan, mintaqaviy xavfsizlik kompleksi nuqtayi nazaridan olimlar Markaziy va Janubiy Osiyoni ikkita mustaqil va teng huquqli mintaqa sifatida koʻrib chiqadilar. Bunda Afgʻonistonning Janubiy va Markaziy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligi va bosqichma-bosqich yaqinlashuvini taʼminlaydigan mintaqaviy xavfsizlik kompleksining asosiy elementi sifatidagi roli transformatsiya qilinayotganini taʼkidlash lozim.
Taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyoning markazida joylashgan Oʻzbekiston mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Shu oʻrinda, mamlakat mintaqada tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan konstruktiv tashqi siyosiy tashabbuslarni faol ilgari surib, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida koʻprik boʻlishga intilmoqda. Mintaqalar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarga boʻlgan qiziqishni inobatga olgan holda, 2021-yil iyul oyida Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada “Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish va BMT Bosh Assambleyasi muhokamasiga kiritish taklif etildi. Natijada, 2022-yil iyul oyida BMTga aʼzo davlatlar ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishini bir ovozdan maʼqullagani mamlakatimizning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin ifodasi boʻldi.
Qayd etish lozimki, rezolyutsiyada davlatlarga Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikka umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarni birlashtirish, transport infratuzilmasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kengaytirish, shuningdek, dengiz portlariga qulay, barqaror, tijoriy jihatdan foydali, arzon, inklyuziv va xavfsiz yoʻllarni ochadigan yangi xalqaro transport yoʻlaklarini shakllantirish orqali mintaqalar oʻrtasidagi hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish taklif etilgan.
Bu jarayonlarda Termiz ham mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, ham savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan ikki mintaqani bogʻlaydigan oʻziga xos maydonga aylanishi mumkin. Shu oʻrinda tarixan xalqlar va sivilizatsiyalar muloqoti, savdo-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirish markazlaridan biri hisoblangan Termiz shahri koʻp asrlar davomida mintaqada strategik jihatdan muhim oʻrin tutganligini qayd etish joiz. Jumladan, Kushonlar imperiyasi davrida Termiz turli sivilizatsiyalar faol hamkorlik qilgan muhim madaniy markazlaridan biri boʻlgan. Shahar Markaziy va Janubiy Osiyoda keng tarqalgan buddaviylik sanʼati va adabiyotini yetkazuvchi muhim bogʻlovchi nuqta vazifasini bajargan. Bundan tashqari, geografik nuqtayi nazardan Termiz Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlab turuvchi shahar hisoblangan. U Sharq va Gʻarbni bogʻlagan Buyuk Ipak yoʻlining muhim nuqtalaridan biri ham boʻlgan.
Zamonaviy bosqichda shahar “Termiz – Naibobod – Maydanshaxr – Logar – Xarlachi” temir yoʻli, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyalari kabi bir qator transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda boshlangʻich nuqta boʻlib xizmat qilmoqda. Umuman olganda, Termiz maydonining ahamiyati quyidagilar bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash kesimida Termiz shahri har doim markaziy oʻrinni egallab kelgan. 11/09/2001 voqealaridan soʻng bu yerda 2002-yildan 2015-yilgacha faoliyat yuritgan va Afgʻonistondagi Xalqaro xavfsizlik kuchlari uchun gumanitar yuklar logistikasini taʼminlagan “Termiz strategik havo-transport punkti” joylashtirildi. Bu tajriba shaharning harbiy beqarorlik sharoitida xavfsiz kesishish va taʼminot punkti sifatidagi ahamiyatini yanada kuchaytirdi.
Bundan tashqari, Termiz Oʻzbekistonning xalqaro hamkorlar bilan terrorizm, noqonuniy giyohvand moddalar savdosi va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha qoʻshma tashabbuslari doirasida faol foydalanilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston va Afgʻonistonni bogʻlovchi “Doʻstlik koʻprigi” nafaqat odamlar va yuklar harakatini nazorat qilishni taʼminlashda, balki mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan Afgʻonistondan kelayotgan giyohvand moddalarning (shu jumladan, sintetik narkotiklar) noqonuniy aylanishini oldini olishda ham muhim rol oʻynaydi (masalan, Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” chegara bojxona posti xodimlari joriy yilning mart oyida umumiy ogʻirligi 70 kg va joriy yilning may oyida 600 kg boʻlgan giyohvandlik vositalarini noqonuniy olib kirishga urinishning oldini olishgan).
Bir vaqtning oʻzida, Termiz chegara masalalarini konstruktiv hal etish maydoni ham hisoblanadi. Xususan, 2024-yil 22-28-avgust kunlari Termiz shahrida Oʻzbekiston-Tojikiston qoʻshma demarkatsiya komissiyasi ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida Oʻzbekiston-Tojikiston davlat chegarasining loyiha demarkatsiya chizigʻidan oʻtishini kelishish boʻyicha qoʻshma ishlar davom ettirildi, uning yakunlari boʻyicha tegishli bayonnoma imzolandi.
Ikkinchidan, Termiz shahrining Markaziy va Janubiy Osiyoda uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashning moddiy asosi sifatidagi savdo-iqtisodiy va logistika ahamiyati uning strategik joylashuvi va zamonaviy logistika infratuzilmasi bilan belgilanadi.
Jumladan, 2022-yilda “Termiz kargo markazi” terminali Afgʻoniston va Janubiy Osiyo mamlakatlariga yuk oqimlariga xizmat koʻrsatuvchi xalqaro koʻp funksiyali logistika xabi maqomini oldi. Bu oʻz navbatida, uning xalqaro gumanitar infratuzilmadagi mavqeini oshirdi (2025-yildan boshlab u BMT Qochqinlar boʻyicha oliy komissari boshqarmasining Global taʼminot tarmogʻiga integratsiya qilindi) va gumanitar yordam yetkazib berish geografiyasining kengayishiga hissa qoʻshdi (2022-yilda Termizdan Pokistondagi suv toshqinidan jabrlanganlarga gumanitar yordam havo yoʻllari orqali yetkazilgan, 2023-yilda BMT QBOKning Termizdagi mintaqaviy gumanitar logistika markazi Afgʻonistonga 48 mingdan ortiq koʻrpa yuklangan 12 ta yuk mashinasini joʻnatdi). Taʼkidlash joizki, Termiz infratuzilmasi xalqaro tashkilotlar tomonidan Janubiy Osiyoga oziq-ovqat va dori-darmonlarni yetkazib berish uchun faol jalb etilmoqda, bu esa ijtimoiy keskinlikni kamaytirish va gumanitar inqirozlar tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mojarolar kuchayishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, 2024-yil avgust oyida qulay ishbilarmonlik va logistika muhitini yaratish, maʼmuriy jarayonlarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga moʻljallangan “Termiz” xalqaro savdo markazining ochilishi, bir tomondan, shaharning iqtisodiy jozibadorligini oshirsa, ikkinchi tomondan, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning oʻsishini ragʻbatlantiradi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, 3 mingta savdo nuqtalari joylashgan ushbu Markaz hududida (Afgʻoniston bilan chegaradan 500 metr uzoqlikda joylashga va 37 gektar maydonda joylashgan) tashrif buyuruvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan.
Bu yoʻnalishda Termiz ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar uchun maqbul maydon ham hisoblanadi. Xususan, 2024-yilning mart va aprel oylarida Afgʻoniston savdo vaziri N.Aziziy boshchiligidagi afgʻon delegatsiyasi vakillari va Balx viloyati ishbilarmon doiralari Termiz shahriga tashrif buyurib, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat va togʻ-kon sanoati kabi sohalarda kooperatsiyani kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston tomoni bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchinchidan, Termiz shahrining madaniy-gumanitar salohiyati ham muhim ahamiyat kasb etadi. 2018-yilda Oʻzbekistonning tashabbusi bilan Afgʻoniston fuqarolari uchun taʼlim markazi tashkil etildi. Mazkur taʼlim muassasasi 17 ta oliy taʼlim yoʻnalishi hamda 16 ta oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha faqat afgʻonistonliklarga taʼlim beradigan dunyodagi yagona taʼlim muassasasi hisoblanadi. Uning faoliyati davomida Afgʻonistonning 700 ga yaqin fuqarosi oʻqitilib, ulardan 200 dan ortigʻini qizlar tashkil etadi.
Muassasa BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Slovakiya, Hindiston kabi donor mamlakatlar va xorijiy tashkilotlar bilan xalqaro aloqalar va hamkorlikni faol qoʻllab-quvvatlaydi. Jumladan, 2023-yil yanvar oyida ushbu taʼlim muassasasi negizida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish va tayyorlash uchun “YEI bilim markazi” ochildi (bu hamkorlikda ishlash, oʻz-oʻzini oʻqitish va kasbiy aloqalarni oʻrnatish uchun platforma taqdim etuvchi kovorking maydoni hisoblanadi). Umuman olganda, Termiz shahrida Afgʻoniston uchun taʼlim markazining tashkil etilishi ushbu mamlakat fuqarolari uchun sifatli taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, kasbiy tayyorgarlik uchun taʼlim muhiti va texnologiyalarni taʼminlash imkonini beradi.
Umuman olganda, barqaror iqtisodiy oʻsish va yangi rivojlanish imkoniyatlariga ega boʻlgan, jadal rivojlanayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi oʻzining boy resurslari, iqtisodiy jihatdan bir-birini toʻldirishi, demografik salohiyati, umumiy vazifalari va geografik yaqinligi bilan katta salohiyatga ega. Bu borada Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar ikki mintaqani yagona hamkorlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish makoni doirasida birlashtirishga qaratilgan.
Ushbu jarayonlarda “Termiz maydoni” nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha konstruktiv mexanizm, balki mintaqalar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini rivojlantirishda qoʻshimcha vosita boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, xavfsizlik masalalari, jumladan, terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashish, shuningdek, transport, turizm va taʼlim sohalaridagi munosabatlarni rivojlantirish har ikki mintaqa uchun hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishi hisoblanadi.
Gulamov Asliddin Gapparovich,
Oʻzbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi ilmiy xodimi