4–6-iyun kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Termiz muloqotining ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi

2026-yil 4–6-iyun kunlari Toshkent shahrida “Tinchlik, oʻzaro bogʻliqlik, barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Termiz muloqotining ikkinchi yigʻilishi oʻtkaziladi.
Termiz muloqoti 2025-yilda doimiy faoliyat yurituvchi xalqaro platforma sifatida taʼsis etilgan boʻlib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash tashabbusini amaliy jihatdan ilgari surishga koʻmaklashishga qaratilgan. Ushbu tashabbus xalqaro miqyosda keng qoʻllab-quvvatlandi va BMT Bosh Assambleyasining 2022-yil 11-iyuldagi maxsus rezolyutsiyasi bilan mustahkamlandi.
Bu galgi yigʻilish Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash (OHICHK) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Janubiy Kavkaz, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Amerikadan 150 dan ortiq siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etishi Termiz muloqotining Yevroosiyo makonida oʻzaro bogʻliqlik, ishonch va barqaror rivojlanishni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma yondashuvlarni ishlab chiqish uchun keng xalqaro platforma sifatidagi inklyuziv va ochiq xususiyatini tasdiqlaydi.
Muloqot hamkorlari va ishtirokchilari orasida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi, BMTning Afgʻonistonga koʻmaklashish missiyasi, yetakchi “aql markazlari”, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tinchlikparvar tuzilmalar, Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti, Progressiv islohotlar markazi, Konrad Adenauyer, Berghof jamgʻarmalari, PeaceNexus, Search for Common Ground, Jorjtaun universitetlari va boshqa tashkilotlar bor.
Forum dasturida “Siyosiy muloqot va iqtisodiy bogʻliqlik – OHICHK mintaqasida barqaror rivojlanish asosi” mavzusida yuqori darajadagi yalpi majlis, iqlim oʻzgarishiga birgalikda moslashish va ekologik barqarorlik, madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga bagʻishlangan ikkita maxsus tematik sessiya oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Tadbir doirasida mintaqaviy xavfsizlik, Afgʻoniston bilan hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Afgʻoniston–Oʻzbekiston–Pokiston yoʻnalishida muloqotni rivojlantirish, transport-logistika bogʻliqligini mustahkamlash, mintaqaviy ishonchni shakllantirish va barqaror rivojlanishning umumiy kun tartibiga bagʻishlangan ekspert va akademik muhokamalar, qoʻshimcha tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Markaziy Osiyoning mintaqaviy oʻziga xosligi masalalariga, shuningdek, tinchlikparvarlik va barqaror rivojlanish sohasida yoshlar hamkorligini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Forum dasturida sayyor sessiyalarni oʻtkazish ham koʻzda tutilgan. Muloqot ishtirokchilari Termiz shahriga tashrif buyurib, Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va logistika sohasidagi hamkorlikning zamonaviy infratuzilmasi, jumladan, “Ayritom” xalqaro savdo markazi va “Termiz Cargo Center” xalqaro logistika xabi faoliyati bilan tanishishi, qadimiy shaharning boy madaniy-tarixiy merosini yaqindan koʻrishi mumkin.
Muloqotning uchinchi kuni Samarqandda boʻlib oʻtadi. Unda delegatlar tarixan Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasida koʻprik boʻlib xizmat qilgan Samarqand Renessansining noyob sivilizatsiyaviy merosi bilan tanishadi.
Yigʻilish yakunida Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida ishonchni mustahkamlash, konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish va barqaror oʻzaro bogʻliqlikni ilgari surishga qaratilgan Kommyunike qabul qilinishi rejalashtirilgan.
“Dunyo” AA