Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatga puxta oʻylangan integratsiya falsafasini taklif etmoqda

Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akramjon Neʼmatov 4-6-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Termiz muloqotining ikkinchi yigʻilishi arafasida “Dunyo” AA savollariga javob berdi.
- Akramjon Ilhomovich, yaqin kunlarda Termiz muloqoti doirasidagi ikkinchi yigʻilishga start beriladi. Ushbu forumning kun tartibi qanday va unda qaysi masalalar ustuvor hisoblanadi? Aksariyat kuzatuvchilar bu jarayonda, avvalo, iqtisodiyotni — temiryoʻllar, energetika infratuzilmasi, tranzit savdosini koʻrmoqda. Oʻzaro bogʻliqlikning asosiy mohiyati shundan iboratmi?
- Shubhasiz, iqtisodiyot – asosiy tarkibiy qismlardan biridir. Iqtisodiy hamkorlik – bu davlatlarni bogʻlaydigan real manfaatlar, oʻzaro foyda, xalqlarimiz farovonligi va yuksalishining poydevoridir. Albatta, transregional oʻzaro bogʻliqlik haqida soʻz yuritganimizda, logistika, savdo, transport yoʻlaklari, energetika va infratuzilma bu jarayonning eng muhim asosini tashkil etadi.
Biroq oʻzaro bogʻliqlikning oʻzi faqatgina iqtisodiy hamkorlik bilan oʻlchanmaydi. Kun tartibimiz ancha keng, maqsadlarimiz esa bundanda yuksakdir. Gap butun ulkan Yevroosiyo hududida yagona ishonch, barqaror taraqqiyot va ajralmas xavfsizlik makonini yaratish haqida bormoqda.
Shu sababli ham Termiz muloqotining kun tartibi juda keng, ishtirokchilari tarkibi esa inklyuziv xususiyatga ega. Bu yilgi uchrashuvimiz Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash (OHICHK) bilan sheriklikda tashkil etilmoqda. Bu bejiz emas, albatta, zero OHICHKning asosiy vazifasi Osiyoda ishonch choralarini mustahkamlashdan iborat. Muloqotda, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi hamda BMTning Afgʻonistonga yordam koʻrsatish missiyasi ham faol qatnashmoqda. Garchi diqqat markazida geografik jihatdan Markaziy va Janubiy Osiyo turgan boʻlsada, Yevroosiyo makonining barcha mamlakatlari, qolaversa undan tashqaridagi davlatlar ham muloqotimizning toʻlaqonli ishtirokchilari va manfaatdor tomonlari hisoblanadi. Buni Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qatar, Xitoy, Rossiya, Turkiya, AQSH, Shveysariya va boshqa davlatlardan tashrif buyurayotgan delegatsiyalar tarkibi yaqqol tasdiqlaydi.
Bu yerda shuni alohida taʼkidlash joizki, Termiz muloqotining oʻzi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashga qaratilgan global tashabbusining amaliy ifodasidir. Mazkur strategik gʻoya xalqaro hamjamiyat tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi hamda 2022-yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasida rasman mustahkamlab qoʻyildi. Ushbu rezolyutsiya transregional yaqinlashuv uchun uzoq muddatli xalqaro-huquqiy asos yaratib, uni barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biri sifatida eʼtirof etdi. Umuman olganda, mazkur qadam davlatimiz rahbarining oʻzaro manfaatdorlik, samimiy yaxshi qoʻshnichilik va preventiv tinchlikparvarlik tamoyillariga asoslangan davlatlararo munosabatlarni izchil shakllantirishga qaratilgan chuqur strategik yondashuvini yaqqol namoyon etadi.
Muloqotning hammualliflari orasida nufuzli tinchlikparvar tashkilotlar, siyosiy jamgʻarmalar va yetakchi akademik doiralar ham bor. Ulardan bir nechtasini sanab oʻtaman — bular Konrad Adenauer jamgʻarmasi, Bergxof jamgʻarmasi (GFR), PisNeksus (Shveysariya), “Search for Common Ground” (AQSH) hamda nufuzli Jorjtaun universitetidir. Bizning umumiy vazifamiz keng qamrovli va ochiq muloqot uchun haqiqatan ham inklyuziv koʻp tomonlama platforma yaratishdan iborat.
- Boʻlajak muloqot dasturi qanday? U faqat rasmiy yalpi majlislar bilan cheklanadimi?
- Muloqotimiz keng koʻlamli uch kunlik forum boʻlib, uning dasturi anʼanaviy yalpi majlislar doirasidan ancha keng. Biz chuqur nazariy munozarani amaliy natijalar bilan uygʻunlashtirishga intilamiz.
Asosiy sessiyalardan tashqari, dastur doirasida bir qator muhim qoʻshimcha tadbirlar rejalashtirilgan.
Xususan, tadbir doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻoniston oʻrtasidagi hamkorlik, Afgʻoniston - Oʻzbekiston - Pokiston yoʻnalishida muloqotni yoʻlga qoʻyish, Markaziy Osiyoda mintaqaviy oʻziga xoslik masalalari, shuningdek, tinchlikparvarlik va barqaror rivojlanish mavzusida yoshlar oʻrtasidagi muloqotni rivojlantirishga bagʻishlangan qator ekspert va akademik munozaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu muhokamalarning asosiy maqsadi konstruktiv hamkorlik kun tartibini ilgari surish, oʻzaro anglashuvni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli mexanizmlarini shakllantirish uchun ekspert-tahliliy va intellektual salohiyatni ishga solishdan iborat.
Bundan tashqari, dasturda sayyor sessiyalar ham koʻzda tutilgan. Muloqot ishtirokchilari Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va logistika sohasidagi hamkorlikning zamonaviy infratuzilmasi, jumladan, “Ayritom” xalqaro savdo markazi va “Termez Cargo Center” xalqaro logistika xabi faoliyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, ushbu qadimiy shaharning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishish maqsadida Termizga tashrif buyurishlari rejalashtirilgan. Muloqotning uchinchi kuni Samarqandda boʻlib oʻtadi, unda delegatlar tarixan Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasida koʻprik boʻlib xizmat qilgan Samarqand Renessansining noyob sivilizatsiyaviy merosi bilan tanishadilar.
- Iqtisodiy oʻsish barqarorlik va xavfsizlik bilan qanday bogʻliq? Bu faqat biznes hisob-kitobimi yoki iqtisodiy loyihalar ortida kattaroq narsa bormi?
— Ha, albatta, buning zamirida bundanda ulkanroq maqsadlar yotibdi. Gap uzoq muddatli, strategik umumiy manfaatlarni shakllantirish haqida ketmoqda. Yirik transchegaraviy loyihalar mintaqalarni mustahkam birlashtirishga, ularning oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Mamlakatlar iqtisodiy jihatdan birgalikdagi bunyodkorlik faoliyatiga bogʻlanganida, ziddiyatga borish barcha tomonlar uchun manfaatsiz boʻlib qoladi.
Bundan tashqari, aynan barqaror iqtisodiy oʻsish anʼanaviy ravishda radikalizm va beqarorlikning asosiy yoqilgʻisi boʻlgan qashshoqlik, ishsizlik, aholining marginallashuvi kabi vayronkor hodisalarning ijtimoiy asosini bartaraf etadi. Iqtisodiy taraqqiyot — bu chaqiriqlarning oqibatlari bilan emas, balki ularning tub sabablari bilan kurashishdir.
Masalan, Transafgʻon temir yoʻl koridori (Termiz–Mozori-Sharif–Qobul–Naybobod–Xarlochi) qurilishi loyihasini olaylik. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu Hind okeani portlariga eng qisqa chiqish yoʻli boʻlib, logistika xarajatlarini 30-40 foizga kamaytiradi. Pokiston va Janubiy Osiyo uchun bu mintaqamiz resurslari va bozorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri kirishdir. U iqtisodiyotning turdosh tarmoqlarini rivojlantirish uchun kuchli turtki boʻlib, yangi ish oʻrinlari, byudjet daromadlari va jadal texnologik rivojlanish yoʻliga kirish imkonini beradi. Biroq eng asosiysi – bu yoʻlak Afgʻonistonni tinch va bunyodkor taraqqiyot jarayonlariga integratsiya qiladi. Shu tariqa, Transafgʻon magistrali shunchaki tijoriy yoki muhandislik loyihasi emas, balki afgʻon zaminida tinchlik oʻrnatish uchun uzoq muddatli iqtisodiy ragʻbatlar yaratadigan yuksak samarali tinchlikparvar vositadir. CASA-1000 yoki TAPI gaz quvuri kabi boshqa yirik transchegaraviy loyihalar ham ayni shu tamoyil asosida ishlaydi. Ularning asosiy qiymati shundaki, ular mintaqada uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni saqlashda barcha tomonlarning ajralmas umumiy manfaatlarini shakllantiradi.
- Umumiy ekotizim va iqlim oʻzgarishi muammolari kun tartibida qanday rol oʻynaydi? Zero, Markaziy va Janubiy Osiyo ekologik muammolar tufayli ulkan bosim ostida qolmoqda.
– Bu eng muhim va eng nozik masalalardan biridir. Aynan tabiat va umumiy ekologik tizimimiz mintaqalar oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik hamda mavjud tahdidlarga jamoaviy javob berish zaruratini yaqqol namoyon etadi. Iqlim oʻzgarishlari suv, oziq-ovqat va energetik xavfsizlik, transport hamda insonlar hayot faoliyati bir-biri bilan naqadar chambarchas bogʻlanganini koʻrsatmoqda. Pomir va Tyan-Shan muzliklarining erishi Markaziy hamda Janubiy Osiyoda suv taʼminoti va qishloq xoʻjaligiga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Qurgʻoqchilik va keskin ob-havo hodisalari barchamiz uchun umumiy sinovdir. Shu bois, bunday tahdidlarga faqat birgalikdagi saʼy-harakatlar orqali samarali javob qaytarish mumkin. Zero, ular yuz millionlab insonlarning hayotiy manfaatlari va barqaror taraqqiyot istiqbollariga bevosita daxldordir.
Shu bois muloqot kun tartibidan birgalikda moslashish va ekologik barqarorlikni taʼminlash masalalari oʻrin olgan. Ishonchimiz komilki, samarali yechimlar milliy chora-tadbirlar bilan yakkalanib qolishi mumkin emas, ular transchegaraviy xususiyatga ega boʻlishi kerak. Biz bu borada faol ish olib bormoqdamiz. Xususan, afgʻonistonlik hamkorlarimiz Oʻzbekiston va umuman Markaziy Osiyo tomonidan tashkil etilayotgan suv muloqotining doimiy ishtirokchilari hisoblanadi. Afgʻoniston delegatsiyalari “Toshkent suv haftaligi”da, suv diplomatiyasiga oid anjumanlarda va boshqa mintaqaviy ekologik forumlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Suv resurslarini birgalikda boshqarish borasida oʻzaro maqbul va adolatli yechimlarni doimiy izlash ishlari davom etyapti, zero, tabiat siyosiy chegaralarni tan olmaydi. Bugun biz potensial ziddiyat manbai boʻlishi mumkin boʻlgan masalalarda ham, toʻgʻri yondashuv bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun zamin yaratilayotganini koʻrib turibmiz. Ekologik tahdidlarning umumiyligini anglab yetish birgalikdagi bunyodkorlik faoliyatimizning qudratli harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.
- Ushbu keng koʻlamli transmintaqaviy tuzilmada madaniyat va gumanitar oʻlchov qanday oʻrin tutadi? Ular qanchalik muhim?
— Men shunday javob bergan boʻlardim: bu bizning asosiy, fundamental yoʻnalishimizdir. Biz suhbatimizni iqtisodiyot, infratuzilma va iqlimdan boshlagan boʻlsakda, madaniy-gumanitar oʻzaro bogʻliqlikni birinchi oʻringa qoʻyish kerakligiga ishonaman. Iqtisodiyot va logistika - bu skelet, ammo madaniyat va umumiy tarixiy xotira - bu integratsiyamizning ruhi va yuragi.
Mamlakatlarimiz mushtarak madaniy-tarixiy va sivilizatsion rivojlanish makoniga ega ekanini anglash muhim. Biz ishonch koʻpriklarini shunchaki qurmayapmiz, bu poydevor asrlar davomida shakllanib kelgan. Termiz muloqoti ming yillar davomida Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida sivilizatsiyalararo almashinuv darvozasi boʻlib xizmat qilgan qadimiy Termiz shahri sharafiga nomlangan.
Bu zaminda buyuk imperiyalarning taqdirlari va davlatchilik anʼanalari oʻzaro chambarchas tutashgan. Sugʻdiyona, qadimgi Baqtriya va Ahamoniylar davlatidan boshlangan ushbu tarixiy jarayon Sharq va ellin madaniyatining noyob uygʻunligi shakllangan Yunon-Baqtriya podsholigi davrida yangi bosqichga koʻtarildi. Keyinchalik Kushon imperiyasi dunyoga ilk bor keng qamrovli mintaqalararo integratsiya namunasini taqdim etdi va Termizni Buyuk ipak yoʻlining muhim tugunlaridan biriga aylantirdi. Oʻrta asrlarda Turk xoqonliklari transevrosiyo savdo yoʻllari xavfsizligining ishonchli kafolati boʻlib xizmat qilgan boʻlsa, Gʻaznaviylar sulolasi Movarounnahrning yuksak madaniyatini Hindiston tekisliklari bilan bogʻlagan qudratli davlatchilik koʻprigini yaratdi. Nihoyat, Temuriylar davri hamda Bobur asos solgan Boburiylar imperiyasi ushbu sivilizatsion uygʻunlikning eng yuksak choʻqqisiga aylandi. Samarqand va Buxoroning betakror meʼmoriy anʼanalari Dehli, Agra va Lohurdagi ulugʻvor meʼmoriy majmualarda oʻz aksini topdi. Eski oʻzbek, fors va sanskrit tillari tutashuvida esa yagona madaniy qatlam shakllanib, uning musiqiy va sheʼriy anʼanalari bugungi kunda ham xalqlarimizning maʼnaviy xotirasida yashab kelmoqda.
Ushbu makrohudud asrlar davomida jahon dinlarining muqaddas chorrahasi sifatida rivojlangan. Baqtriya zardushtiylik beshigi boʻlgan. Bu yerdan Afgʻoniston orqali shimol va sharqqa buddaviylik tarqalgan — Termizdagi Fayoztepa va Qoratepa budda monastirlari hozirgacha ushbu maʼnaviy koʻprik xotirasini saqlab kelmoqda. Bu yerda nestorianlik yoʻnalishidagi xristianlik, inson va tabiat uygʻunligining teran ekologik falsafasiga ega boʻlgan tangrichilik hamda, albatta, diniy bagʻrikenglikning ulugʻ merosini oʻziga singdirib, Sharq Renessansi hodisasini yuzaga keltirgan islom dini tinch-totuv yashab kelgan.
Bularning barchasi mutlaqo noyob va hayotiy madaniy muhitni shakllantirdi. Bu meros yoʻqolib ketgani yoʻq, aksincha, u bugungi kunda ham kundalik faoliyatimizda, tafakkurimizda va anʼanalarimizda yashab kelmoqda. Biroq bunday meros oʻz-oʻzidan saqlanib qolmaydi — uni doimiy ravishda qayta tiklab, mazmunan boyitib borish zarur. Tarix — bu uzluksiz davom etadigan xotira va tafakkur jarayonidir. Bizning eng muhim vazifamiz esa ana shu buyuk tarixiy haqiqatni faol jamoatchilik ongiga qaytarishdan iborat. Men chuqur ishonamanki, mana shu mushtaraklikni anglash xalqlarimizning tinchlik va barqarorlikni asrash borasidagi oʻzaro masʼuliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
- Lekin nega bugun bu meros unutilgandek tuyuladi?
- Afsuski, soʻnggi bir yarim asr davomida bu tarixiy xotira ongli ravishda ongimizdan oʻchirib tashlandi. Bizga sunʼiy ravishda “Katta oʻyin”ning destruktiv mustamlakachilik stereotipi tiqishtirildi, mintaqalarimiz abadiy tarqoqlik, tashqi kuchlarning geosiyosiy raqobati va cheksiz mojarolarga mahkum ekanligi haqidagi yolgʻon afsona singdirildi. Biz hamon koʻp jihatdan ana shu zararli stereotip taʼsirida yashab kelmoqdamiz, Afgʻonistonni faqat tahdid nuqtayi nazaridan, Janubiy Osiyoni esa uzoq, begona va xavfli deb qabul qilmoqdamiz.
Biroq biz nursiz vayronalar ustida turganimiz yoʻq. Umumiy tariximiz barhayot. Ushbu tarixiy xotirani jonlantirish, chuqur ekspertlar muhokamasini yoʻlga qoʻyish, mushtarak sivilizatsiyaviy buyukligimizni odamlar ongiga qaytarish – bugungi avlodlar va siyosiy elitalar zimmasiga yuklatilgan ulkan tarixiy masʼuliyatdir. Termiz muloqotining asosiy, ekzistensial maqsadlaridan biri ham aynan shunda.
Toshkent, Dehli, Islomobod yoki Kobuldagi fuqarolar, ziyolilar va yetakchilar bir-birlarini shunchaki biznes hamkorlari emas, balki yagona madaniy kodning merosxoʻrlari sifatida aniq koʻra boshlaganlarida, mutlaqo boshqacha darajadagi ishonch paydo boʻladi. Umumiy merosga daxldorlik tuygʻusi tashqi oʻyinchilarning vaziyatni tashqaridan silkitish va mintaqaviy ziddiyatlardan foydalanishga boʻlgan har qanday urinishlariga qarshi eng ishonchli ichki qalqon boʻladi. Taqdirimizning boʻlinmasligini anglash xalqlarni muqobilsiz bunyodkor kun tartibini tanlashga va urushlardan butunlay voz kechishga majbur qiladi.
Termiz muloqotining Toshkent bosqichi arafasida Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatga tubdan boshqacha, chuqur anglangan integratsiya falsafasini taklif etayotgani ayon boʻlmoqda. Bu shunchaki temiryoʻllar qurish yoki elektr uzatish tarmoqlarini tortishga qaratilgan texnokratik yondashuv emas. Bu — jismoniy infratuzilma umumiy tarixning mustahkam va koʻrinmas rishtalarining moddiy ifodasi, degan taʼlimotdir. Ana shu fundamental masʼuliyat va daxldorlik tuygʻusi shakllansa, savdo tranzitlari, investitsiyalar va iqlim loyihalari ham tabiiy va uzluksiz ishlay boshlaydi, chunki iqtisodiyot oʻzaro sivilizatsion tortishuvning mantiqiy davomiga aylanadi. Termiz muloqoti Osiyo xalqlariga oʻz tarixini qaytarib, bu muqaddas zaminda tinchlik va barqarorlikni saqlash nima uchun muhim ekanini hamda qanday buyuk kelajak yoʻlida buning zarurligini yodga soladi.
“Dunyo” AA