Oʻzbekiston va YEOII: global iqtisodiy oʻzgarishlar sharoitida amaliy hamkorlikni kengaytirish

May oyi oxirida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida boʻlib oʻtadigan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ning navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning keyingi yillarda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tadbirlarida ishtiroki mamlakat tashqi iqtisodiy strategiyasining muhim elementiga aylandi. U amaliy hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy oʻzaro hamkorlikning barqaror mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan. Jahon iqtisodiyoti transformatsiyasi, logistika yoʻnalishlarining murakkablashuvi va investitsiya resurslari uchun raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda Yevroosiyo yoʻnalishi Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti 2025-yildagi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yigʻilishida taʼkidlaganidek, “Global bozorlar parchalanishi kuchayib, logistika zanjirlari murakkablashayotgan va investitsiya resurslarini taqsimlashda ustuvorliklar oʻzgarayotgan bugungi sharoitda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bilan pragmatik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish biz uchun prinsipial ahamiyat kasb etadi”. Bu pozitsiya Oʻzbekistonning Yevroosiyo makonida barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy aloqalarni shakllantirishga intilishini aks ettiradi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi postsovet makonidagi eng yirik integratsion birlashmalardan biri hisoblanadi. U Bojxona ittifoqi va Yagona iqtisodiy makon negizida shakllangan. Ittifoq 2015-yil 1-yanvardan boshlab faoliyat yurita boshladi. Tashkilot toʻgʻrisidagi shartnoma Belarus, Qozogʻiston va Rossiya tomonidan imzolangan boʻlib, keyinchalik Armaniston va Qirgʻiziston ham unga qoʻshildi.
Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligining zamonaviy bosqichi 2019-yildan boshlanadi. Shu yili respublika Ittifoq bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini kompleks tarzda oʻrganishga kirishdi. 2020-yil 11-dekabrda Oʻzbekiston rasman YEOII huzurida kuzatuvchi davlat maqomini oldi. Bu mamlakatga Ittifoq organlari yigʻilishlarida ishtirok etish, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan tizimli muloqot oʻrnatish va integratsion birlashmaning amaliy mexanizmlarini oʻrganish imkonini berdi.
Shu davrdan eʼtiboran, Oʻzbekistonning EOII bilan hamkorligi barqaror, tizimli va amaliy yoʻnalish kasb etdi. Ittifoq bilan hamkorlik boʻyicha idoralararo ishchi guruh tashkil etildi, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan doimiy maslahatlashuv mexanizmi yoʻlga qoʻyildi, Oʻzbekiston Hukumati va YEIK oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Keyinchalik tomonlar savdo, sanoat, transport, moliya sohasi va raqamli texnologiyalarni qamrab olgan qoʻshma uch yillik hamkorlik rejalarini amalga oshirishga oʻtdi.
Oʻzbekistonning YEOII tadbirlaridagi yuqori darajadagi ishtiroki ham faollashdi. 2021-yildan boshlab Oʻzbekiston Prezidenti muntazam ravishda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yigʻilishlarida, hukumat vakillari esa Yevroosiyo hukumatlararo kengashi ishlarida ishtirok etmoqda. Bu hamkorlikning izchil rivojlanayotganini va tomonlarning amaliy oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini koʻrsatadi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning YEOII davlatlari bilan hamkorligi barqaror ijobiy dinamikani namoyon qildi. Yevroosiyo makoni respublika tashqi savdosining eng muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning YEOII davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 20 milliard AQSH dollaridan oshdi, Ittifoq davlatlarining respublika tashqi savdosidagi ulushi esa mamlakat umumiy tashqi savdo aylanmasining qariyb chorak qismini tashkil qildi.
Oʻzbekiston YEOIIning qator tarmoq tashabbuslari va loyihalarida ham ishtirok etmoqda. Ular qatoriga elektron tijoratni rivojlantirish, yuk temiryoʻl tashuvlarini raqamlashtirish, “Yevroosiyo agroekspressi” loyihasini amalga oshirish, iqlim kun tartibi boʻyicha hamkorlik kiradi. Ushbu yoʻnalishlar logistika xarajatlarini kamaytirish, transchegaraviy savdoni soddalashtirish va Yevroosiyo makonidagi transport yoʻlaklari oʻzaro bogʻliqligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Hozirgi bosqichda Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi savdo-iqtisodiy sohadan tashqari raqamli transformatsiya, texnologik hamkorlik va qoʻshma infratuzilmani rivojlantirishni ham qamrab olgan holda sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Asosiy ustuvor vazifalardan biri mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va iqtisodiy hamkorlikning yanada samarali mexanizmlarini yaratishdan iborat.
Hozirgi hamkorlik bosqichining muhim tarkibiy qismi raqamli integratsiyani rivojlantirish ham hisoblanadi. Oʻzbekiston raqamli platformalarni oʻzaro uygʻunlashtirish, elektron tijoratni kengaytirish va maʼlumot almashishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishdan manfaatdor. Bunday yondashuv tashqi savdo samaradorligini oshirish vazifalariga ham, Yevroosiyo makonida zamonaviy va oʻzaro bogʻlangan iqtisodiy infratuzilmani shakllantirish maqsadlariga ham javob beradi.
Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi izchil ravishda tizimli va amaliy yoʻnaltirilgan xususiyat kasb etmoqda. Kuzatuvchi davlat maqomidagi nisbatan qisqa davr ichida tomonlar barqaror muloqot mexanizmlarini shakllantirishga, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga va aniq tarmoq hamda infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga erishdi.
Oʻzbekiston uchun Yevroosiyo yoʻnalishi iqtisodiy modernizatsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va transport-logistika bogʻliqligini mustahkamlash strategiyasining muhim elementi boʻlib qolmoqda. Shu bilan birga, respublika integratsion jarayonlarda milliy iqtisodiy manfaatlar va oʻzaro manfaat tamoyilidan kelib chiqqan holda moslashuvchan va pragmatik ishtirok modelini saqlab qolmoqda.
Jahon iqtisodiyoti transformatsiyasi, bozorlar uchun raqobat kuchayishi va global logistika yoʻnalishlari oʻzgarayotgan sharoitda YEOII bilan hamkorlik Toshkent tomonidan barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish vositalaridan biri sifatida qaralmoqda. Shu bois, Oʻzbekiston kelgusida ham Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlash, kooperatsiyaning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish va mintaqaviy taraqqiyotning muhim masalalari boʻyicha konstruktiv muloqotni qoʻllab-quvvatlash niyatida.
“Dunyo” AA