TIIF-2026: Markaziy Osiyoning yangi investitsiya arxitekturasini shakllantiradi

16–19-iyun kunlari poytaxtimizda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi – mamlakatning asosiy investitsiya platformasi va mintaqadagi eng yirik biznes forumlaridan biri boʻlib oʻtadi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) Markaziy Osiyoning asosiy investitsiya platformasi sifatida mustahkamlanib, davlatlar, xalqaro investorlar va global biznes vakillarini birlashtirmoqda. Forum shunchaki muloqot maydoni emas, balki mintaqaning amaliy investitsiya kun tartibi shakllanadigan makon sifatida namoyon boʻlmoqda.
Forumning asosiy gʻoyasi shundan iboratki, Oʻzbekiston izchil ravishda nafaqat kapital jalb qila oladigan, balki Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanishida uzoq muddatli qoidalar va yoʻnalishlarni belgilay oladigan mintaqaviy investitsiya markazi maqomini mustahkamlab bormoqda.
TIIF-2025 koʻlami forum oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga oʻtganini yaqqol namoyon qildi. Tadbirda dunyoning 97 mamlakatidan 8000 dan ortiq delegat ishtirok etdi, imzolangan investitsiya kelishuvlarining umumiy hajmi esa 30,5 milliard AQSH dollarini tashkil qildi. Bu koʻrsatkichlar mintaqaviy investitsiya platformalari orasidagi eng ahamiyatli natijalardan biriga aylandi.
Ishtirokchilar sonining ortishi, geografiyaning kengayishi va tuzilgan bitimlar hajmining koʻpayishi Oʻzbekiston investitsiya muhitiga xalqaro biznes ishonchining sezilarli darajada mustahkamlanayotganini koʻrsatmoqda. Forum tobora bir martalik muhokama maydoni sifatida emas, balki real investitsiya qarorlarini yaratishning barqaror mexanizmi sifatida qabul qilinmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati nafaqat uning koʻlami, balki ishtirokchilar uchun amaliy qiymati bilan ham belgilanadi. TIIF davlat va hukumat rahbarlaridan tortib, xalqaro moliya institutlari, suveren fondlar va yirik korporatsiyalar vakillarigacha boʻlgan asosiy iqtisodiy va siyosiy qaror qabul qiluvchi shaxslarga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatini taqdim etadi.
Forum davlat, investorlar va biznes bir makonda jamlanadigan noyob muhitni shakllantirmoqda, bu esa umumiy muhokamalardan aniq hamkorlik formatlariga oʻtish imkonini beradi. TIIF doirasida B2B va B2G formatidagi uchrashuvlari faol rivojlantirilmoqda, ular investitsiya kelishuvlarini tuzish va yangi loyihalarni ishga tushirish uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda.
2026-yil 16–19-iyun kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan TIIF-2026 avvalgi yillar formatini saqlab qolgan holda yanada kengaytiradi va yuqori darajadagi siyosiy muloqot, biznes muzokaralari hamda sohaviy muhokamalarni oʻzida mujassam etadi. Forum dasturi davlat rahbarlari ishtirokidagi plenar yigʻilish, panel sessiyalar, mavzuli pitch-taqdimotlar, shuningdek, mamlakatning sanoat va investitsiya salohiyatiga bagʻishlangan kengaytirilgan koʻrgazmani oʻz ichiga oladi.
TIIF-2026ning asosiy xususiyatlaridan biri – bir makonda siyosiy, moliyaviy va korporativ kapitalning noyob konsentratsiyasini shakllantiradigan yuqori darajadagi vakillik hisoblanadi. Forumda Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari yetakchilari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va koʻp tomonlama taraqqiyot banklari rahbarlari ishtirok etadi.
Ishtirokchilar orasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD), Yevropa investitsiya banki (EIB), Osiyo taraqqiyot banki (ADB), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), shuningdek, suveren fondlar va eksport-kredit agentliklari vakillari bor. Bunday tarkib davlat islohotlari, global moliyaviy institutlar va xususiy kapital oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani taʼminlaydi.
IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2025) yakunlari davlat tuzilmalari, moliyaviy institutlar va global biznes vakillari tomonidan keng xalqaro eʼtirofga sazovor boʻldi. Ular Oʻzbekistonning mintaqa investitsiya markazi sifatidagi roli tobora ortib borayotganini qayd etdi.
Global va mintaqaviy tadqiqotlar markazi (CEGREG) direktori, professor Iqboljon Qoraboyev (Qozogʻiston) forum koʻlami va ahamiyati haqida fikr bildirdi:
– Markaziy Osiyo yana xalqaro biznes hamjamiyati diqqat markazida boʻldi. 9–12-iyun kunlari Toshkentda IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtdi — bu yildan-yilga nufuzi va xalqaro ahamiyati ortib borayotgan eng yirik mintaqaviy investitsiya platformasidir. Bu yilgi forum koʻlami haqiqatan ham keng koʻlamli boʻldi: dunyoning qariyb 100 mamlakatidan 3000 ga yaqin xorijiy delegat ishtirok etdi.
TIIF Markaziy Osiyoning sanoat va iqtisodiy salohiyatini namoyish etuvchi yetakchi platformaga aylanmoqda, davlat rahbarlari, yirik investorlar va xalqaro banklar ishtirok etayotgani esa forumning mintaqa imkoniyatlari vitrinasi sifatidagi strategik ahamiyatini yanada kuchaytirmoqda.
Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti, siyosatshunos Emin Garibli forumning integratsion ahamiyatiga xususida shunday dedi:
– Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat Markaziy Osiyoning asosiy iqtisodiy platformasi, balki Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishning muhim vositasiga aylanmoqda. Forum Toshkentning mintaqaviy investitsiya markazi maqomini mustahkamlab, mamlakatning Yangi Oʻzbekiston strategiyasi doirasida islohotlarni ilgari surishdagi qatʼiyatini namoyon etmoqda.
CGTN ijrochi prodyuseri Chjan Xe (Xitoy) islohotlarning investitsiya samarasini alohida qayd etdi:
– Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar investorlar uchun yanada qulay sharoit yaratdi. Oʻzbekiston sanoat, “yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari va turizm sohalarida katta salohiyatga ega. Bu investitsiyalarni diversifikatsiya qilish va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qiladi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi forum rolining transformatsiyasini taʼkidladi:
– Forum Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning turli hududlaridan biznes yetakchilari va moliyachilarni birlashtiruvchi toʻlaqonli mintaqaviy platformaga aylandi. Oʻzbekistondagi islohotlar uzoq muddatli investitsiyalar uchun prognoz qilinadigan va jozibador muhitni shakllantirmoqda.
Xitoyning “CAMCE” kompaniyasi raisi Van Bo forumning amaliy qiymati haqida soʻz yuritdi:
– Bu nufuzli tadbir nafaqat kompaniyamiz, balki Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotida istiqbol izlayotgan xorijiy investorlar uchun ham ajoyib imkoniyatlarni ochib beradi. Xorijiy investorlar uchun Oʻzbekiston, ayniqsa, JSTga aʼzo boʻlish jarayoni fonida, oʻziga xos imkoniyat hisoblanadi. Prezident taʼkidlaganidek, bu barqaror rivojlanish uchun yanada katta istiqbollarni ochib, Oʻzbekistonni global investitsiyalar uchun jozibador yoʻnalishga aylantiradi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) Markaziy Osiyodagi investitsion muloqotning asosiy platformalaridan biri sifatida oʻz rolini mustahkamlamoqda. Bu yerda nafaqat iqtisodiy siyosat yoʻnalishlari, balki davlat va global kapital oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning real mexanizmlari ham shakllantirilmoqda.
Avvalgi yillar tajribasi TIIF anʼanaviy konferensiya formatidan chiqib, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish tuzilmasiga taʼsir koʻrsatuvchi amaliy investitsiya ekotizimiga aylanganini koʻrsatmoqda. Shu nuqtayi nazardan, TIIF-2026 Oʻzbekistonning global investitsiya arxitekturasidagi rolini mustahkamlash va uning xalqaro kapital bozorlariga integratsiyasini yanada kengaytirishning navbatdagi bosqichi sifatida qaralmoqda.
«Dunyo» AA