Oʻzbekiston Prezidenti Butunjahon urbanizatsiya forumining ochilish marosimida ishtirok etdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi shafeligida Boku shahrida oʻtkazilayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.
Poytaxtning Kongress-markazida davlatimiz rahbarini Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax qutladilar.
Ishtirokchilarning birgalikda suratga tushish marosimi boʻlib oʻtdi.
Bu galgi forumning mavzusi – “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar”. Unda davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish institutlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Forum kun tartibidan shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash, ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari oʻrin olgan.
Oʻzbekiston Prezidenti forum doirasidagi Yetakchilar sammitida nutq soʻzlaydi.