Oʻzbekistonda urbanizatsiya jarayonlari: qonunchilik asoslari, yangi mexanizmlar va rivojlanish strategiyasi

Bugungi kunda jahon taraqqiyoti urbanizatsiyaning misli koʻrilmagan jadal surʼatlari bilan kechmoqda, xususan, 2050-yilga borib dunyo aholisining qariyb 68 foizi shaharlarda yashashi kutilmoqda.
Oʻzbekistonda ham bu jarayon shiddat bilan bormoqda: mamlakat aholisi 38 milliondan oshgan boʻlsa, urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetdi va qariyb 20 million aholi shaharlarda istiqomat qilmoqda.
Iqtisodiy tahlillarga koʻra, urbanizatsiya darajasining har 1 foizga oʻsishi iqtisodiyot hajmini kamida 1 foizga oshirishini, investitsiyalar oqimini va startaplar rivojini jadallashtirishini hisobga olsak, bu sohadagi islohotlar strategik ahamiyatga egadir.
Shuni inobatga olib, Oʻzbekistonning urbanizatsiya siyosati doirasida “tartibsiz qurilish” amaliyotidan voz kechilib, hududlarni aqlli va yaxlit rivojlantirishga oʻtildi. Buni dunyo tajribasida mavjud muhim jihat hisoblanadi.
Eng muhim institutsional qadamlardan biri — Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasining tashkil etilishi boʻldi. Bu tuzilma arxitektura, iqtisodiyot va ijtimoiy siyosatni yagona tizimga birlashtiruvchi asosiy “aql markazi” vazifasini oʻtamoqda.
Qurilish sohasidagi maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytirish maqsadida ruxsat berish bosqichlari 3 barobar, ularni amalga oshirish muddatlari esa 4 barobar qisqartirildi. Bundan tashqari, 420 ta eski shaharsozlik normalari qayta tizimlashtirilib, ularning oʻrniga 140 ta zamonaviy normativ hujjatlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda yerga egalik qilish endi qurilish uchun avtomatik huquq bermaydi, balki bu jarayon kompleks hududiy rivojlantirish tamoyiliga asoslanadi.
Eng asosiysi, qonunchilik darajasida qatʼiy tamoyil oʻrnatildi: maktab, poliklinika va zamonaviy kommunikatsiyalar turar-joy qurilishidan oldin yoki u bilan bir vaqtda barpo etilishi shart.
Bu yangi mexanizmlar avvalo, ishonch va moliyaviy barqarorlikni beradi. Uy-joy bozorida barqarorlikni taʼminlash va xaridorlar ishonchini mustahkamlash maqsadida “tugallanmagan qurilishlar” xavfini toʻliq bartaraf etish choralari koʻrildi. Shu maqsadda Oʻzbekistonda ilk bor “eskrou” hisobraqamlari tizimi keng joriy etilmoqda.
Ushbu zamonaviy mexanizm orqali fuqarolarning mablagʻlari obyekt kalitlari topshirilgunga qadar banklarda ishonchli himoya ostida saqlanadi. Quruvchilar esa arzon va qulay loyiha moliyalashtirish tizimiga ega boʻladi. Natijada shaharsozlik tartibsiz jarayondan boshqariladigan va shaffof qoidalarga ega industriyaga aylandi.
Rivojlanish strategiyasi va erishilgan natijalar
Soʻnggi sakkiz yilda mamlakatda 120 million kvadrat metr uy-joy barpo etildi. Qurilish ishlarining umumiy hajmi 2016-yildagi 30 trillion soʻmdan oʻtgan yili 314 trillion soʻmgacha oʻsdi va bugungi kunda sohada 3,5 milliondan ortiq aholi bandligi taʼminlanmoqda.
Davlatning uzoq muddatli ustuvor strategiyasiga koʻra, quyidagi asosiy maqsadlar belgilangan:
-Urbanizatsiya darajasini 60 foizga yetkazish;
-Aholining uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasini kishi boshiga 18,9 kvadrat metrdan 23 kvadrat metrgacha oshirish.
-Har yillik uy-joy qurilishi hajmini qariyb ikki barobarga koʻpaytirib, 30,3 million kvadrat metrga yetkazish.
Innovatsion mega-loyihalar va ekologik yondashuv
Ushbu strategiyaning eng yorqin amaliy ifodasi — 20 ming gektar maydonda qad rostlayotgan “Yangi Toshkent” mega-loyihasidir. Bu loyiha 1 million aholi yashashi uchun moʻljallangan ekologik toza va yuqori texnologiyali megapolis boʻlib, unda dunyoning ilgʻor “15 daqiqalik shahar” konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 420 gektarlik “yashil belbogʻ” yaratilib, 200 mingta daraxt ekish va transport tizimini toʻliq ekologik tamoyillarga (elektrobuslar, metro, velosiped yoʻlaklari) asoslash rejalashtirilgan.
Bunday yuqori hayot standartlari faqatgina poytaxt bilan cheklanib qolmaydi. Hozirda butun mamlakat boʻylab kamida 70 ming aholiga moʻljallangan, ijtimoiy infratuzilmaga boy 56 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlari jadal surʼatlarda qurilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston urbanizatsiyani boshqarishda Milliy qoʻmita, eskrou tizimi hamda “Yangi Oʻzbekiston” aqlli massivlarini qamrab olgan barqaror va samarali modelni shakllantirdi. Mamlakat zamonaviy shaharlarni ekologik toza, ijtimoiy yoʻnaltirilgan va qulay makonlarga aylantirish orqali Yevrosiyo makonida urbanizatsiyaning yuksak etalonini yaratmoqda.