Turkiy makonning tranzit salohiyati: Integratsiyalashayotgan iqtisodiyotlar va yangi logistik yechimlar

XXI asrda global iqtisodiy aloqalarning jadal rivojlanishi transport va logistika tizimlarining strategik ahamiyatini yanada oshirmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Yevropa va Osiyoni bogʻlab turuvchi muhim geoiqtisodiy hududda joylashgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylandi.
TDT doirasida zamonaviy transport yoʻlaklarini rivojlantirish, tranzit salohiyatini oshirish va yagona logistika makonini shakllantirish boʻyicha amaliy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bu esa nafaqat mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga, balki Yevroosiyo hududida barqaror iqtisodiy oʻsish va oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
TDT mamlakatlarini Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklari qatoriga kiritish mumkin. Jumladan, Qozogʻiston bilan yirik savdo aylanmasi, Ozarbayjon bilan erkin savdo, Turkiya va Vengriya bilan eng koʻp qulaylik rejimi amal qiladi.
2025-yilda Oʻzbekistonning TDTga aʼzo davlatlar bilan yuk tashish hajmi 17,5 mln tonnani tashkil etib, umumiy eksport-import tashuvlarining qariyb 38 foiziga toʻgʻri keldi.
Tashkilot doirasida koʻp qirrali hamkorlikni yanada jadallashtirish va aʼzo davlatlar oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash maqsadida 2025-yil 7-oktyabr kuni Ozarbayjonning Gabala shahrida “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” shiori ostida Turkiy davlatlar tashkilotining XII sammiti boʻlib oʻtdi.
Sammit yakunlari boʻyicha tomonlar 121 banddan iborat Gabala deklaratsiyasini qabul qildilar. Ushbu hujjatda siyosiy, iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga doir qator ustuvor vazifalar belgilandi. Xususan, deklaratsiyada transport sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Unda Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi transport bogʻliqligini yanada kuchaytirish, mintaqa davlatlarining tranzit salohiyatini oshirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi (Oʻrta yoʻlak)ni rivojlantirish tashkilot doirasidagi strategik ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida eʼtirof etildi. Mazkur yoʻlakni takomillashtirish orqali Yevroosiyo makonida yuk tashish zanjirlarining samaradorligini oshirish, transport marshrutlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning global logistika tizimidagi ahamiyatini kuchaytirishga alohida urgʻu berildi.
Bundan tashqari, sammit doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining tashqi hamqorlar va uchinchi davlatlar bilan hamkorlik geografiyasini kengaytirishga qaratilgan «TDT+» formatini joriy etishga kelishib olindi.
Mazkur sammitda davlatimiz rahbari tomonidan Oʻrta yoʻlakni «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» temir yoʻli va Transafgʻon yoʻlagi bilan bogʻlash hamda bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligi taʼkidlandi. Bildiralgan tashabbuslar tashkilotga aʼzo davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi hamda mazkur yoʻnalishlarda hamkorlikda ish olib borishga tayyorlik izhor etildi.
Mutaxassislarning fikricha, «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» temir yoʻli Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga olib boradigan eng qisqa yoʻlakni shakllantirishi, masofa 900 kilometrga, yuklarni yetkazib berish vaqti esa 7-8 kunga qisqarishi kutilmoqda.
«Oʻzbekiston - Afgʻoniston – Pokiston» temir yoʻli qurilishi transmintaqaviy hamkorlikning yana bir muhim loyihasidir. Ushbu loyiha Janubiy Osiyo temir yoʻl tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yoʻl tizimlari bilan bogʻlaydi.
Soʻnggi yillarda Transkaspiy yoʻlagiga boʻlgan eʼtibor ortgan sari undagi yuk hajmi tobora oshib bormoqda. 2025-yilda mazkur yoʻnalish boʻylab Oʻzbekiston yuklarining Boku porti orqali tranziti 1,2 mln tonnadan oshdi va yaqin istiqbolda ushbu koʻrsatkichni 1,5 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston TDTga aʼzo davdatlardan iborat «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston – Turkmaniston / Qozogʻiston – Kaspiy dengizi – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa» strategik yoʻnalishidan faol foydalanmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlikda ushbu yoʻnalishni rivojlantirishga urgʻu berilmoqda. Xususan, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda logistika jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Global logistika zanjirlari va transport yoʻlaklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmogʻini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga ega boʻlib qolgan ayni damda Turkiy davlatlar birlashmasidan kelib chiqadigan salohiyatni amalga oshirish ilgʻor masalaga aylanmoqda.
Shuningdek, TDT doirasida yetkazib berish zanjirlarida raqamli yechimlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida elektron ruxsatnoma almashish tizimi e-Permit yoʻlga qoʻyilgan, Ozarbayjon bilan e-TIR tizimi joriy etilgan. Shu bilan birga, elektron bojxona, avtomatik yuk kuzatuv tizimlari, «raqamli bojxona koridori» kabi yechimlar TDT mamlakatlarida keng joriy etilmoqda.
Yuqoridagi tashabbuslar turkiy davlatlar oʻrtasida yagona transport makonini shakllantirish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qilmoqda. Raqamlashtirilgan tizimlar, yangi transport yoʻnalishlari va qoʻshma investitsiyalar tufayli TDT mamlakatlari oʻzaro integratsiyani chuqurlashtirib, Yevroosiyo transport tarmogʻida oʻz oʻrnini mustahkamlab bormoqda.
“Dunyo AA