Toshkentda 150 dan ortiq xorijiy toʻqimachilik va tikuvchilik sanoatining ishonchli taʼminotchilari uchrashadi

Shu yil 13-15-may kunlari Toshkentdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazma majmuasida 26-Xalqaro toʻqimachilik va tikuvchilik sanoati – “TextileExpo Uzbekistan 2026” koʻrgazmasi oʻz ekspozitsiyasini boshlaydi.
“TextileExpo Uzbekistan” - Markaziy Osiyodagi toʻqimachilik va tikuvchilik sanoatining eng yirik B2B platformasi boʻlib, ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va professional xaridorlarni birlashtiradi.
Bu yerda xaridorlar ishonchli hamkorlar, dolzarb tendensiyalar va hamkorlikning qulay shartlarini, soha vakillari esa ishlab chiqarishni rivojlantirish va optimallashtirish uchun kompleks yechimlarni topadi. Tashrif buyuruvchilar takliflarni taqqoslashi, mahsulot sifatini baholashi va ishlab chiqaruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borishi mumkin.
Koʻrgazmada 7 mamlakatdan 150 dan ortiq ishonchli taʼminotchilar, xususan, Xitoy kompaniyalari ishtirok etadi.
Ekspozitsiya anʼanaviy ravishda ishlab chiqarish siklining barcha bosqichlarini - xomashyodan tortib tayyor mahsulot va aksessuarlargacha qamrab oladi. Tashrif buyuruvchilar eʼtiboriga ip-kalava, mato, trikotaj, furnitura va aksessuarlar, tayyor kiyim-kechak, texnik va maishiy toʻqimachilik, paypoq mahsulotlari, shuningdek, toʻqimachilik sanoati uchun kimyoviy moddalar va boʻyoqlar taqdim etiladi.
Tashkilotchilarning maʼlumotlariga koʻra, “TextileExpo Uzbekistan” koʻrgazmasining oʻziga xos qismi boʻlgan anʼanaviy Bayer dasturi - aniq biznes natijalariga erishishga qaratilgan platforma: maqsadli B2B uchrashuvlarini oʻtkazish, uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va shartnomalar tuzish rejalashtirilgan.
Mahalliy kompaniyalar uchun bu xalqaro bozorlarga chiqish va eksportni kengaytirishning samarali kanali hisoblanadi. Xaridorlar uchun koʻrgazmada vaqtdan unumli foydalanish va asosiy yetkazib beruvchilarga ustuvor kirish imkonini beruvchi eksklyuziv ishtirok shartlari mavjud.
“Dunyo” AA