65-Xalqaro gullar festivaliga 50 dan ortiq davlatdan qariyb 1 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda

Namangan – uzoq yillik boy tarixga ega Oʻzbekiston hududi. Bu yerda ikki ming yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz aholi yashab kelmoqda. Namangan viloyati 1941-yilda maʼmuriy birlik sifatida tashkil etilgan. Hozirgi kunda uning aholisi taxminan uch million nafardan ortiq. Viloyat maydoni 7 ming 900 km² boʻlib, maʼmuriy markazi Namangan shahri. Shahar dengiz sathidan taxminan 450 metr balandlikda joylashgan.
Namangan Oʻzbekistonda aholi eng zich joylashgan hududlardan biri hisoblanadi. Shu bois, bu yerda ijtimoiy hayot juda faol, iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy jarayonlar jadal kechadi. Ayniqsa, har yili anʼanaviy ravishda oʻtkaziladigan Xalqaro gullar festivali juda mashhur.
Xalqaro gullar festivali ilk bor 1961-yil avgust oyida Namangan shahrida oʻtkazilgan. U paytda bu oddiy gul koʻrgazmasi boʻlib, mahalliy bogʻbonlar va gul yetishtiruvchilar oʻz mahsulotlarini namoyish etgan. Festival 2018-yilda xalqaro maqomga ega boʻlgandan soʻng gullar bayramiga turli davlatlardan mehmonlar va ishtirokchilar kela boshladi. Bugungi kunda festival Oʻzbekistonning eng yirik va mashhur xalqaro madaniy bayramlaridan biriga aylangan.
Yildan yilga yuksalib borayotgan Xalqaro gullar festivali bu gal yubiley, 65-marotaba tashkil etiladi. Oʻtgan yillar davomida ushbu nufuzli tadbir nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham oʻziga xos brend darajasiga koʻtarildi.
Festival boshlanishini nafaqat Oʻzbekiston aholisi, balki qoʻshni davlatlar fuqarolari, xorijiy ekspert va mutaxassislar ham katta qiziqish bilan kutmoqda. Ayni paytda ushbu yirik xalqaro tadbirga qizgʻin tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, bu galgi yubiley festivalida 50 dan ortiq mamlakatdan qariyb 1 million nafar xorijiy sayyoh hamda 7 milliondan ziyod mahalliy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Qariyb 50 kun davom etadigan gullar bayrami doirasida 150 dan ortiq madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar tadbirlar tashkil etiladi.
Eʼtiborli jihati, bu yilgi festival Ginnesning rekordlar kitobi (Guinness World Records)ga kiritilishi mumkin. Hozirda bir oy davomida eng koʻp gul ekish orqali rekord oʻrnatish jarayoni amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlarning shaffofligini taʼminlash maqsadida tashkilotning Dubaydagi vakili Kanzi Defravi tomonidan xalqaro talablar asosida kuzatuv ishlari olib borilmoqda.
Xalqaro gullar festivali 24-maydan 12-iyulga qadar davom etadi. Ushbu festival nafaqat gullar koʻrgazmasi, balki madaniy, sport, ilmiy va koʻngilochar tadbirlarga boyligi bilan ajralib turadi. Jumladan, gala-konsertlar, dron-shou, avtoparad, ochiq osmon ostida simfonik konsert, modalar haftaligi, koʻrgazmalar, shuningdek, turizm, investitsiya va ishbilarmonlikka bagʻishlangan xalqaro forumlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Hozirda festival munosabati bilan shahar va tumanlar markaziy koʻchalariga qariyb 5 million tup mavsumiy gul ekilib, hududlar rang-barang gullar bilan bezatilmoqda. Bu ishlar shaharga yanada koʻrk bagʻishlab, festival mehmonlarida unutilmas taassurot qoldirishi kutilmoqda.
Festival 24-may kuni Namangan shahri markazidagi Bobur bogʻida tantanali ochilish marosimi bilan boshlanadi. Shu kuni shahar koʻchalari boʻylab gullar bilan bezatilgan avtomobillar paradi oʻtkaziladi. Kechki payt esa “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi amfiteatrida oʻzbek va xorijiy sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi taqdim etiladi.
Gullar bayrami davomida har kuni turli madaniy dasturlar tashkil etiladi. Xususan, musiqali drama teatri spektakllari, bolalar uchun qoʻgʻirchoq teatri chiqishlari, hunarmandchilik yarmarkalari va mahorat darslari oʻtkaziladi. Shuningdek, bogʻlarda konsert va koʻngilochar dasturlar muntazam namoyish etib boriladi.
May oyining oxiri va iyun oyi boshlarida qator yirik tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ular qatorida simfonik orkestr konserti, retro qoʻshiqlar kechasi, “Fashion Days” namoyishlari, lavanda festivali hamda mashhur xonanda Yulduz Usmonovaning konserti bor. 1-iyun kuni esa zamonaviy dron shou tomoshabinlarga unutilmas taassurot bagʻishlaydi.
Sport muxlislari uchun ham qiziqarli musobaqalar tashkil etiladi. Belbogʻli kurash boʻyicha Oʻzbekiston chempionati, motokross musobaqalari, xalqaro kurash turniri va etnosport oʻyinlari shular jumlasidandir.
Festival doirasida ilmiy va amaliy anjumanlar ham oʻtkaziladi. Bioxilma-xillikni saqlash, sunʼiy intellekt istiqbollari, turizm va iqtisodiyotga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi. Bu esa festivalning nafaqat madaniy, balki ilmiy ahamiyati ham yuqori ekanini koʻrsatadi.
Bundan tashqari, palov festivali, gastronomik bayramlar, yoshlar uchun ekologik aksiyalar va turli tanlovlar ham oʻrin olgan. Bolalar va yoshlar uchun maxsus dasturlar, intellektual oʻyinlar hamda konsertlar tashkil etiladi.
Festival 12-iyul kuni “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi tantanali taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.
Qisqacha aytganda, Namanganda oʻtkazilayotgan Xalqaro gullar festivali – bu nafaqat goʻzal gullar bayrami, balki madaniyat, sanʼat, sport va ilm-fan uygʻunlashgan yirik xalqaro tadbirga aylanishi koʻzda tutilgan. Festivaldagi har bir dastur va tomoshalar yurtimiz ahli va mehmonlarga yorqin taassurotlar va unutilmas lahzalar taqdim etadi.
“Dunyo” AA