Toshkentda “Yangi energetika: innovatsiyalar, barqarorlik va mintaqaviy hamkorlik” shiori ostida energetika haftaligi boʻlib oʻtadi

Haftalik davomida 537 ta kompaniya va brend, 125 ta spiker va 31 ta davlatdan 1000 nafardan ortiq delegatlar ishtirok etadi.
Shu yil 12–14-may kunlari “CAEx Uzbekistan” xalqaro koʻrgazma markazida mamlakat yoqilgʻi-energetika kompleksining eng muhim koʻrgazma-konferensiya tadbirlaridan biri – Oʻzbekiston energetika haftaligi – “UEW 2026” boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston Xalqaro energetika haftaligi (UEW) Energetika vazirligi va “Oʻzbekneftegaz” AJning anʼanaviy koʻmagida oʻtkaziladigan muhim yillik xalqaro tadbirdir. Unda yetakchi ekspertlar, novatorlar va soha yetakchilari, davlat organlari va xalqaro biznes vakillari strategik kun tartibini shakllantirish, uzoq muddatli rivojlanish ustuvorliklarini aniqlash va ilgʻor energetika yechimlarini joriy etishni tezlashtirish maqsadida ishtirok etadi.
Keng qamrovli “UEW 2026” dasturi “Yangi energetika: innovatsiyalar, barqarorlik va mintaqaviy hamkorlik” shiori ostida rejalashtirilgan boʻlib, yoqilgʻi-energetika kompleksining ikkita asosiy tarkibiy qismi – uglevodorodlar qazib olish va elektr energetika boʻyicha bir qator soha koʻrgazmalari va anjumanlarini oʻz ichiga oladi. Ushbu tadbirlar sohani rivojlantirish kun tartibi va mintaqaviy muloqotni belgilashda strategik ahamiyatga egadir.
“UEW 2026” dasturiga quyidagi muhim soha tadbirlari kiradi:
- Oʻzbekiston Xalqaro energetika forumi
- 28-Xalqaro Oʻzbekiston neft va gazi anjumani
- 6-Xalqaro energetika anjumani
- “OGU 2026” – 28-Xalqaro Oʻzbekiston neft va gazi koʻrgazmasi
- “Power Uzbekistan 2026” – 19-Xalqaro energetika, energiya tejash, yadro energetikasi va muqobil energiya manbalari koʻrgazmasi
- “GETCA 2026” – Markaziy Osiyoning yashil energiya tejovchi texnologiyalari ixtisoslashtirilgan boʻlimi
Uch kun davomida yoqilgʻi-energetika sohasining barcha segmentlaridan yetakchi kompaniyalar zamonaviy texnologik yechimlar va soha yutuqlarini taqdim etadi.
Oʻzbekiston energetika haftaligida quyidagi 31 mamlakatdan 537 ta kompaniya va brend, 125 ta spiker va 1000 dan ortiq delegat ishtirok etadi: AQSH, Avstriya, BAA, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Daniya, Fransiya, Germaniya, Gruziya, Iordaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Marokash, Misr, Niderlandiya, Norvegiya, Ozarbayjon, Polsha, Qatar, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Oʻzbekiston, Shveysariya.
Belarus, Germaniya, Xitoy va Turkiya kompaniyalari milliy pavilyon formatida ishtirok etadi. Italiya, Koreya Respublikasi va Rossiya jamoaviy stendlarda oʻz mahsulotlari va texnologiyalarini namoyish qiladi.
“Uzbekistan Energy Week” xorijiy investorlar va texnologiya kompaniyalarining Oʻzbekiston energetika bozoriga doimiy qiziqishini namoyish qiladi. Barqaror rivojlanish va ilgʻor texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ushbu tadbir Markaziy Osiyodagi asosiy energiya platformasi sifatidagi mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda.