Milodiy II-III asrlarga oid noqonuniy olib ketilgan tarixiy boyliklar Islom sivilizatsiyasi markaziga qaytarildi

Milodiy II-III asrlarga oid oʻgʻirlangan madaniy boyliklar Yevropaning turli mamlakatlari huquq-tartibot idoralari va olimlari ishtirokida oʻtkazilgan keng koʻlamli tekshiruv natijasida Oʻzbekistonga qaytarildi.
Baqtriya va Kushon imperiyalarining markazi boʻlgan Markaziy Osiyo mintaqasidan noqonuniy olib chiqilgan artefaktlarning bir qismi Buyuk Britaniya poytaxti politsiyasining Sanʼat va antiqa buyumlar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasiga taqdim etildi. Keyinchalik ular vatanga yetkazilib, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan joy oladi.
Ushbu voqea Oʻzbekistonning milliy madaniy merosni qaytarish borasidagi izchil siyosatining yaqqol dalili boʻldi va butun dunyoda madaniy qadriyatlarni himoya qilish tendensiyasi kuchayib borayotganini yana bir bor isbotladi.
Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov oʻz fikrini bildirib oʻtdi:
“Ushbu voqea Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning madaniy boyliklarni vatanga qaytarishga qaratilgan izchil siyosati xalqaro miqyosda keng qoʻllab-quvvatlanayotganining tasdigʻidir. Biz hamkorlarimiz va Yevropa mamlakatlari huquq-tartibot idoralari vakillaridan koʻrsatgan yordamlari uchun juda minnatdormiz va madaniy merosimizni asrab-avaylash va tiklashda kelgusida ham hamkorlik qilishga umid qilamiz”.
London politsiyasi detektivi Sofi Xeys taniqli olimlar va rasmiylar yigʻilishiga topilgan artefaktlar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun insoniyat boyligi ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, tergov milliy va xorijiy mutaxassislar, EXHT va WOSCU koʻmagida olib borilgan.
Koʻrgazmada namoyish etilgan buyumlar 2025-yil noyabr oyida politsiya tomonidan “Inherent Vice” operatsiyasi deb nomlangan tergov davomida topilgan topilmalar qatoriga kiradi.
Jami toʻqqizta eksponat, jumladan, haykallarning boshlari va gipsli freska parchalari namoyish etildi. Bu yodgorliklar milodiy II-III asrlardan VII asrlargacha boʻlgan davrga oid boʻlib, Oʻzbekiston uchun ham, kengroq islom dunyosi uchun ham gʻoyat muhim tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu bebaho osori-atiqalarning qaytarilishi nafaqat Yangi Oʻzbekistonning yutugʻi, balki tarixiy merosini asrab-avaylashda xalqaro hamkorlik aloqalari natijasidir.
Islom sivilizatsiyasi markazi, boʻlajak “Sothebyʻs” va “Christieʻs” auksionlarida ishtirok etish va London sanʼat galereyalariga tashrif buyurish niyatida ekanini maʼlum qildi. Ushbu tashabbuslar oʻzbek madaniy merosining yangi buyumlarini saqlab qolish va vatanga qaytarish maqsadida sotib olishga qaratilgan.
Oʻzbekistonning madaniy merosni qaytarish va himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlari xalqaro hamjamiyatning eʼtibori va qoʻllab-quvvatlashiga sazovor boʻlmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkent markazidagi qadimiy Shoshning tarixiy hududida, Hazrati Imom majmuasi yonida joylashgan.
Uch qavatli binoning oʻlchamlari 145 ga 115 metr boʻlib, markaziy gumbazining balandligi 65 metrga yetadi. Unda dunyodagi eng qadimiy qoʻlyozma Qurʼon nusxalaridan biri boʻlgan Usmon Qurʼoni saqlanadi. Usmon Qurʼoni YUNESKO tomonidan “Jahon xotirasi” roʻyxati – jahon madaniy ahamiyatiga molik obyektlarni saqlash va ommalashtirish boʻyicha xalqaro dasturga kiritilgan.
Asosiy muzey ekspozitsiyasi maydoni qariyb 15 ming kvadrat metrni tashkil etadi, boshqa xonalarda ilmiy markaz, raqamlashtirish va restavratsiya laboratoriyalari joylashadi.
Tashrif buyuruvchilar Markaz tomonidan butun dunyo boʻylab muzeylar, mashhur galereyalar va shaxsiy kolleksiyalardan toʻplangan turli davrlarga oid nodir ashyolarni koʻrishlari mumkin boʻladi. Interaktiv ekspozisiyalar eng muhim kashfiyotlardan biri boʻlgan algebra, astronomiya va tibbiyot sohasidagi yutuqlarni “jonlantirish” imkonini beradi.
“Qaytarilgan buyumlar zamonaviy Oʻzbekiston hududining qadimiy tarixining turli davrlariga oid boʻlib, Markaziy Osiyoda asrlar davomida kechgan sivilizatsiya jarayonlarining xilma-xilligini aks ettirishi bilan alohida tarixiy va ilmiy qimmatga ega”, – deydi Oʻzbekiston Antropologiya instituti direktorii Farhod Maqsudov.
“Dunyo” AA