Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekiston sement sanoatida uglerod chiqindilarini kamaytirish boʻyicha ilk kompleks baholash natijalarini taqdim etdi

Toshkent shahrida Oʻzbekiston sement sanoatida issiqxona gazlari chiqindilari boʻyicha ilk tizimli baholash natijalari muhokama qilindi hamda past uglerodli iqtisodiyotga oʻtish sharoitida texnologik modernizatsiyaning ustuvor yoʻnalishlari mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.
Toshkent, 2026-yil 28-aprel. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda Oʻzbekiston sement sanoatida uglerod chiqindilarini kamaytirish masalalariga bagʻishlangan davra suhbatini oʻtkazdi.
Tadbirda davlat tashkilotlari, soha mutaxassislari, olimlar, sanoat korxonalari, moliya tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan maqsad sement sanoatida issiqxona gazlari chiqindilari boʻyicha oʻtkazilgan baholash natijalarini muhokama qilish, shuningdek tarmoqni texnologik modernizatsiya qilish va past uglerodli rivojlanishga oʻtish boʻyicha amaliy yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat boʻldi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Markaz direktorining oʻrinbosari Nozimjon Ortiqov tarmoqni rivojlantirish va uglerod izini kamaytirish oʻzaro bogʻliq vazifalar ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, sement ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish bir vaqtning oʻzida iqtisodiy oʻsishni taʼminlash va tarmoqning ekologik barqarorligini oshirish imkonini beradi.
Oʻzbekistondagi BMTTD doimiy vakilining oʻrinbosari Anas Karman qurilish sohasining mamlakat iqtisodiyotidagi muhim oʻrnini taʼkidlab, sement ishlab chiqarishda past uglerodli yechimlarni jadal joriy etish zarurligini qayd etdi.
Markaz mutaxassislari Abdurashid Bozorov va Baxtiyor Ismoilov sement sanoatida issiqxona gazlari chiqindilari boʻyicha kompleks bazaviy baholash natijalarini taqdim etdi. Ushbu baholash iqlim oʻzgarishi boʻyicha Hukumatlararo ekspertlar guruhi metodologiyasi asosida tayyorlangan.
Sement sanoatini dekarbonizatsiya qilish Oʻzbekistonning xalqaro iqlim majburiyatlari nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yangilangan maqsadlarga muvofiq, mamlakat 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulotning uglerod sigʻimini 2010-yilga nisbatan 50 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, 2060-yilga borib uglerod neytralligiga erishish imkoniyatlari ham koʻrib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, sement sanoati barqaror oʻsishni namoyon etmoqda. Soʻnggi yillarda ishlab chiqarish hajmi ikki baravardan ortiq oshib, 2019-yildagi 10,5 million tonnadan hozirgi kunda 20 million tonnadan ziyod koʻrsatkichga yetdi. Ekspertlar fikricha, infratuzilma va qurilish sohasining rivojlanishi tufayli talab yuqori darajada saqlanib qoladi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda yillik umumiy quvvati taxminan 37 million tonna boʻlgan 24 ta sement zavodi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, amaldagi ishlab chiqarish hajmi taxminan 21,5 million tonnani tashkil etmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, eng yirik 13 ta korxona umumiy ishlab chiqarish hajmining qariyb 95 foizini taʼminlamoqda. Bu esa ishlab chiqarishning yuqori darajada jamlanganini koʻrsatib, texnologik modernizatsiya uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligini anglatadi.
Markaz baholashlariga koʻra, sementning asosiy tarkibiy qismi boʻlgan klinker ishlab chiqarish bosqichida uglerod dioksidi chiqindilari yiliga taxminan 9 million tonnani tashkil etadi (energiya sarfi, yoqilgʻi va transport xarajatlari hisobga olinmagan holda). Shu munosabat bilan, yirik korxonalarni modernizatsiya qilish tarmoqda chiqindilarni kamaytirish salohiyatining asosiy qismini taʼminlashi qayd etildi.
Tadqiqot natijalari, jumladan sement ishlab chiqarishning taxminan toʻrtdan uch qismini taʼminlaydigan 16 ta yetakchi korxona oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov hamda xalqaro koʻrsatkichlar bilan taqqoslama tahlillar tarmoqda uglerod izini kamaytirish boʻyicha katta imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatmoqda. Xususan, bu salohiyat sement tarkibini optimallashtirish, ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshirish va muqobil yoqilgʻi turlaridan foydalanishni kengaytirish bilan bogʻliq.
Shu bilan birga, tarmoqni yanada rivojlantirish va “yashil” investitsiyalarni jalb etish moliyalashtirish sharoitlarini takomillashtirishni, zamonaviy texnologiyalarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishni, tartibga soluvchi jarayonlarni soddalashtirishni, shuningdek malakali kadrlar tayyorlash va ekologik toza mahsulotlarga boʻlgan talabni shakllantirishni talab etadi.
Energiya samaradorligini oshirish, klinker ulushini kamaytirish, ortiqcha issiqlikni qayta ishlatish texnologiyalarini joriy etish va uglerodni ushlab qolish yechimlarini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish chiqindilarni barqaror kamaytirish hamda tarmoq raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi