Oʻzbekiston va Chexiya hamkorlikning yangi bosqichiga chiqmoqda

Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasida mustahkam ishbilarmonlik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy aloqalar mavjud boʻlib, bu munosabatlar 2024–2026-yillarda sezilarli darajada faollashadi. 2025-yilning mart oyida Praga shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 10-majlisi boʻlib oʻtdi va bu oʻzaro hamkorlikning yanada tizimli formatiga oʻtishni tasdiqladi. Tomonlar yangi qoʻshma loyihalar, qoʻshma korxonalarni ishga tushirish, uzoq muddatli moliyalashtirish, biznesni qoʻllab-quvvatlash vositalarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Transport, farmatsevtika, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq xoʻjaligi, charm sanoati, turizm, taʼlim kabi sohalardagi loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Chexiyaning transport vositalarini ishlab chiqarishga ixtisosolashgan yetakchi mashinasozlik konglomerati - Škoda Transportation (Škoda Group), mashhur farmatsevtika kompaniyasi boʻlgan Doctor Müller Pharma, havoni tozalash, ventilyatsiya tizimlari, sanoat injiniringi yoʻnalishlarida loyihalash va uskunalarni yetkazib berishga ixtisoslashgan ZVVZ Engineering muhandislik kompaniyasi Chexiya sanoati va biznesining xalqaro, jumladan, Markaziy Osiyodagi hamkorlik jarayonida faol ishtirok etayotgan yirik vakillaridir.
Chexiya nuqtayi nazaridan Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng katta bozorlardan biri hisoblanadi. Chexiyaning Oʻzbekistonga oid rasmiy biznes- profili uni Chexiya Respublikasi uchun Markaziy Osiyodagi muhim savdo sherigi sifatida aniq belgilaydi va soʻnggi yillarda Chexiya eksporti sezilarli darajada oshganini qayd etadi. Chexiya tomonidan Oʻzbekistonga kiritilayotgan investitsiyalarning bosqichma-bosqich ortib borishi Chexiya Respublikasini Yevropaning Oʻzbekiston bozoridagi muhim investoriga aylantiradi.
Hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlari
Hozir hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari – mashinasozlik, geologiya va togʻ-kon sanoati, kimyo va farmatsevtika, energetika. Bunda asosiy eʼtibor ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalarni joriy etish, kadrlar malakasi va energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, muhim foydali qazilmalar va yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar bilan bogʻliq loyihalarga qaratilmoqda. Uzoq muddatli moliyalashtirish, qoʻllab-quvvatlash vositalarini kengaytirish, korxonalar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va qoʻshma korxonalarni ishga tushirish loyihalarni amalga oshirish shakllaridir. Ayni paytda mamlakatimizda Chyexiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 44 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Raqamli va texnologik hamkorlikni mustahkamlash
2025–2026-yillarda Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasida raqamli va texnologik hamkorlikni mustahkamlash nafaqat umumiy rejalarda, balki bir qancha amaliy yoʻnalishlarda ham namoyon boʻlmoqda. Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasidagi raqamli va texnologik hamkorlikni mustahkamlash ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichiga oʻtish sifatida tavsiflanishi mumkin. Bunda savdo bilan bir qatorda startaplar, AT-autsorsing, innovatsiyalar, texnik tartibga solish va texnologiyaga yoʻnaltirilgan investitsiyalarning roli ortib bormoqda. Bu raqamli iqtisodiyot, sanoat va yuqori texnologiyalar sohasida qoʻshma loyihalarni yanada rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Startap va innovatsiyalar sohasida hamkorlikning rivojlanishi ikki tomonlama aloqalarning anʼanaviy savdodan qoʻshma innovatsion ekotizimga qadar kengayganini koʻrsatadi. Oʻzbekistonda Chexiyaning bir qator autsorsing va AT-kompaniyalari ofislarining ochilishi Global biznes xizmatlari (GBS), axborot texnologiyalari xizmatlari va masofaviy xizmatlar koʻrinishida koʻproq qoʻllaniladigan raqamli hamkorlikka oʻtilayotganidan dalolat beradi.
Texnologik hamkorlik standartlashtirish, metrologiya va texnik jihatdan tartibga solish orqali ham mustahkamlanmoqda. Standartlar, sinovlar va bozor nazorati masalalari birgalikda hal qilinadi. Bu esa hamkorlikdagi ishlab chiqarish, texnologik yangilanish va mahsulotlarni bozorlarga chiqarishda muhim ahamiyatga ega. Bunday hamkorlik sanoat kooperatsiyasi va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun institutsional asos yaratadi. Sanoat investitsiyalari va qoʻshma loyihalarni kengaytirish boʻyicha yangi kelishuvlar alohida aloqalardan texnologik sheriklikning yanada tizimli shakliga oʻtishdan dalolat beradi.
Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasidagi madaniy aloqalar
Madaniy aloqalar hozir yirik davlatlararo madaniy shartnomalar orqali emas, balki elchixonalar, turli festivallar, taʼlim va turizm sohalaridagi hamkorlik orqali koʻproq rivojlanmoqda. Chexiyaning Toshkentdagi elchixonasi anʼanaviy tarzda milliy qabullar va madaniy tadbirlardan chex musiqasi, oshxonasi va pivo madaniyatini targʻib qilish uchun foydalanadi. Shuningdek, diplomatik missiya madaniy tashabbuslar va ikki tomonlama muloqotlar va biznesni rivojlantirish oʻrtasidagi bogʻliqlikka ham alohida urgʻu beradi. Kengroq koʻlamda olib qaragaydigan boʻlsak, Oʻzbekiston 10 dan ortiq mamlakatda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari”ni oʻtkazish va yangi xalqaro madaniy memorandumlarni imzolash rejasini eʼlon qildi. Bu esa Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasida madaniy hamkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratadi.
Xulosa
Oʻzbekiston uchun Chexiya texnologiya, transport, farmatsevtika, standartlashtirish, turizm va sanoat loyihalari boʻyicha Yevropadagi muhim hamkor. Chexiya Respublikasi uchun Oʻzbekiston oʻsib borayotgan sarmoyaviy salohiyat va mintaqaga kirish uchun qulay platformaga ega jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo bozoridir. Tomonlarning rasmiy bayonotlariga koʻra, hamkorlikning yaqin istiqbolida asosiy eʼtibor savdo-sotiqning rivojlantirish, delegatsiyalar almashish, Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish, sarmoya kiritishni kengaytirish va boshqa tadbirlarga qaratiladi.
Dildora Karimova,
MHTI loyiha rahbari, i.f.d.,professor