28–30-aprel kunlari “CAEx Uzbekistan” majmuasida “Beauty Uzbekistan 2026” xalqaro goʻzallik, kosmetologiya va parfyumeriya-kosmetika sanoati koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

Koʻrgazmada 12 mamlakatdan 100 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etadi
Shu yil 28–30-aprel kunlari poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” koʻrgazmalar majmuasida “Beauty Uzbekistan – 2026” goʻzallik, kosmetologiya va parfyumeriya-kosmetika sanoatining ixtisoslashtirilgan xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi.
Beauty Uzbekistan – kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va distribyutorlari, estetik tibbiyot mutaxassislari, riteyl vakillari, salonlar biznesi va professional parvarish xizmatlarini birlashtirgan professional B2B formatidagi koʻrgazmadir.
Bu yerda tashrif buyuruvchilar yetakchi brendlar, yangi mahsulotlar va texnologiyalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tanishish imkoniga ega boʻladi, biznes aloqalarini oʻrnatadi va goʻzallik sanoatidagi asosiy tendensiyalar haqida birinchi boʻlib xabar topadi.
Joriy yilda koʻrgazmada 12 mamlakatdan 100 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etishi koʻzda tutilgan. Jumladan, BAA, Gruziya, Ispaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Polsha, Qirgʻiziston, Rossiya, Xitoy, Oʻzbekiston va Shvetsiya milliy pavilyonlarida goʻzallik sanoatining ilgʻor yechimlari va ushbu davlatlarning eksport salohiyati namoyish etiladi.
Tashkilotchilar maʼlumotiga koʻra, koʻrgazmaning asosiy boʻlimlari:
Beauty Uzbekistan – parfyumeriya va kosmetika sanoatining butun spektrini, jumladan dekorativ va shaxsiy parvarish kosmetikasi, parfyumeriya, shaxsiy gigiyena vositalari va hair-sanoatini taklif etadi.
Beauty Derma Central Asia – estetik tibbiyot, apparat kosmetologiyasi va anti-age parvarishga bagʻishlangan ixtisoslashgan soha. Ekspozitsiyada klinikalar va mutaxassislar uchun inyeksiya texnikasi, lazerlar va keyingi avlod apparat texnologiyalari kabi zamonaviy yechimlar namoyish etiladi.
Anʼanaga koʻra, koʻrgazmada ixtisoslashtirilgan seminarlar, ekspert sessiyalari va professional muhokamalarni oʻz ichiga olgan biznes dastur oʻtkaziladi.
Dasturning alohida boʻlimlari estetik tibbiyot, balneologiya va kurort sanoatidagi zamonaviy tendensiyalarga, jumladan, estetik tibbiyotga ilmiy yondashuvlarga (CYTOLIFE/“Medtendergrupp”, Rossiya), balneologik uskunalar va gidroterapiya texnologiyalari sohasidagi yechimlarga (“Fiziotexnika”, Rossiya) bagʻishlanadi.
Parfyumeriya va kosmetika sanoati mutaxassislari hamda maishiy kimyo ishlab chiqaruvchilari uchun Shveysariyaning “LUZI” kompaniyasining xushboʻy xidlarga bagʻishlangan sessiya oʻtkaziladi.
“Beauty Uzbekistan – 2026” shunchaki mahsulotlar namoyishi emas – bu biznes, tibbiyot, texnologiyalar va goʻzallik sanoatining zamonaviy tendensiyalari kesishadigan professional platformadir.
Tashkilotchilar – “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” maʼlumot berishicha, koʻrgazmaga tashrif buyurish istagida boʻlganlar www.beautypro.uz veb-saytida roʻyxatdan oʻtishi mumkin.
“Dunyo” AA