Markaziy Osiyoning ekologik kun tartibi: hamkorlikdagi saʼy-harakatlarning asosiy natijalari

Markaziy Osiyo soʻnggi yillarda iqlim oʻzgarishi oqibatlariga tobora koʻproq duch kelayotgan va dunyoda undan eng koʻp zarar koʻrishi mumkin boʻlgan mintaqalridan biri. Soʻnggi 70 yil ichida Markaziy Osiyoda harorat Syelsiy boʻyicha 1,5-2 darajaga koʻtarildi. Bu esa ekologik muammolarning keskinlashuviga, muzliklarning erishi va choʻllanishning tezlashishiga taʼsir koʻrsatmoqda. Ushbu jarayonlarning barchasi bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq boʻlib, mintaqadagi ekotizimlar, iqtisodiyot va odamlar hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Global miqyosda iqlim oʻzgarishi tufayli muzlarning erish tezligi soʻnggi yillarda 65 foizga oshdi: 90-yillarning boshida sayyorada yiliga 0,8 trillion tonna, 2000-yillarga kelib esa 1,3 trillion tonna muz erib ketgan. Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham ushbu ekologik muammo bugungi kunning eng muhim iqlim muammolari qatoriga kiradi.
Markaziy Osiyoda suv resurslari taqchilligi ortib bormoqda. Bugungi kunda 37 million nafardan ortiq kishi asosan suv taʼminotining pasayishi, shuningdek, tegishli infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmaganligi bilan bogʻliq boʻlgan suv resurslari keskin yetishmaydigan hududlarda yashaydi.
Yevroosiyo taraqqiyot banki hisob-kitoblariga koʻra, 2025-2030-yillarda mintaqa mamlakatlari uchun suv va iqlim infratuzilmasiga zarur boʻlgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 29,2 milliard dollarni tashkil etadi.
Orolboʻyi mintaqasining holati vaziyatni qiyinlashtirmoqda – shamollar Orolning qurigan tubidan har yili taxminan 15-75 million tonna qum, chang va tuzni uchirib ketadi. Bu esa sezilarli masofalarda havoning sifatini yomonlashtiradi va bevosita ijtimoiy-iqtisodiy yoʻqotishlarga olib keladi.
Shu sababdan ham soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoning mintaqaviy kun tartibida ekologik masalalar tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Suv resurslari bilan bogʻliq muammolar, yerlarning degradasiyasi, iqlim oʻzgarishi, Orolboʻyining holati endilikda mintaqa mamlakatlari tomonidan alohida emas, balki mintaqaning umumiy barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari kontekstida koʻrilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ekologiya sohasidagi koʻp tomonlama hamkorlik yanada tizimli va mazmunli boʻlib bormoqda.
Bunda mintaqaviy hamkorlikning institusional asoslarini mustahkamlash alohida oʻrin tutdi. Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi va uning tuzilmalari amaldagi mexanizmlari bilan bir qatorda, ekologik masalalar mintaqa mamlakatlari davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari, shuningdek, sohaviy idoralararo va ekspertlar muloqoti doirasida yanada izchil mustahkamlana boshladi.
Mintaqa mamlakatlarining iqlim bilan bogʻliq xalqaro tadbirlarda faollashganini ham taʼkidlash joiz. Xususan, BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi konferensiyalarida Markaziy Osiyo mamlakatlari "5 mamlakat - 1 mintaqa - 1 ovoz" tamoyili ostida chiqish qilib, iqlim muammolari boʻyicha milliy ustuvor masalalar va umumiy mintaqaviy yondashuvlarni taqdim eta boshladilar.
Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Parij kelishuvi doirasida oʻzlarining milliy miqyosda belgilangan hissasini taqdim etdi va issiqxona gazlarini kamaytirish, "yashil" energyetika quvvatini oshirish va moslashuvchanlik salohiyatini mustahkamlash boʻyicha oʻz oldiga yuqori maqsadlarni qoʻydi.
Shu bilan birga, Qozogʻiston 2060-yilga borib uglerod neytralligiga erishish yoʻlini belgilab oldi, Oʻzbekiston esa 2035-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yildagiga nisbatan 50 foizga kamaytirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichni oshirdi. Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston ham global iqlim maqsadlariga erishish yoʻlidagi intilishlarini tasdiqlab, oʻz hissasini doimiy ravishda yangilab, oshirib kelmoqda.
Orol inqirozi oqibatlariga moslashish masalasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Xususan, Orol dengizining qurigan tubida Oʻzbekiston tomonida soʻnggi 5 yil ichida 1,7 million gektar oʻrmonzorlar barpo etildi, Qozogʻiston tomonida 1 million gektardan ortiq maydonda oʻrmon-meliorasiya ishlari olib borildi.
Mintaqaviy hamkorlikning yana bir yorqin natijalaridan biri Shimoliy Oroldagi vaziyatning yaxshilanishi boʻldi. Sirdaryo boʻyidagi suv omborlarining ish tartibini muvofiqlashtirish va davlatlararo kelishuvlarni bajarish hisobiga soʻnggi uch yilda dengizga 6 milliard kub metrdan ortiq suv kelib tushdi. Natijada Shimoliy Orolning hajmi 2022-yil oxiridagi 18,9 milliard kub metrdan 2025-yil oxirida 23 milliard kub metrgacha oshdi.
Bilim almashinuvi va ilmiy ekologik ekspertiza sohasida ham mintaqaviy hamkorlik kengaymoqda. Oʻzbekistonda atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish boʻyicha Markaziy Osiyo universitetining tashkil etilishi ushbu hamkorlikning natijasi boʻlib, mintaqada shu yoʻnalishda kadrlar tayyorlash va qoʻshma tadqiqotlarni rivojlantirish uchun yangi maydonga aylandi.
Shunday qilib, Markaziy Osiyoda oʻzaro mintaqaviy ekologik hamkorlik asta-sekin amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatlar umumiy xalqaro pozisiyani shakllantirish, muvofiqlashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, Orolboʻyi ekotizimlarini tiklash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish va ilmiy-taʼlim bazasini yaratishda sezilarli natijalarga erishdi.
Shu bilan birga, mintaqadagi ekologik muammolar koʻlami muvofiqlashtirishni kengaytirishni taqozo qilmoqda. Transchegaraviy suv resurslarini boshqarishda yanada oʻzaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, iqlim oʻzgarishining oqibatlariga moslashish choralarini kengaytirish, suv va ekologik infratuzilmaga uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, umumiy ekspertlar bazasi va tahliliy bazani mustahkamlash ustuvor vazifalar sifatida qolmoqda.
Keyingi yillarda Markaziy Osiyoning ekologik kun tartibi samaradorligi mintaqa mamlakatlari siyosiy hamkorlik natijalarini barqaror qoʻshma mexanizmlarga qanchalik izchil transformasiya qila olishiga bogʻliq boʻladi.
Ostona shahrida boʻlib oʻtadigan Mintaqaviy ekologik sammit iqlim masalasida umumiy maqsadiga erishish yoʻlidagi yana bir qadam boʻladi. Iqlim va ekologik muammolarni bartaraf etish boʻyicha yangi va amaliy yechimlarni ishlab chiqish nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlarining global iqlim kun tartibiga qoʻshgan hissasini oshirishga, balki ekotizimlar barqarorligini taʼminlash, havo ifloslanishini kamaytirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ustuvor ravishda suv va energetika resurslarini boshqarish boʻyicha mintaqaviy vazifalarni hal etishga ham xizmat qiladi.
Elvira Bikyeyeva,
MHTI loyiha rahbari
Malika Saparmuhametova,
MHTI yetakchi mutaxassisi