Orol boʻyida iqlim oʻzgarishiga moslashish tadbirlari

Bugungi kunda iqlim oʻzgarishi global miqyosidagi eng dolzarb va murakkab muammolardan biri sifatida namoyon boʻlib, uning salbiy taʼsiri ayniqsa ekologik jihatdan zaif va antropogen bosim yuqori boʻlgan hududlarda yanada keskinroq namoyon boʻlmoqda. Shunday hududlardan biri — Orolboʻyi mintaqasi boʻlib, bu yerda iqlim oʻzgarishi oqibatlari tabiiy resurslar holati, aholi turmush darajasi va iqtisodiy faoliyatga keng qamrovli taʼsir koʻrsatmoqda.
Orol dengizining qurishi natijasida hududda mikroiqlimning keskin oʻzgarishi, havo haroratining oshishi, yogʻingarchilik miqdorining kamayishi, shamol faolligining ortishi hamda chang-toʻzonli boʻronlar sonining koʻpayishi kuzatilmoqda. Bu jarayonlar yer resurslari degradatsiyasi, suv tanqisligi va bioxilmaxillikning kamayishiga olib kelmoqda. Natijada qishloq xoʻjaligi samaradorligi pasayib, ichimlik suv taʼminotiga bosim ortmoqda hamda aholi salomatligiga jiddiy xavf yuzaga kelmoqda.
Orolboʻyi hududida iqlim oʻzgarishiga moslashish tadbirlari, eng avvalo, suv resurslarini barqaror boshqarish, gidrotexnik infratuzilmani mustahkamlash, qurigan dengiz tubida himoya oʻrmonzorlarini barpo etish, yer degradatsiyasini kamaytirish, bioxilmaxillikni saqlash hamda aholining iqlimga chidamliligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
Yangi Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga moslashish masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ekologik barqarorlikni taʼminlash, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va iqlimga moslashish boʻyicha xalqaro doirada koʻplab tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi 75-sessiyasida “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida” maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
Bugungi kunda Orolboʻyi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish, yashil infratuzilmani rivojlantirish hamda aholining iqlim oʻzgarishiga chidamliligini oshirishga qaratilgan dasturlar izchil amalga oshirilayapti. Bu Orol dengizining qurishi bilan atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy oqibatlarga qarshi kurashish, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, mintaqada yashovchi aholi bandligini taʼminlash orqali ularning turmush sharoiti yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston rahbari 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida soʻzlagan nutqida Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida boʻlishi lozimligi taʼkidladi. Soʻnggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda shoʻrga chidamli choʻl oʻsimliklari ekilgani, 2030-yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinishi aytib oʻtildi.
Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) — iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha amaliy yechimlarni ishlab chiquvchi muhim institutsional markaz hisoblanadi.
Orolboʻyi hududida iqlim oʻzgarishiga moslashish chora-tadbirlarini amalga oshirishda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tizimida faoliyat yuritayotgan OQXJ agentligi muhim oʻrin tutadi.
Jumladan, “Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo etish (II bosqich)” loyihasi doirasida koʻllar tizimini barqaror suv bilan taʼminlash mexanizmlari takomillashtirildi. Bu orqali suv resurslarini qayta taqsimlash, gidrologik rejimni tartibga solish hamda hududning ekologik muvozanatini mustahkamlashga erishilmoqda.
Shu bilan birga, “Muynoq” kanalining rekonstruksiya qilinishi natijasida uning suv oʻtkazish qobiliyati sezilarli darajada oshirildi. Suv taqsimoti samaradorligi yaxshilandi, koʻllarning suv bilan taʼminlanishi barqarorlashdi va suv yoʻqotishlari sezilarli darajada qisqartirildi.
Bundan tashqari, “Ribachye” suv ombori dambasini rekonstruksiya qilish ishlari doirasida gidrotexnik inshootlar mustahkamlandi, suv chiqarish tizimlari modernizatsiya qilindi hamda eroziya xavfi sezilarli darajada kamaytirildi. Bu esa suv xavfsizligini mustahkamlash va suv resurslaridan samarali hamda oqilona foydalanishni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Ekologik tiklanish yoʻnalishida Axantay va Aqqum hududlarida himoya oʻrmonlari barpo etilmoqda. Qurigan dengiz tubida amalga oshirilayotgan oʻrmon-meliorativ tadbirlar shamol eroziyasi va tuz koʻchish jarayonlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shu orqali hududda mikroiqlim barqarorlashib, landshaft degradatsiyasining oldi olinmoqda.
Ayni paytda, ekologik barqarorlikni taʼminlashda ijtimoiy yoʻnalish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda yoshlar oʻrtasida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan tanlovlar, maʼrifiy aksiyalar va targʻibot tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda.
Shuningdek, mahalliy aholi va fermer xoʻjaliklari uchun suv va yer resurslaridan barqaror foydalanishning zamonaviy modellari joriy etilmoqda. Bu jarayonda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yer resurslarini samarali boshqarish, yerlarni oqilona boshqarish va iqlim oʻzgarishiga moslashgan qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida nafaqat ekologik muammolarni yumshatish, balki aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va hududning iqlim oʻzgarishiga chidamliligini kuchaytirishga erishilmoqda.
Raqamli va ilmiy yondashuv — iqlimga moslashishning yangi bosqichi
Hozirgi bosqichda iqlim oʻzgarishiga moslashish jarayonlari faqat anʼanaviy usullar bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy raqamli texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar bilan uygʻunlashtirilmoqda. Xususan:
- gidrologik va meteorologik maʼlumotlarni real vaqtda monitoring qilish;
- sunʼiy yoʻldosh tasvirlari asosida hududlar holatini tahlil qilish;
- suv resurslarini rejalashtirish va optimal taqsimlash;
- raqamli platformalar orqali maʼlumotlarni yigʻish va boshqarish kabilar joriy etilmoqda.
Bu yondashuvlar iqlim oʻzgarishi taʼsirini barvaqt aniqlash, xavflarni kamaytirish va resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Orolboʻyi hududida iqlim oʻzgarishiga moslashish tadbirlarini samarali amalga oshirishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) bilan hamkorlikda suv resurslarini barqaror boshqarish va integratsiyalashgan yondashuvlarni joriy etish orqali hududning iqlimga chidamliligini oshirishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Qoʻshimcha ravishda, Global Water Partnership (GWP) bilan hamkorlikda suv xavfsizligini taʼminlash va resurslardan oqilona foydalanish mexanizmlari rivojlantirilmoqda, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) bilan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida esa Orolboʻyi suv-botqoq hududlarining ekotizimlari monitoring qilinib, iqlim oʻzgarishi taʼsirini baholash va unga moslashish choralari ishlab chiqilmoqda.
Orolboʻyi hududida iqlim oʻzgarishiga moslashish — bu faqat ekologik muammolarni bartaraf etish emas, balki barqaror rivojlanishga erishishning asosiy shartidir.
Amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar shuni koʻrsatmoqdaki, ilmiy yondashuv, zamonaviy texnologiyalar va institutsional hamkorlik orqali hatto eng murakkab ekologik inqiroz sharoitida ham barqaror yechimlarga erishish mumkin.
Endilikda asosiy vazifa — iqlim oʻzgarishiga moslashishni har bir sohada ustuvor yoʻnalish sifatida qarash va uni hayot tarzimizga aylantirishdan iborat.
Chunki iqlimga moslashish — bu faqat bugungi vazifa emas, balki kelajak avlodlar oldidagi strategik masʼuliyatdir.
Birodarjon Burxonjonov,
Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi
agentligi rahbari.