SUVNI TEJASH UMUMIY QADRIYATIMIZGA AYLANISHI ZARUR

Bugun dunyoda suv resurslariga talab va ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Hozirgi sharoitda Markaziy Osiyoning umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, taraqqiyotga erishishning muhim omillaridan biridir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan global ekologik tahdidlarning oldini olish, xususan, suv xavfsizligi borasida ilgari surilayotgan konstruktiv takliflar va amaliy tashabbuslar mintaqa mamlakatlari tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu jarayonda qishloq xoʻjaligida mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishda zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini keng joriy qilish eng maqbul yechim sifatida qaralmoqda. Bu tizim nafaqat suv, balki mineral oʻgʻitlar, yonilgʻi-moylash mahsulotlari, ishchi kuchi kabilarga sarf-xarajatlarni tejashi bilan birga hosildorlikni oshirishi nuqtayi nazaridan uning jozibadorligi yuqori.
Yangi Oʻzbekistonda islohotlarning ilk davridayoq suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Oʻzbekistonni 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasida respublikamizda sugʻorma dehqonchilik qilinadigan barcha maydonlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida ham shu masalaga eʼtibor qaratib, 2026-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga jami 3 trln. 300 mlrd. soʻm yoʻnaltirilishini aytib oʻtdilar (taxminan 275 mln. dollar).
Tahlillar shuni koʻrsatdki, mamlakatimizda 2019-yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmi yoʻlga qoʻyilgani, jumladan, subsidiyalar ajratilayotgani katta samara berib, klaster tashkilotlari va fermerlarni ragʻbatlantirmoqda.
Oʻtgan davrda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yildan yilga takomillashtirildi.
Natijada 2019-2025-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 664 ming gektarda tomchilatib, 124 ming gektarda yomgʻirlatib, 73 ming gektarda diskret sugʻorish texnologiyalari joriy qilindi, shuningdek, 124 ming gektar maydonlar egiluvchan quvur orqali va egatga plyonka toʻshab sugʻorildi hamda 1,6 mln. gektar maydonlar lazer uskunasi yordamida tekislandi.
Shu sohani ichida yurgan mutaxassis sifatida aytishim kerak, suv tejovchi texnologiyalarning tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret usulda sugʻorish usullari dehqonlarimiz oʻrtasida ommalashib bormoqda.
Joriy yilning 3-fevral kuni hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev huzurida oʻtkazilgan suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimotda qatnashdik.
Taqdimotda bu boradagi ishlar qamrovini yanada kengaytirish boʻyicha ishlangan yangi takliflar koʻrib chiqildi. Jumladan, 2028-yilga qadar suv tejovchi texnologiyalarni 930 ming gektar yerda oʻrnatib, bunday maydonlarni 3,5 mln. gektarga yoki jami sugʻoriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalashtirilgan.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali tejalgan suv resurslari suv taʼminoti ogʻir hududda joylashgan fermerlarga kafolatli yetkazib berilishiga zamin yaratadi. Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun yangi tartib va imtiyozlar joriy etilmoqda.
Jumladan, 2026–2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 mln. gektarga yetkazish asosiy maqsadli koʻrsatkich sifatida belgilangan. Bunda 220 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish, 110 ming gektar maydonda yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish, 600 ming gektar maydonni lazerli tekislash koʻzda tutilgan.
2026-yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun tijorat banklari tomonidan 2,6 trln. soʻm kredit mablagʻlari ajratiladi hamda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 800 mlrd. soʻm subsidiya mablagʻlari yoʻnaltiriladi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va undan foydalanish boʻyicha Xitoyning Shinjon tajribasi asosida mutaxassis kadrlar malakasini tizimli oshirish yoʻlga qoʻyiladi.
Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tartibi joriy qilinadi. Unga koʻra:
2027-yildan boshlab har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sugʻoriladigan yer maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi;
suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududda joylashgan sugʻoriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllagan holda hisoblanadi;
suv bilan barqaror taʼminlangan hududda joylashgan sugʻoriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmaganda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi;
2026-yil 1-apreldan boshlab suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan va Davlat byudjetidan subsidiya ajratilgan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlarini ishlatmasdan, anʼanaviy usulda sugʻorish suvdan oʻzboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi va foydalanilgan har ming kub metr suv uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalarni qoʻllashga asos boʻladi.
Oʻzbekistonda sohada kadrlar salohiyatini oshirish – dolzarb masala. Davlatimiz rahbari huzurida oʻtgan taqdimotda ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va ulardan foydalanish boʻyicha kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish yuzasidan rejalar haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida joriy yilda 10 mingta fermer xoʻjaliklari xodimlarining malakasi oshiriladi, 358 nafar suv xoʻjaligi xodimi malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.
Qarorda ham taʼlim va malaka oshirish inobatga olingan. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti bilan birgalikda 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab sohadagi oliy taʼlim muassasalarini jalb qilib, ilgʻor xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda sohadagi mutaxassislar malakasini tizimli oshirib borish choralarini koʻradi.
Xulosa qilib aytganda, respublikamizda mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish va bu boradagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga koʻtarildi.
Endi suvdan shunchaki foydalanmasligimiz lozim. Suvni tejashni umummilliy qadriyatimiz darajasiga koʻtarish davri keldi.
Dauranbek Kdirbayev,
Suv xoʻjaligi vazirligining
Suv tejaydigan texnologiyalarni
joriy qilish boshqarmasi boshligʻi