Markaziy Osiyo yangi ekologik bosqich ostonasida

2026-yilning 22–24-aprel kunlari Qozogʻistonning Ostona shahrida boʻlib oʻtadigan Mintaqaviy ekologik sammit Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etadi. U, avvalo, mintaqa davlatlarining iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasi kabi murakkab muammolarga birgalikda yechim izlayotganligining yana bir yorqin isbotidir. Bu — ekologik siyosatda yangi bosqich, mustahkam hamkorlikka asoslangan strategiyaga oʻtishni anglatadi.
Muammolar umumiy — yechim ham umumiy boʻlishi shart
Markaziy Osiyoda ekologik muammolar chegara tanlamaydi. Orol dengizi fojiasi, transchegaraviy daryolardan besamar foydalanish, choʻllanish va havo ifloslanishi — bularning barchasi bir davlat emas, balki butun mintaqa taqdiriga taʼsir qiladi.
Soʻnggi oʻn yilliklarda suv resurslarining notoʻgʻri boshqarilishi, ayniqsa, Amudaryo va Sirdaryo havzasidagi bosimning ortishi nafaqat ekotizimlar, balki iqtisodiy barqarorlikka ham salbiy taʼsir qildi. Shu maʼnoda, mintaqaviy sammit — muammolarni tan olishdan ularni birgalikda hal etish bosqichiga oʻtishning amaliy koʻrinishidir.
Sammit kun tartibida ekologik siyosatga kompleks yondashuvni aks ettiruvchi sakkizta ustuvor yoʻnalish belgilangan. Bular iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash, oziq-ovqat xavfsizligi va ekotizimlar barqarorligini taʼminlash, tabiiy xavflarga moslashish va iqtisodiy barqarorlikni kuchaytirish, havo ifloslanishini kamaytirish va chiqindilarni samarali boshqarish, ekologik maqsadlarga erishish mexanizmlarini rivojlantirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, adolatli va inklyuziv “yashil oʻtish” hamda ekologik va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishdir. Shu tariqa, sammit kun tartibi ekologik masalalar bilan bir qatorda ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarni ham qamrab oladi.
Sammit tashabbusining BMT darajasida qoʻllab-quvvatlanishi bu jarayonga jiddiy siyosiy va xalqaro ahamiyat bagʻishlaydi. Bu esa mintaqa uchun muhim signal: ekologik masalalar endi faqat tabiatni muhofaza qilish emas, balki xavfsizlik, iqtisodiyot va ijtimoiy barqarorlik masalasiga aylanmoqda. Xususan, xalqaro moliya institutlari — Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi tuzilmalarning jalb etilishi ekologik tashabbuslarni amaliy loyihalarga aylantirish imkoniyatini kengaytiradi. Chunki muammolarni hal qilish uchun faqat siyosiy bayonot emas, balki katta moliyaviy resurslar va texnologiyalar ham zarur.
“Yashil oʻtish” — imkoniyat yoki chaqiriq?
Sammit kun tartibidagi “yashil oʻtish” masalasi alohida ahamiyatga ega. Bu jarayon Markaziy Osiyo davlatlari uchun ikki tomonlama xarakterga ega.
Bir tomondan, “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish yangi investitsiyalar, innovatsiyalar va ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi. Qayta tiklanuvchi energiya, resurs tejamkor texnologiyalar va barqaror qishloq xoʻjaligi sohalari rivojlanishi mumkin.
Ikkinchi tomondan esa, bu jarayon katta islohotlarni talab qiladi. Eski infratuzilmalarni yangilash, sanoatni modernizatsiya qilish va aholining ekologik madaniyatini oshirish — oson vazifa emas. Shuning uchun ham sammitda “adolatli va inklyuziv yashil oʻtish” tamoyiliga urgʻu berilishi bejiz emas.
Oʻzbekiston: islohotlar va ekologik tashabbuslar namoyishi
Oʻzbekiston uchun ushbu sammit xalqaro maydonda oʻz ekologik siyosatini namoyon etish imkoniyatidir. Soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan “Yashil makon”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Toza havo”, “Bio meros”, “Chiqindisiz hudud” va “Eko-madaniyat” loyihalari kabi dasturlar mamlakatning bu yoʻnalishda faol pozitsiyasini koʻrsatmoqda.
Ayniqsa, Orolboʻyi hududini tiklash boʻyicha amaliy ishlar Oʻzbekistonni nafaqat mintaqada, balki global miqyosda ham muhim hamkorga aylantirmoqda. Bu esa investitsiyalar jalb qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Sammitdan kutilayotgan eng muhim natija
Sammitda mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega bir qator hujjatlar, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining qoʻshma deklaratsiyasi, 2026–2030-yillarga moʻljallangan BMT bilan hamkorlikdagi mintaqaviy dastur, bioxilma-xillik, ekoturizm va ekotizimlarni muhofaza qilish boʻyicha memorandumlar, yongʻinlar boʻyicha erta ogohlantirish tizimini yaratish boʻyicha kelishuvlar va transchegaraviy “Tinchlik bogʻi” tashabbuslarini imzolash rejalashtirilgan.
Mazkur hujjatlar uzoq muddatli hamkorlik va ekologik loyihalarni moliyalashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Xulosa: global chaqiriqlarga mintaqaviy javob
Mintaqaviy ekologik sammit Markaziy Osiyoning global ekologik kun tartibidagi roli ortib borayotganini koʻrsatadi. Ushbu forum iqlimiy xatarlarni kamaytirish, tabiiy resurslarni asrash va barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan yagona mintaqaviy strategiyani shakllantirish yoʻlida muhim qadamdir. Oʻzbekiston uchun esa sammitda ishtirok etish — bu nafaqat oʻz yutuqlarini namoyish qilish, balki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish va “yashil iqtisodiyot” yoʻnalishidagi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim imkoniyatdir.