Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi sifatida eʼtirof etildi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tomonidan “Turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi” deb eʼtirof etildi.
Bu haqda tashkilot Bosh kotibi Sulton Rayev Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiya doirasida maʼlum qildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qisqa muddatlarda bunyod etilgan mazkur Markaz bugungi kunda nafaqat meʼmoriy jihatdan noyob inshoot, balki Sharq va Gʻarb sivilizatsiyalarini bogʻlovchi ramziy koʻprik sifatida ham yuksak baholanmoqda. U oʻzining konsepsiyasi, mazmun-mohiyati va ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishi bilan islom sivilizatsiyasining bunyodkorlik va maʼrifatparvarlik salohiyatini yaqqol namoyon etmoqda.
Sulton Rayev Markaz rahbariyatiga “Eng yaxshi muzey” sertifikatini tantanali ravishda topshirar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom sivilizatsiyasi merosini chuqur oʻrganish va uni jahon miqyosida targʻib etishga qaratilgan siyosatini alohida eʼtirof etdi:
— Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyevning alohida eʼtibori tufayli bugungi kunda Amir Temur merosi va islom madaniyati chuqur oʻrganilmoqda. Yangi ilmiy va badiiy asarlar yaratilmoqda, zamonaviy ilmiy-maʼrifiy markazlar barpo etilmoqda. Men ishonch bilan ayta olamanki, dunyoda bu kabi markazning oʻxshashi yoʻq. Bu, shubhasiz, Uchinchi Renessans gʻoyalarining yorqin ifodasidir. Baʼzan dunyoda faqat bayonotlar bilan cheklaniladi. Ammo Oʻzbekiston amaliy ishlari va aniq natijalari bilan namuna koʻrsatmoqda.
Oʻz navbatida, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxaliqov ham ushbu yuksak eʼtirof haqida oʻz fikrlarini bayon qildi:
— Muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari va mualliflik gʻoyalari asosida barpo etilgan Markazimiz bugungi kunda turkiy dunyoning eng nufuzli mega-loyihalaridan biriga aylandi. Uning qurilishida davlatimiz rahbari shaxsan ishtirok etib, barcha jarayonlarga rahbarlik qildi. Bugun har bir tashrif buyuruvchi mehmon Markazdan bir olam taassurot bilan qaytmoqda. Maʼlumki, TURKSOY — Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Turkiya kabi davlatlarni birlashtirgan nufuzli xalqaro tashkilot boʻlib, u koʻpincha “Turkiy dunyoning YUNESKO”si sifatida eʼtirof etiladi. Bugungi kunda ushbu davlatlar muzey merosi qariyb 1300 ta muzeyni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa oʻzining bunyodkorlik gʻoyasi, mazmunan chuqur konsepsiyasi va innovatsion yechimlari bilan mazkur muzeylar orasida alohida oʻrin egallab, noyob madaniy-ilmiy fenomen sifatida namoyon boʻlmoqda.
Shuningdek, F.Abduxaliqov Markaz faoliyatiga xalqaro miqyosdagi qiziqish ortib borayotganini alohida qayd etdi. Xususan, Vengriya hukumati Markaz tajribasini oʻrganish va shunga oʻxshash loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkorlikka qiziqish bildirgan. Germaniyaning Bavariya hududi rahbariyati esa islomni maʼrifat orqali targʻib qilishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qilgan.
Tadbir yakunida ushbu mukofot Markazning yuqori xalqaro nufuzi, ilmiy va madaniy ahamiyati hamda turkiy dunyo miqyosidagi yuksak eʼtirofining yorqin namunasi ekani alohida taʼkidlandi.
“Dunyo” AA