Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi.
Mazkur muhim ilmiy-maʼrifiy loyiha buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bagʻishlangan “Temuriylar davri xattotlik merosi – anʼanalar davomiyligi” mavzusidagi seminarda eʼlon qilindi.
Seminar islom sanʼati, tarix va filologiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislarni birlashtirib, xattotlik sanʼatining maʼnaviy va madaniy ahamiyatini keng muhokama qilish uchun muhim maydon boʻldi.
– Xattotlik maktabi Islom sivilizatsiyasi markazida ochish tashabbusi 2025-yil 29-yanvarida muhtaram Prezidentimiz tomonidan taklif etilgandi. Bir yil oʻtgach, ushbu tashabbusni barcha xalqaro tashkilotlar qoʻllab-quvvatlab, Temuriylar tamadduniga bagʻishlangan konferensiya doirasida bu loyihaga start berildi. Xattotlik maktabining tashkil etilishi mamlakatimizda madaniy merosni asrash va targʻib etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarning mantiqiy davomidir, – dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan nutqida.
Qayd etilganidek, Temuriylar davrida xattotlik sanʼati yuksak taraqqiyot choʻqqisiga koʻtarilib, madaniy yuksalish ramziga aylangan. Olimlar taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, Amir Temur markazlashgan davlat barpo etgach, turli oʻlkalardan eng mohir xattotlarni poytaxtga jamlagan. Suls, nastaʼliq va kufiy xat turlari oʻzining choʻqqisiga chiqdi. “Boysungʻur Qurʼoni” nomi bilan mashhur boʻlgan qoʻlyozma nusxalar bitildi.
Xalqaro ekspertlar ushbu tashabbusni yuqori baholadi. Jumladan, IRCICA bosh direktori Mahmud Erol Qilich islom xattotligining jahon madaniyatidagi oʻrni, uning yuksak estetik va maʼnaviy qiymati haqida fikr bildirdi. Turkiya Qoʻlyozma asarlar boshqarmasi raisi Joʻshqin Yilmaz Suleymaniya kutubxonasida saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalar haqida maʼlumot berib, ularning katta qismi Markaziy Osiyo tarixi bilan bogʻliq ekanini taʼkidladi. Buyuk Britaniyadagi “Al-Furqan Islamic Heritage Foundation” direktori Sali Shaxsuvari esa Temuriylar davrini haqiqiy maʼrifiy va madaniy uygʻonish davri sifatida baholadi.
Taʼkidlanishicha, Xattotlik maktabi nafaqat taʼlim muassasasi, balki ilmiy-tadqiqot va madaniy markaz sifatida faoliyat yuritadi. Uning doirasida mutaxassislar tayyorlash, qoʻlyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.
“Dunyo” AA