Oʻzbekiston va Qozogʻiston: raqamli hamkorlik yangi bosqichda

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi hamkorlik izchil ravishda kengayib, strategik ahamiyat kasb etmoqda. Bu hamkorlik nafaqat ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda, balki Markaziy Osiyoda yagona raqamli makonni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Mustahkam huquqiy poydevor
Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslari Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab shakllangan boʻlib, bugungi kunga kelib yanada takomillashtirildi. Elektr va pochta aloqalari, chegaraoldi hududlarda aloqa xizmatlari, radiochastotalarni muvofiqlashtirish hamda kosmik tadqiqotlar sohasida imzolangan bitim va kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarning mustahkam poydevorini yaratdi.
Xususan, 2025-yilda radiochastotalardan foydalanish boʻyicha yangi kelishuv imzolanishi raqamli infratuzilmani uygʻun rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Raqamli iqtisodiyot: oʻsish va investitsiyalar
Soʻnggi yillarda raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Qozogʻiston kapitali ishtirokidagi IT Park rezidentlari soni 67 taga yetdi va ular tomonidan 2025-yilda 2,8 mln AQSH dollarlik eksport xizmatlari koʻrsatildi. Shu bilan birga, 755 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Qozogʻiston bozoriga xizmat eksport qiluvchi kompaniyalar soni 155 taga yetib, eksport hajmi 17,6 mln dollarga yetdi. Ularda mexnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar soni esa 4,6 mingtaga yetkazildi. Bu esa oʻzaro ishonch va biznes muhitining rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyoning yetakchi texnoparklari hamkorligida tashkil etilgan “Central Asian Innovation Hubs” platformasi esa mintaqaviy startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu platforma orqali yuzlab startaplar xalqaro bozorlarga chiqish imkoniga ega boʻldi.
Startaplar va global integratsiya
Hamkorlik doirasida startaplarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, “ICT Week Uzbekistan” va “GITEX Global” kabi nufuzli tadbirlarda ikki davlat startaplari faol ishtirok etmoqda.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston startaplari AQSH, BAA, Germaniya va Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan xalqaro akseleratsiya dasturlarida qatnashib, yangi investitsiyalar jalb qildi. Jumladan, 40 ta startap “Draper University”, “AlchemistX” va “Silicon Valley Residency” dasturlarida ishtirok etdi.
“Central Asian Innovation Hubs”ning 100 ta startaplari Qozogʻistondagi “AI Forum”, Turkiyadagi “Eurasia Technology Week”, BAAdagi “Machines Can See Summit”, Germaniyadagi “Gitex”, Buyuk Britaniyadagi “London Tech Week” kabi xalqaro konferensiyalarda qatnashdi.
“Astana Hub” rezidentlari orasida oʻzbek kapitaliga ega 20 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda.
Maʼlumot oʻrnida: “Oson”, “Billz”, “Sales Doctor”, “IT Academy for Engineers”, “Verifix”, “Smartup”, “Iman”, “Uysot”, “Sales Doctor”, “Smartcast”, “Uysot”, “Tezbor”, “Platma”, “BITO” kabi kompaniyalar kiradi.
Shuningdek, Shanxay shahrida “Khan Tengri Innovation Hub”ning ochilishi mintaqaviy startaplar uchun Xitoy bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirdi.
2025-yil 3-oktyabr kuni “Digital Bridge 2025” xalqaro konferensiyasi doirasida “Kazakhstan Market Entry” global akseleratsiya dasturi ishga tushirildi. Ushbu dastur doirasida Oʻzbekiston Respublikasidan 10 nafar startap oʻz loyihalarini sahnada taqdim etdi. Akseleratsiya “Astana Hub” bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda va almashinuv dasturi hisoblanadi. Uning doirasida Qozogʻiston Respublikasidan 10 ta startap “Digital Startup Awards” akseleratsiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi bozorida oʻz mahsulotlarini faol rivojlantirmoqda.
“Digital Startup Awards” loyihasi doirasida, umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 mln AQSH dollarini tashkil etuvchi mintaqadagi eng yirik tashabbuslardan biri sifatida, amalga oshirilgan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari, shuningdek “Best Startup Project” tanlovida Markaziy Yevroosiyo mamlakatlari, jumladan Qozogʻiston va mintaqaning boshqa bozorlaridan kelgan startaplar ishtirok etdi.
Dastur yakuniga koʻra, 14 ta startap akseleratsiyani va 15 ta startap inkubatsiyani muvaffaqiyatli yakunladi. Akseleratsiya dasturi natijalariga koʻra, “IT Park Ventures” fondi startaplarning erishgan natijalari va kengayish salohiyatidan kelib chiqib, “SAFE” formatida 50 000 AQSH dollarigacha investitsiya kiritdi, shuningdek inkubatsiya dasturidagi startaplarga ham xuddi shu asosda 10 000 AQSH dollarigacha investitsiya ajratdi.
Telekommunikatsiya: oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish
Telekommunikatsiya sohasida hamkorlik doirasida yirik operatorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa kanallari yoʻlga qoʻyilgan. Bu orqali xalqaro telefon va internet trafiklar samarali almashilmoqda.
Jumladan, “Oʻzbektelekom” AK, “Kazaxtelekom” AJ, “Jusan mobile” AJ, “TransTelekom” AJ, “TNS-Plus” MCHJ kabi telekommunikatsiya operatorlari bilan aloqa kanallari tashkil etib, ular orqali xalqaro toʻgʻridan-toʻgʻri va tranzit telefon-telegraf trafiklari almashinuvi amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, ikki davlat oʻrtasida mobil qurilmalarning IMEI-kodlari boʻyicha maʼlumot almashish tizimi joriy etilmoqda. Bu esa axborot xavfsizligini taʼminlash va noqonuniy qurilmalar aylanmasiga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega.
Sunʼiy intellekt: kelajakka qaratilgan hamkorlik
Sunʼiy intellekt sohasida ham hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Qozogʻistondagi Nazarbayev universiteti huzuridagi sunʼiy intellekt instituti bilan ilmiy hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.
Ikki davlat mutaxassislari tomonidan kadrlar tayyorlash, tadqiqot laboratoriyalarini rivojlantirish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish boʻyicha qoʻshma ishlar olib borilmoqda.
Raqamli hukumat: transchegaraviy hamkorlik
2025-yil 17-dekabrda BMT ESKATO (UN ESCAP) va Oʻzbekiston Respublikasi, shuningdek, BMT ESKATO va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida imzolangan Oʻzaro Anglashuv Memorandumlari asosida turizm sohasida maʼlumot almashish boʻyicha pilot loyihasini ishga tushirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
2026-yil 13-mart kuni Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida BMT ESKATO, Koreyaning NIA agentligi hamda Qozogʻistonning “NITEC” AJ oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanganligi eʼlon qilindi.
Loyihaning birinchi bosqichi davomida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Koreya oʻrtasida transchegaraviy maʼlumot almashishning huquqiy va texnik asoslari ishlab chiqildi. Shuningdek, maʼlumotlarga asoslangan tahlillar tayyorlanib, ularning qaror qabul qilish jarayonidagi ahamiyati namoyish etildi. Xususan, koreyalik sayyohlarning Oʻzbekistondagi faoliyati va isteʼmol xususiyatlari boʻyicha olingan natijalar amaliy ahamiyatga ega boʻldi.
Pilot loyihasining keyingi bosqichlari ham muvaffaqiyatli amalga oshirilganidan soʻng, maʼlumot almashinuvini boshqa ustuvor tarmoqlarga kengaytirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida maʼlumot almashish boʻyicha yagona davlatlararo platformani yaratish rejalashtirilgan.
Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi transchegaraviy raqamli hamkorlikni rivojlantirish hamda davlat va tijorat xizmatlariningsa maradorligini oshirishni taʼminlaydi.
Kelgusida mazkur tashabbusni kengaytirish va yagona davlatlararo raqamli platforma yaratish rejalashtirilmoqda. Bu esa davlat xizmatlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Axborot xavfsizligi va infratuzilma
Axborot xavfsizligi sohasida hamkorlik memorandumlari doirasida elektron hukumat tizimlari, raqamli platformalar va davlat maʼlumotlarini boshqarish tizimlarini rivojlantirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, 700 MGs diapazonida 4G va 5G tarmoqlarini joriy etish uchun raqamli televideniyeni transformatsiya qilish ishlari Markaziy Osiyo miqyosida muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi AKT sohasidagi hamkorlik bugungi kunda nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun strategik ahamiyatga ega. Raqamli iqtisodiyot, startap ekotizimi, sunʼiy intellekt va telekommunikatsiya sohalaridagi qoʻshma tashabbuslar mintaqada innovatsion rivojlanishni jadallashtirmoqda.
Bu hamkorlik kelgusida yagona raqamli makonni shakllantirish va global raqobatbardoshlikni oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.