Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi Renessansi: Amir Temur merosi va Islom sivilizatsiyasi markazi maʼnaviy-intellektual rivojlanishning strategik impulsi sifatida

Insoniyat tarixi shuni koʻrsatadiki, buyuk sivilizatsiyalar – intellektual yutuqlar, maʼnaviy qadriyatlar va madaniy meros uygʻunligiga tayanadi. Markaziy Osiyo qadimdan ilm-fan, sanʼat va falsafa oʻchogʻi boʻlib, butun dunyoga taʼsir koʻrsatgan tamaddun asoslarini shakllantirgan. Bugungi kunda ushbu salohiyat Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi timsolidagi ulkan loyihada oʻz aksini topmoqda. Bu markaz shunchaki tarixiy eksponatlarni saqlab qolmay, balki ilm-fan, taʼlim va maʼnaviy yuksalish uchun jonli platforma boʻlib xizmat qiladi.
Loyiha Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi – Uchinchi Renessansni ramziy ifodalaydi. Unda oʻtmish, bugun va kelajak intellektual hamda madaniy meros orqali birlashadi. Islom sivilizatsiyasi markazi maʼnaviy va maʼrifiy qadriyatlar qanday qilib milliy tiklanish va xalqaro hamkorlik asosi boʻlishi mumkinligini koʻrsatib, butun dunyodan tadqiqotchilar, sayyohlar va jamoatchilikni oʻziga jalb etmoqda.
Amir Temur jahon tarixida ulugʻ davlat arbobi, sarkarda va oʻz davrining eng yirik imperiyalaridan birining asoschisi sifatida alohida oʻrin tutadi. XIV asr oxiri va XV asr boshlari chuqur siyosiy oʻzgarishlar davri edi va ushbu fonda Temur Hindistondan Yaqin Sharqqacha boʻlgan ulkan hududlarni birlashtirishga, barqaror boshqaruv tizimiga ega qudratli davlat yaratishga muvaffaq boʻldi.
Uning siyosatida diplomatiya alohida rol oʻynagan. Amir Temur Yevropa mamlakatlari, jumladan, Fransiya, Angliya va Kastiliya bilan aloqalar oʻrnatgan. 1402-yilgi Anqara jangida Usmonli sulton Boyazid I ustidan qozonilgan gʻalaba esa Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi kuchlar muvozanatini oʻzgartirib yuborgan edi. 1404-yilda Samarqandga tashrif buyurgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo davlat boshqaruvining yuksak darajasini, rivojlangan infratuzilmani va chet el elchilariga boʻlgan hurmatni alohida qayd etgan.
Imperiya poytaxti sifatida tanlangan Samarqand Xitoy, Hindiston, Yevropa hamda Yaqin Sharq savdo yoʻllari kesishgan madaniy va iqtisodiy markazga aylandi. Shahar koʻp millatli aholisi, rivojlangan hunarmandchilik tizimi, muhtasham meʼmorchiligi hamda obod bogʻlari, irrigatsiya tizimlari va savdo koʻchalari bilan ajralib turardi.
Amir Temur, shuningdek, imperiyaning noyob huquqiy asosini yaratdi. “Temur tuzuklari”ga koʻra, davlat toʻrt ustunga tayanar edi: kengash, maslahat, qatʼiy reja va hushyorlik. Ishlarning oʻndan toʻqqiz qismi kengash va oqilona choralar bilan, faqat bir qismi esa qilich bilan hal qilingan. Ushbu tamoyil diplomatiya va huquqiy qarorlarning harbiy kuchdan ustunligini aks ettirib, boshqaruvda adolat va qatʼiyat muvozanatini taʼkidlaydi.
Temurning ijtimoiy siyosati tartib, adolat va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan edi. U hunarmandchilik, savdo va qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlagan, amaldorlar faoliyatini nazorat qilib, suiisteʼmolchiliklarni qatʼiy jazolagan va shu bilan birga, hunarmandlarni koʻchirib keltirish hamda davlatning barqaror rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish orqali aholi haqida gʻamxoʻrlik qilgan.
Amir Temur vafotidan keyin uning vorislari — Temuriylar ilm-fan, madaniyat va taʼlimga alohida eʼtibor qaratgan holda davlat rivojini davom ettirdi. Bu davr Markaziy Osiyoning Ikkinchi Renessansi nomini oldi, chunki unda intellektual va badiiy hayotning Yevropa Uygʻonish davri bilan qiyoslanadigan darajadagi yuksalishi kuzatildi. Davrning eng yirik namoyandasi Mirzo Ulugʻbek boʻlib, u oʻz davrining eng ulkan rasadxonalaridan birini bunyod etdi hamda astronomiya, matematika, meʼmorchilik va sanʼatga beqiyos hissa qoʻshdi. Uning ilmiy ishlari nafaqat islom, balki jahon sivilizatsiyasiga taʼsir koʻrsatib, kelajakdagi ilmiy kashfiyotlar uchun asos boʻldi.
Bugun Temuriylar merosini Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida koʻrish mumkin. Bu yerda oʻsha davrning madaniy va maʼnaviy boyligini namoyish etuvchi noyob eksponatlar toʻplangan. Ular orasida xattot Umar Aqto tomonidan Amir Temur uchun koʻchirilgan, “Boysungʻur Qurʼoni” nomi bilan mashhur boʻlgan Qurʼon parchasi ham bor. Ushbu qoʻlyozma xattotlikning bezak ustidan qozonilgan gʻalabasini namoyon etadi: harflarning uygʻun va qudratli shakllari, siyohning aniq oqimi ulugʻvor vizual effekt yaratadi. Markazda ushbu Qurʼonning bir satri saqlanmoqda, bu esa tashrif buyuruvchilarga Temuriylar sanʼatining ulugʻvorligini his qilish va yozuv madaniyati davlatning maʼnaviy qiyofasini qanday shakllantirganini tushunish imkonini beradi.
Shuningdek, Boburiylarning tumorli koʻylagi — egasini asrash va unga baraka tilash maqsadida saroy ustaxonalarida tayyorlangan kiyim-tuhfa alohida oʻrin tutadi. Qalin paxta matosi toʻliq Qurʼon matnlari, jumladan, Shahodat kalimasi va Allohning 99 ismi bilan qoplangan, orqa qismida esa Yusuf surasining 64-oyati keltirilgan: “Albatta, Alloh eng yaxshi saqlovchidir va U rahmlilarning rahmlisidir”. Ushbu koʻylak ilohiy himoyani va egasining Yaratgan bilan maʼnaviy bogʻliqligini ramziy ifodalab, Temuriylarning diniy teranligi va badiiy mahoratini aks ettiradi.
Nihoyat, muqaddas Kaʼba kaliti (taxminan 1425–1426-yillar), u jezdan tayyorlanib, kumush naqsh va yozuvlar bilan bezatilgan boʻlib, davr va uning maʼnaviy ahamiyati haqidagi tarixiy xotirani saqlaydi. Boshqa eksponatlar bilan birgalikda u zamonaviy tashrif buyuruvchilarga Ikkinchi Renessansning intellektual va madaniy yuksalishini his qilishga, oʻtmishdagi maʼnaviy va maʼrifiy yutuqlar sivilizatsiya rivoji uchun qanday poydevor yaratganini anglashga yordam beradi.
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey, balki jonli taʼlim platformasi hamdir. Majmuaning meʼmoriy konsepsiyasi Temuriylar anʼanalarini zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirib, oʻtmish va bugungi kun birligini ifodalaydi. Uning 65 metrlik gumbazi va toʻrtta oltin darvozasi Oʻzbekistonning barcha hududlari birlashuvini ramziy qilib, ulugʻvorlik va tarixiy davomiylik hissini uygʻotadi.
Markaz ekspozitsiyasi “Sivilizatsiya — Shaxslar — Kashfiyotlar” tamoyili asosida qurilgan boʻlib, islomgacha boʻlgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, Temuriylar davri va zamonaviy Yangi Oʻzbekiston kabi asosiy tarixiy bosqichlarni qamrab oladi. Tashrif buyuruvchilar nafaqat noyob osori-atiqalarni koʻrishlari, balki VR va AR texnologiyalari, gologrammalar hamda sunʼiy intellekt orqali ular bilan muloqot qilishlari mumkin, bu esa tarixni jonli va sezilarli qiladi.
Markaz turli xil taʼlim va madaniy vazifalarni birlashtiradi: interaktiv laboratoriyalar, jumladan, bolalar uchun “1001 ixtiro”, 200 mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona, xattotlik maktablari va raqamli arxivlar, shuningdek, UNESCO, ICESCO, IRCICA va OCIS vakolatxonalari shular jumlasidandir. Bu anʼanalar va innovatsiyalar birga mavjud boʻlgan hamda bir-birini toʻldiradigan, ilm-fan va madaniyat rivojiga turtki beradigan makonni yaratadi.
Temuriylar va Boburiylar eksponatlari, jumladan, Umar Aqto tomonidan koʻchirilgan Qurʼon parchasi, tumorli koʻylak va Kaʼba kaliti ekspozitsiyaga integratsiya qilingan boʻlib, tarixiy meros mintaqaning intellektual va maʼnaviy salohiyatini qanday shakllantirganini kuzatish imkonini beradi. Bunday yondashuv tufayli Markaz shunchaki bilimlar xazinasi emas, balki Ikkinchi va Uchinchi Renessans oʻrtasidagi jonli koʻprikka aylanib, anʼanalar davomiyligini taʼminlaydi va yangi avlodni ilmiy, madaniy hamda maʼnaviy yutuqlarga ilhomlantiradi.
Amir Temur va uning vorislari merosi zamonaviy dunyoda, ayniqsa, Oʻzbekistonning madaniy oʻzligini shakllantirishda va xalqaro madaniy muloqotda hal qiluvchi rol oʻynaydi.
Birinchidan, u milliy oʻzlikni anglashning asosidir. Temuriylar tarixi mintaqadagi davlatchilik, ilm-fan va madaniyatning yuksak darajasini koʻrsatadi, ularning “Temur tuzuklari”da oʻz aksini topgan huquqiy va ijtimoiy anʼanalari esa boshqaruvda adolat va qatʼiyat muvozanatining namunasidir.
Ikkinchidan, Amir Temurning diplomatik tajribasi hamon dolzarbdir. Uning harbiy qudratini moslashuvchan va hurmatga asoslangan diplomatiya bilan uygʻunlashtira olish qobiliyati zamonaviy tashqi siyosat va madaniy hamkorlik uchun oʻrnak boʻlishi mumkin.
Uchinchidan, Temuriylarning madaniy merosi xalqaro almashinuv va turizm rivojiga xizmat qiladi. Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlarning meʼmoriy yodgorliklari butun dunyodan tadqiqotchilar va sayyohlarni jalb qiladi. Islom sivilizatsiyasi markazidagi Umar Aqto koʻchirgan Qurʼon parchasi, Boburiylarning tumorli koʻylagi va Kaʼba kaliti kabi eksponatlar zamonaviy tashrif buyuruvchiga Ikkinchi Renessansning maʼnaviy va intellektual qudratini his qilish imkonini beradi.
Shunday qilib, Islom sivilizatsiyasi markazi oʻtmish va bugunni bogʻlab, yangi avlodni ilmiy va madaniy zafarlarga ilhomlantirgan holda Uchinchi Renessansning poydevoriga aylanmoqda.
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi — shunchaki muzey emas, balki oʻtmish va kelajak oʻrtasidagi jonli koʻprikdir. U Markaziy Osiyoning maʼnaviy, madaniy va taʼlimiy yutuqlarini birlashtirib, ilmiy tadqiqotlar, oʻqitish va xalqaro hamkorlik uchun makon yaratadi.
Amir Temur va Temuriylar merosi Markaz eksponatlari va meʼmoriy konsepsiyasida oʻz aksini topgan holda, maʼnaviy va intellektual qadriyatlar milliy tiklanishning asosi boʻla olishini namoyish etadi. Qurʼon parchalari, tumorli koʻylaklar, kalitlar va meʼmoriy ramzlar ilohiy himoya, ilm-fan va maʼrifat gʻoyalarini mujassam etib, noyob madaniy makonni yuzaga keltiradi.
Loyiha Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi Renessansiga asos boʻlib xizmat qiladi va zamonaviy avlodni ilm-fan, taʼlim va maʼnaviyat sohasidagi yutuqlarga ilhomlantiradi. Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaning intellektual va madaniy lokomotiviga aylanib, buyuk “Iqro” — “Robbingning ismi bilan oʻqi!” degan daʼvatga amal qilgan holda, insoniyatni tinchlik, uygʻunlik va taraqqiyot yoʻlida birlashtirishga hissa qoʻshadi.
“Dunyo”AA