2026-yilning 13–15-may kunlari Buxoro shahrida II Osiyo xotin-qizlar forumi boʻlib oʻtadi

Oliy Majlis Senatida II Osiyo xotin-qizlar forumini oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Parlament yuqori palatasi xabariga koʻra, yigʻilishni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yigʻilishda Tashkiliy qoʻmita aʼzolari, senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida (2025-yil 23–29-sentyabr) Osiyo xotin-qizlari forumini doimiy platformaga aylantirish taklifi ilgari surilgan edi.
Shu maqsadda mazkur anjumanni “BMT–ayollar” tuzilmasi va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA) bilan birgalikda joriy yil 13–15-may kunlari Buxoro shahrida oʻtkazish belgilandi.
Forum doirasida mintaqa xotin-qizlarining siyosat, iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash va taʼlim, ijtimoiy himoya, iqlim, ekologiya va boshqaruv sohalaridagi huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama etiladi. Bu boradagi global va mintaqaviy hamkorlik yanada mustahkamlanadi va oʻzaro tajriba almashiladi.
Forum orqali davlatimiz rahbari boshchiligida Oʻzbekistonda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar, bandlik, tadbirkorlik, taʼlim va ijtimoiy himoya sohalarida yaratilgan shart-sharoitlar, obod mahallalar va farovon oilalar hayoti, turizm salohiyati hamda ilgʻor milliy tajriba xorijiy ishtirokchilarga yetkaziladi.
Shuningdek, BMTning Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiyasi, Xavfsizlik Kengashining 1325-rezolyutsiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qoidalarini hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Yigʻilish davomida tadbirni oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy jihatlar, forum kun tartibi, uning mazmuni hamda xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilish yakunida forumni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha vazirlik va idoralar masʼullari oldida aniq vazifalar qoʻyildi.
“Dunyo” AA,
Toshkent sh.