Oʻzbekiston milliy taraqqiyot yoʻlida yangilangan va ulkan maqsadlarni qamrab olgan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini taqdim etdi

TOSHKENT — Oʻzbekiston yangilangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini taqdim etdi. Bu hujjat mamlakatning islohotlar va taraqqiyot yoʻlidagi navbatdagi muhim bosqichni anglatadi. Taʼkidlanishicha, islohotlarni amalga oshirish masʼuliyat, izchillik, institutsional intizom va jamoatchilik ishonchini talab etadi. Hukumat ushbu strategiyani keng jamoatchilik muhokamalari asosida qayta koʻrib chiqib, fuqarolarning fikri unda oʻz ifodasini topishini taʼminladi. Xalqaro standartlarga uygʻun va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surishga qaratilgan mazkur strategiya Oʻzbekistonni global taraqqiyot kun tartibining faol ishtirokchisi sifatida namoyon etmoqda.
Strategiyaning eng muhim xususiyatlaridan biri — uning amalga oshirilishi aniq oʻlchanadigan mezonlar asosida tashkil etilganidir. 2030-yilga qadar har yili baholab boriladigan 100 ta maqsad belgilangan boʻlib, har biri uchun masʼul idoralar, amalga oshirish mexanizmlari va moliyalashtirish manbalari aniq koʻrsatib qoʻyilgan. Bu yondashuv hisobdorlik va shaffoflikka asoslangan boshqaruv modelini shakllantiradi. Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot boʻyicha hamkorlar ham jarayonni kuzatish, hisobotlar bilan tanishish va ekspertlik hissasini qoʻshish imkoniyatiga ega boʻladi. Rasmiylar fikricha, bu shaffoflikni yanada kuchaytiradi va tashqi qoʻllab-quvvatlashni kengaytiradi.
Strategiyaning birinchi yirik ustuvor yoʻnalishi — har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun imkoniyat yaratish boʻlib, aholi farovonligi bilan bogʻliq 44 ta maqsadni qamrab oladi. Ular taʼlim, sogʻliqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoya sohalaridagi vazifalarni oʻz ichiga oladi. Xususan, taʼlim sohasida hukumat maktabgacha taʼlim qamrovini 80 foizga yetkazish, maktabga tayyorlov guruhlarida toʻliq qamrovga erishish, maktablarni elektron doskalar va yangi avlod darsliklari bilan jihozlashni rejalashtirgan. Oʻqituvchilarning ish haqi ikki baravar oshiriladi, 500 ming nafar taʼlim xodimi esa muntazam malaka oshirishdan oʻtadi. Oliy va kasbiy taʼlim sohasida qamrovni kengaytirish, bitiruvchilarning ishga joylashish koʻrsatkichini yaxshilash hamda xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan universitet dasturlari sonini 200 taga yetkazish maqsad qilingan.
Rasmiylar inson kapitali rivojini ilm-fan va innovatsiya taraqqiyoti bilan uzviy bogʻlamoqda. Strategiyada ilm-fanga ajratiladigan mablagʻlarni YAIMning 1 foizigacha oshirish, tadqiqot va innovatsiya loyihalari sonini koʻpaytirish hamda Oʻzbekistonni Global innovatsiyalar indeksida dunyoning yetakchi 60 davlati qatoriga kiritish vazifasi belgilangan.
Sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini 78 yoshga yetkazishga qaratilgan boʻlib, ushbu sohaga ajratiladigan mablagʻlar YAIMning 5 foizigacha oshirilishi kutilmoqda. Asosiy ustuvor yoʻnalishlar qatoriga asosiy kasalliklardan erta oʻlim holatlarini kamaytirish, ona va bola salomatligini yaxshilash hamda raqamli tibbiyot xizmatlarini kengaytirish kiradi. Xotin-qizlarning rahbarlik va davlat xizmatidagi ulushini oshirish, qashshoqlikka barham berish, ishsizlikni 4 foizgacha kamaytirish hamda 2 million nafar fuqaroni yangi koʻnikmalar va xorijiy tillarga oʻqitish vazifalari ham bor.
Yoshlar siyosati ham strategiyaning markaziy ustunlaridan biri hisoblanadi. Unga koʻra, 7 million nafar yoshlar xorijiy tillarni bepul oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi, 3 million nafar zamonaviy kasblarni sunʼiy intellekt vositalari orqali oʻrganadi, 300 ming nafar yosh esa IT sohasida ish bilan taʼminlanadi. Shuningdek, sport, madaniyat va sanʼatda ishtirokni kengaytirish ham nazarda tutilgan.
Strategiyaning ikkinchi yirik ustuvor yoʻnalishi — barqaror iqtisodiy oʻsishdir. Hukumat 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 145 milliard dollardan 240 milliard dollardan ortiq darajaga yetkazishni, aholi jon boshiga YAIMni esa 3 800 dollardan 5 800 dollargacha oshirishni maqsad qilgan. Boshqa iqtisodiy koʻrsatkichlar qatorida inflyatsiyani 5 foiz darajasida ushlab turish, davlat qarzini YAIMning 50 foizidan past saqlash va byudjet taqchilligini 3 foizdan oshirmaslik kabi vazifalar belgilangan.
Sanoat siyosati diversifikatsiya va qoʻshilgan qiymatni oshirishga qaratilgan. Jumladan, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, avtomobil ishlab chiqarish hajmini 1 million donaga, shundan 200 mingtasi elektromobillarga yetkazish, 1,8 million sanoat ish oʻrni yaratish hamda sanoatda qoʻshilgan qiymat hajmini 60 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Hukumat umumiy qiymati 150 milliard dollar boʻlgan 400 dan ortiq strategik loyiha orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kutmoqda. Moliyaviy islohotlar esa banklarni xususiylashtirish, kreditlashni kengaytirish va islomiy moliyani rivojlantirishni qamrab oladi.
Strategiya “yashil iqtisodiyot” masalasiga ham alohida urgʻu beradi. Rasmiylar qayta tiklanuvchi energiya manbalari umumiy generatsiyaning 54 foizini tashkil etishini, issiqxona gazlari chiqindilarini esa 35 foizga qisqartirishni maqsad qilgan. Transport va logistika sohasida tranzit tashuvlarni kengaytirish, yoʻllarni qurish va taʼmirlash, aeroportlarni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Qishloq xoʻjaligida esa asosiy eʼtibor unumdorlik va eksportni oshirishga qaratilgan boʻlib, agrar eksport hajmini 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va suvni tejash ham strategiyaning muhim yoʻnalishlaridan biridir. Oʻzbekiston suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish, ichimlik suvini toʻliq hisobga olish tizimini joriy etish va qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Boshqa ekologik maqsadlar qatorida shaharlarda yashil hududlarni kengaytirish, oʻrmon maydonlarini koʻpaytirish va Orolboʻyi hamda choʻl hududlarida yangi yashil zonalar barpo etish bor. Shuningdek, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish, havo sifati va iqlim barqarorligini kuchaytirish ham ustuvor vazifalar qatoriga kiradi.
Qonun ustuvorligini mustahkamlash va xalqqa xizmat qiladigan davlat boshqaruvini shakllantirish ham strategiyaning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Unda mahalliy boshqaruvni takomillashtirish, elektron davlat xizmatlarini kengaytirish va tezkor xizmatlar yetib kelish vaqtini qisqartirish nazarda tutilgan. Qonunchilik islohotlari toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunlar sonini oshirish va ortiqcha tartibga solish yukini qisqartirishga qaratilgan. Shu bilan birga, meritokratiya, sud islohoti, inson huquqlari, korrupsiyaga qarshi kurash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ham koʻzda tutilgan.
Strategiya, shuningdek, xavfsiz va tinchliksevar davlat gʻoyasini ham ilgari suradi. Bu faol tashqi siyosat, mintaqaviy hamkorlik, xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash va mehnat migratsiyasini yanada tartibga solish orqali taʼminlanadi. Maqsadlar qatorida Oʻzbekiston fuqarolari uchun vizasiz yoʻnalishlar sonini koʻpaytirish, qoʻshni davlatlar bilan savdo aylanmasini oshirish, diplomatik vakolatxonalar tarmogʻini kengaytirish va Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini ilgari surish bor. Boshqa vazifalar esa mudofaa sohasini modernizatsiya qilish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni kuchaytirish hamda jamoatchilik ishonchi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashni qamrab oladi.
Strategiya ijrosi rasmiy monitoring tizimi orqali raqamli platforma asosida kuzatib boriladi. Unda natijalar rangli toifalar orqali baholanib, yutuqlar yoki kechikishlar aniq koʻrsatiladi. Bu jarayonda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi strategik koʻrsatkichlarni monitoring qilish va islohotlarni yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishda muhim oʻrin tutadi.
“Oʻzbekiston–2030” strategiyasining oʻziga xosligi shundaki, u yuksak maqsadlarni aniq, tuzilmali va natijaga yoʻnaltirilgan yondashuv bilan uygʻunlashtiradi. Hukumat alohida-alohida tashabbuslarni emas, balki muvofiqlashtirilgan, hisobdor va uzoq muddatli transformatsiya dasturini amalga oshirmoqda. Shubhasiz, ushbu strategiya kelgusi oʻn yillikda Oʻzbekistonning taraqqiyot va islohotlar yoʻlini belgilab beruvchi asosiy hujjat boʻlib xizmat qiladi.
Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori