Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari asosida Oʻzbekiston hududlarining soʻnggi besh yillik iqtisodiy faolligini baholadi

Sunʼiy yoʻldosh tasvirlaridan olingan tungi yorugʻlik maʼlumotlari tahlili hududlarda iqtisodiy faollik kuchayganini hamda shahar tipida rivojlanayotgan hududlar soni ortib borayotganini koʻrsatmoqda.
24 mart 2026 y., Toshkent. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistonning hudud va shaharlari darajasida iqtisodiy faollikni baholash uchun sunʼiy yoʻldosh orqali olingan tungi yorugʻlik (Nighttime Lights, NTL) maʼlumotlaridan foydalandi.
Sunʼiy yoʻldosh orqali olingan tungi yorugʻlik maʼlumotlari tahlili shuni koʻrsatadiki, yorugʻlik intensivligi qanchalik yuqori boʻlsa, iqtisodiy faollik va shahar infratuzilmasi rivojlanishi darajasi ham shunchalik yuqori boʻladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari natijalari sunʼiy yoʻldosh koʻrsatkichlari rasmiy statistika bilan yuqori darajada mos kelishini koʻrsatdi. Jumladan, NASAning tungi yorugʻlik maʼlumotlari asosidagi baholashlarga koʻra, 2020–2025-yillarda Oʻzbekistonda aholi jon boshiga toʻgʻri kelgan yalpi ichki mahsulotning (YAIM) nominal oʻsishi 80,3 foizni tashkil etib, bu oʻrtacha yillik 15,8 foizlik oʻsishga toʻgʻri keladi. Soʻnggi 5-yilda YAIM hajmi 2 090 dollardan 3 887 dollarga yetgan.
Qiyoslash uchun, rasmiy statistika maʼlumotlariga koʻra, shu davrda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot oʻsishi 81,8 foizni tashkil etgan boʻlib, oʻrtacha yillik oʻsish 16,1 foizga teng boʻldi. Natijada bu koʻrsatkich 2 048 dollardan 3 881 dollargacha oshdi
Yirik va oʻrta shaharlarda iqtisodiy faollik
Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi besh yilda hududlar kesimida aholi jon boshiga YAHM miqdori boʻyicha eng katta oʻsish Toshkent shahrida qayd etildi. Bu koʻrsatkich taxminan 5 ming dollarga oshib, 2025-yil yakunlariga koʻra 9,3 ming dollarni (rasmiy statistikaga koʻra 9,2 ming dollar) tashkil etdi.
Baholashlarga koʻra, 2025-yilda mamlakatning qator yirik va oʻrta shaharlarida ham aholi jon boshiga YAHM hajmi yuqori darajada boʻlgan. Jumladan, Navoiy shahrida 9,3 ming dollar, Zarafshon shahrida 7,9 ming dollar, Samarqandda 7,2 ming dollar, Qoʻqon va Andijonda 6,7 ming dollardan, Ohongaron, Yangiyoʻl va Buxoroda esa mos ravishda 5,8 mingdan 5,2 ming dollargacha boʻlgan.
Shuningdek, mamlakatning ayrim hududlarida aholi jon boshiga YAHM oʻsish surʼatlari nisbatan yuqori boʻldi. Toshkent viloyatida bu koʻrsatkich 1,8 ming dollarga oshib, qariyb 4 ming dollarni tashkil etdi.
Navoiy viloyatida ham oʻsish 1,8 ming dollarni tashkil etib, natijada aholi jon boshiga YAHM taxminan 4 ming dollarga yetdi. Fargʻona va Sirdaryo viloyatlarida esa mazkur koʻrsatkich 1,6 ming dollarga oshib, mos ravishda qariyb 3,5 ming va 3,4 ming dollarni tashkil etdi.
Kichik va oʻrta shaharlarda iqtisodiy faollik
Qator kichik va oʻrta shaharlarda aholi jon boshiga YAHMning nisbatan yuqori koʻrsatkichlari qayd etildi. Jumladan, Termiz shahrida bu koʻrsatkich 5,1 ming dollarni, Margʻilon va Chirchiq shaharlarida qariyb 5 ming dollarni, Namangan shahrida esa 4,8 ming dollarni tashkil etdi. Shuningdek, Kogon va Urganch shaharlarida ham iqtisodiy faollik darajasi nisbatan yuqori boʻlib qolmoqda.
Tumanlar darajasida iqtisodiy faollik
Toshkent shahri tumanlari kesimida 2020–2025-yillarda aholi jon boshiga toʻgʻri kelgan YAHMning eng yuqori oʻsish surʼati Mirobod tumanida kuzatilib, koʻrsatkich 7,1 ming dollarga oshdi. Shuningdek, Yakkasaroy tumanida 6,3 ming dollarga, Chilonzor tumanida esa 5,6 ming dollarga oʻsish qayd etildi. Natijada ushbu tumanlarda aholi jon boshiga YAHM 10 ming dollardan oshdi, bu esa respublikadagi boshqa tuman va shaharlar oʻrtacha qiymatidan deyarli 3 barobar yuqori.
Tumanlar orasida aholi jon boshiga YAHMning eng yuqori oʻsish surʼatlari Karmana tumanida kuzatilib, koʻrsatkich 2,5 barobarga oshdi. Shuningdek, Yashnobod va Bektemir tumanlarida 2,4 barobar, Sergeli, Yangihayot va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida esa 2,3 barobar oʻsish qayd etildi.
Yuqori iqtisodiy faollikka ega hududlar kengayishi
Tungi yorugʻlik maʼlumotlaridan foydalanish tumanlar darajasida urbanizatsiya jarayonlarini baholash imkonini berdi. Xususan, 2020–2025-yillarda tungi yorugʻlik intensivligi yuqori (NTL qiymatining 10 dan baland) boʻlgan, shahar aglomeratsiyalariga xos hududlar soni 22 tadan 31 taga yetdi.
Bunda mazkur hududlarda aholi jon boshiga YAHM oʻrtacha 3,8 ming dollardan 7 ming dollargacha oshgan.
Shu bilan birga, besh yil davomida tungi yorugʻlik darajasi past (NTL qiymati 1 dan kichik) boʻlgan tumanlar soni 129 tadan 85 taga qisqardi. Bu esa 44 ta tuman shahar tipidagi rivojlanishga oʻtganini tasdiqlaydi.
Mazkur tumanlarda NTL qiymati oʻrtacha 2,5 barobardan koʻproqqa oshgan boʻlsa, aholi jon boshiga YAHM 1,7 ming dollardan 3,2 ming dollargacha oʻsdi.
Xulosa
Olingan natijalar tungi yorugʻlik boʻyicha sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari rasmiy statistikani samarali ravishda toʻldirishi va hududlarning iqtisodiy faolligini tezkor baholashda qoʻllanilishi mumkinligini tasdiqlaydi.
Bunday yondashuv iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtalarini aniqlash, shuningdek, hududlarda infratuzilma va investitsiya faolligini rivojlantirish uchun davlat qoʻllab-quvvatlashini yanada manzilli yoʻnaltirish imkonini beradi.
Abdulaziz Gʻaybullayev,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi
tel.: (+998) 78 150-32-20 (417)