AMIR TEMUR VA DIPLOMATIYA

Amir Temur jahon tarixida qudratli va gullab-yashnagan davlat barpo etgan buyuk sarkarda va davlat arbobi sifatidagina mavqe tutmaydi. Sohibqiron oʻz poytaxti boʻlmish Samarqandni yer yuzining madaniy-meʼmoriy va ilmiy-maʼnaviy markazlaridan biriga aylantirgan.
Shuning uchun Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik iqtidori va faoliyati, saltanati tarixi, undagi ilm-fan va madaniyatni oʻrganish tarixshunoslikning yirik ilmiy yoʻnalishlaridan biri sifatida doimo jahon olimlari, davlat rahbarlari, siyosatchilar diqqat-eʼtiborida boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda. Shuningdek, Temuriylar tarixiga oid manbalar jahon miqyosida turli tillarga tarjima qilingan hamda ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan.
Dunyo tarixshunosligida Amir Temur davrini oʻrganishga oid nashrlar kun sayin ortib bormoqda. Pirovardida, jahon jamiyatshunosligida “Temurshunoslik” mustaqil ilmiy yoʻnalishi shakllandi.
Bugun Amir Temur va Temuriylar sulolasining dunyo sivilizatsiyasi rivojiga, insoniyatning ilmiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-gʻoyaviy, madaniy va tafakkur darajasining keskin koʻtarilishiga qoʻshgan hissasi beqiyosligi hech kimda shubha uygʻotmaydi. Temuriylar Uygʻonish davrini butun dunyo tan olganligini alohida qayd etish lozim. Fransuz olimi Vensan Furniyo “Temuriylar davri Renessansi” iborasini birinchi boʻlib qoʻllaganining oʻzi ham shundan dalolatdir.
Jahon hamjamiyati Temuriylar davrini ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot taraqqiyoti hamda ulugʻ kashfiyot va ixtirolarda oʻz aksini topgan davr, xalqimizni esa – shu paytgacha ikki marotaba Renessansga asos solgan xalq sifatida eʼtirof etadi. Yaʼni, xalqimiz haqli ravishda tom maʼnoda kam sonli “Renessans yarata olgan xalqlar” sirasiga kirgani tahsinga loyiqdir.
Shu maʼnoda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasidagi islohotlar orqali Yangi Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi saʼy-harakatlari kutilgan natijalar berishiga toʻla asos bor deb baholanmoqda.
Millat Sardorining xalqimiz oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri ham aynan oʻz yurtiga egalikdan mosuvo boʻlgan, farovon va yaxshi yashashdan umidini uzgan, kelajakka ishonmay qoʻygan xalqimizning qaddi-qomatini va sindirilgan milliy gʻururi tiklanishi, Yangi Oʻzbekistonga xos ongi shakllanishi, soʻngan ruhi koʻtarilishi, maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlar va tarixiy shaxslarga boʻlgan hurmat-eʼtibor qaytarilishi, deb qaralmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyotining yangi bosqichida davlat va jamiyatning har bir sohasida tubdan yangilanish va yuksalishlar bilan bir qatorda milliy davlatchilikni mustahkamlash, mamlakatimiz siyosiy-huquqiy va iqtisodiy-ijtimoiy hayotini barqaror izga tushirish va rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tarixshunoslikda ham ajdodlarimiz tarixini oʻrganish, ularga toʻgʻri va xolis ilmiy baho berish, shu asosda milliy qadriyatlarimizni tiklash uchun keng yoʻl ochildi. Zero, Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek: “Bizning havas qilsa arziydigan ulugʻ tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulugʻ ajdodlarimiz bor”.
Amir Temur: “Salom va tinchlik eʼlon qilaman!”
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida oʻzbek diplomatiyasining qadimgi zamonlardan boshlab bugungi kungacha – mustaqil Oʻzbekiston diplomatiyasi shakllanishi va taraqqiy etishigacha boʻlgan davri atroflicha va tizimli ravishda oʻrganilayotgani juda muhim. Xususan, 2022-yilda chop etilgan “Oʻzbekiston diplomatiyasi tarixi” kitobi “Oʻzbekiston tarixi” koʻpjildligining VII jildi hisoblanadi. Kitob Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil yanvarda Oʻzbekiston diplomatlari bilan uchrashuvda aytilgan takliflariga amaliy javobdir.
Oʻzbekiston diplomatiyasi tarixi haqida kitob chop etilgani – katta siyosiy voqea. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “bizning milliy davlatchiligimiz necha ming yillik qadimiy tarix va boy madaniyatga ega. Binobarin, diplomatik munosabatlar ham tariximizning eng chuqur qatlamlariga borib taqaladi. Bu haqiqat nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo olimlari tomonidan keng eʼtirof etilgan”.
Buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temurning eng yorqin fazilatlaridan biri shuki, u zot bundan olti asr avval davlatlararo manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, uzoq va yaqin xalqlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash oʻz saltanati istiqbolini taʼminlashning muhim omili ekanini teran anglagan. Shu bois, Yevropa va Osiyoni bogʻlashga xizmat qilgan ulkan ishlarni amalga oshirgan. Bir tomondan – Xitoy, Hindiston, ikkinchi tomondan – Fransiya, Ispaniya, Angliya va boshqa davlatlar bilan aloqa oʻrnatgan va shu munosabatlarni mustahkamlashga intilgan.
Mamlakatimiz olimlari va xorijlik mutaxassislar tomonidan ilmiy asosda eʼtirof etilganidek, Amir Temur tarixda oʻz davrining eng mohir diplomati sifatida ham chuqur iz qoldirgan. Sohibqiron buyuk davlat arbobi sifatida oʻz maqsadlariga erishishda diplomatiyaning tinch yoʻli va harbiy tadbirlarni mohirona qoʻshib olib borgan.
Amir Temur barpo etgan buyuk saltanat oʻsha davrdan boshlab nafaqat qoʻshni mamlakatlar va ularning podsholarini, balki uzoq yurtlar hukmdorlarini ham oʻziga jalb etib kelgan. Tarixiy hujjatlar dalolat berishicha, XIV asrning 70-yillaridanoq Yevropa davlatlari vakillari Movarounnahrga kelib, bu yerdagi yangi, mustaqil davlatning qudrati va salohiyati bilan jiddiy qiziqqanlar.
Sohibqiron ham, oʻz navbatida, ayniqsa, qudratli saltanat shakllangach, oʻsha davrning deyarli barcha yirik davlatlari va ularning hukmdorlari bilan faol diplomatik aloqa oʻrnatgan. Turli davlatlarga oʻz Elchilarini yuborgan, shuningdek, uning huzuriga yoʻllangan xorij Elchilarini qabul qilgan.
Amir Temur Kastiliya va Leon qiroli Don Enrike III (ayrim manbalarda – Ispaniya qiroli Genrix III), Fransiya hukmdori Sharl VI (ayrim manbalarda – Karl VI), Angliya qiroli Genrix IV saroyiga Elchilar yuborgani, oʻz navbatida, ispaniyalik, fransiyalik, angliyalik, xitoylik va boshqa bir qator – jami 20 dan ortiq xorijiy davlat Elchilarini oʻz poytaxti Samarqandda qabul qilgani haqida atroflicha bayon etilgan koʻplab tarixiy va ilmiy asarlar bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, 1402-yil 28-iyulda Amir Temur huzurida hozir boʻlgan Kastiliya va Leon Qiroli Don Enrike III Elchilari safida – Payo de Soto Mayor va Ernan Sanches de Palasuelos ham bor boʻlgan. Elchilarning qaytish payti kelganida Sohibqiron ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ular bilan birga qobiliyatli beklardan Muhammad Keshiyni ham maktub va sovgʻalar bilan Kastiliyaga Elchi qilib joʻnatadi. Muhammad Keshiy u yerga eson-omon yetib borib, maktub va sovgʻalarni Don Enrike III ga topshiradi.
Maʼlumki, Amir Temur Nasaf va Kesh olimlari, diniy va dunyoviy ilmlardan xabardor, xorijiy tillarni biladigan qobiliyatli shaxslarni oʻz saroyiga ishga jalb etgan. Ular turli lavozimlar qatori Elchilik vazifasini ham ado etishgan. Masalan, Muhammad Keshiy Sohibqironning Elchisi sifatida maʼlum muddat Ispaniyada yashab kelgan boʻlsa, Mavlono Abdulloh Keshiy Amir Temur tomonidan Misr sultoni Farajga Elchi qilib yuboriladi.
Amir Temur odatda Yevropa mamlakatlariga masihiylik dini peshvolarini Elchi qilib yuborgan. Musulmon diplomatlardan faqat Muhammad Keshiygina Yevropaga borishga muyassar boʻlgan. Bu ham uning qobiliyatidan, bir necha tillarni, ehtimol, Yevropa tillaridan birini bilganligidan dalolat beradi.
Oʻsha davrda Amir Temurning shuhrati butun Yevropaga tarqalgan edi. Shu sababli Muhammad Keshiy Kastiliya Qiroli Don Enrike III huzurida katta hurmat-eʼtibor bilan kutib olinadi. U Qirol saroyidagi va yirik zodagonlar qasridagi qabullarda ishtirok etadi. Qirol unga Rui Gonsales de Klavixo boshchiligidagi oʻz Elchilarini qoʻshib, hurmat-ehtirom bilan Samarqandga kuzatib qoʻyadi.
Amir Temur diplomatiyasining oʻziga xos tomonlaridan biri – u oʻzining barcha murojaatlarida, hatto qatʼiy talab shaklida yozilgan nomalarida ham Sharq diplomatiyasi etiketlariga rioya qilgan. Ayrim yurtlar xukmdorlarining qoʻpol shaklda, baʼzi hollarda jahl va jaholat bilan yozilgan nomalariga ham Sohibqiron hamma vaqt oʻz fikrini aniq bayon qilgan holda madaniyat va odob bilan javob qilganini oʻsha davrlardan meros boʻlib qolgan tarixiy xatlar orqali bilib olish qiyin emas. Amir Temurning Fransiya qiroli Sharl VI ga yoʻllagan maktubida “Salom va tinchlik eʼlon qilaman!”, degan soʻzlar bitilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Amir Temurning diplomatik yozishmalari
Amir Temur va Temuriylarning mohirona diplomatik faoliyatiga oʻsha davrdan hozirgacha saqlanib qolgan yozishmalar yaqqol guvohlik beradi. Hozirgi kunda Fransiyaning milliy arxivida 4 ta xat saqlanmoqda:
birinchisi, Amir Temurning Fransiya qiroli Sharl IV ga fors tilida yozgan xatining asl nusxasi;
ikkinchisi, shu xatning arxiyepiskop Ioanning oʻzi yoki uning biron zamondoshi lotin tiliga tarjima qilgan nusxasi;
uchinchisi, Fransiya qiroli Sharl IV ning Amir Temurga lotin tilida yozgan xatining nusxasi;
toʻrtinchisi, Mironshoh Mirzoning Yevropaning uch qiroliga yoʻllagan xatining lotin tiliga tarjima qilingan nusxasi. Uning asl nusxasini Ioann oʻzida saqlagan va keyinchalik Angliya qiroliga koʻrsatgan.
Amir Temur va Yevropa oʻrtasidagi munosabatlarning sobiq ittifoq davrida oʻrganilishi haqida soʻz borganda, I.Umnyakovning «XV asr boshlarida Oʻrta Osiyoning xalqaro munosabatlari. Amir Temurning Vizantiya va Fransiya bilan aloqalari» mavzusidagi maqolasi va boshqa asarlari ancha mazmunli ekanini qayd etish oʻrinlidir.
Amir Temur Gʻarbiy Yevropaning olis davlatlari, xususan, Valua dinastiyasi namoyandasi – Fransiya qiroli Sharl VI (1380—1422-yillar) va Angliya qiroli Genrix IV (1399—1413-yillar) bilan ham diplomatik yozishmalar olib borgan. Amir Temur va Sharl VI oʻrtasidagi 1402—1403-yillar yozishmalariga doir dastlabki muxtasar maʼlumotni XIX asr boshlarida yashab oʻtgan fransuz tarixchisi Flossan 1811-yili nashrdan chiqqan tadqiqotida keltirgan.
Amir Temurning Sharl VI ga maktubi forsiy tilda, Sharq hukmdorlarining uslubiga oʻxshamaydigan, noodatiy usulda yozilgan. Maktubda “vaʼzxon ruhoniy Fransisk” Fransiya qirolidan Amir Temurga maktublar olib kelgani haqida soʻz boradi.
Bilishimizcha, Amir Temur bilan Sharl VI oʻrtasida Kastiliya qiroli Genrix III oʻrtasida boʻlgani kabi rasmiy Elchilar almashuvi boʻlmagan. Ayni chogʻda, maktub matnidan shunday mazmun kelib chiqadiki, Amir Temur ilgari ham Fransiyadan maktublar olib turgan. Lekin bu xatlar bizgacha yetib kelmagan.
Mazkur maktubning asl nusxa ekaniga hech qanday shubha yoʻq. Buni xatning ikki joyiga Amir Temurning moʻjaz muhri bosilgani ham yaqqol tasdiqlaydi. Xatdagi muhrning haqiqatan ham Sohibqironga tegishli ekani aksariyat tarixchilar, shu jumladan, Elchi Klavixo va muarrix ibn Arabshoh tomonidan isbotlangan.
Ahamiyatli jihati shundaki, Klavixo – Amir Temurni koʻrib, u bilan bevosita suhbatlari asosida xotiralar yozgan sanoqli, yaʼni toʻrt kishidan biri. Bu holat Ibn Arabshoh, Ibn Xaldun, arxiyepiskop Ioann yaratgan xotiralar kabi ispan Elchisi kundaliklarining ham haqqoniyligini yanada oshiradi. Binobarin, haqqoniylik – haqiqat va adolatga eltuvchi yoʻldir.
Parijdagi Milliy kutubxonada Amir Temurning Sharl VI ga yuborgan ikkinchi maktubi saqlanmoqda. Bu xatning lotincha tarjimasi bizgacha yetib kelgan boʻlib, ilk bor Silvestr de Sasi tomonidan chop etilgan.
Shu bilan birga, Sharl VI tomonidan Amir Temurga yuborilgan maktubning lotincha tarjimasi ham mavjud. Bu Fransiya qirolining Sohibqironga yoʻllagan xatlari orasidan bugungi kungacha saqlanib kelayotgan yagona maktub sifatida alohida qimmatga ega boʻlgan noyob hujjatdir. Amir Temurning har ikkala maktubiga 1402-yil 1-avgust sanasi qoʻyilgan boʻlsa, Sharl VI maktubiga 1403-yil 15-iyun sanasi bitilgan.
Amir Temur hazratlarining tashqi siyosati, diplomatik yozishmalari dunyo olimlari, shu jumladan, mamlakatimiz mutaxassislari tomonidan atroflicha oʻrganilgan va oʻrganilmoqda. Bundan bir muddat oldin Fransiyaning taniqli sharqshunos, boburshunos olimi Jan-Lui Bake-Grammon bilan Parijda uchrashganimizda, u menga ruminiyalik tarixchi va turkshunos olim Mariya-Matilda Aleksandresku-Derska xonim qalamiga mansub «Amir Temurning Anatoliyaga yurishi (1402)» nomli kitobining 1942-yilda nashr etilgan nodir nusxasini taqdim etgandi.
Amir Temur maktublari bundan qariyb yetti asr avval yozilganiga qaramay, ulardagi ayrim jihatlar xuddi bugungi kunimizning oʻta muhim daʼvati kabi jaranglab turibdi: dunyo tojirlar bilan obodligi, saltanatning ulugʻvorligi avvalo oʻzga saltanatlar ulugʻvorligini eʼtirof etish, rasmiy va gʻayrirasmiy tafovutlarga qaramay, fuqarolarning izzat-ikromini bajo keltirish, insoniy huquq va erkinliklarga qatʼiy amal qilish bilan belgilanishi anglab yetilmokda.
Bundan tashqari, Temuriylarning diplomatik yozishmalariga ashyoviy dalil tariqasida Amir Temur va uning uchinchi oʻgʻli — Gʻarbiy Eron, Iroq va Ozarbayjon hokimi Mironshoh Mirzo bilan Fransiya, Angliya, Kastiliya va boshqa mamlakatlar qirollari oʻrtasidagi maktublarni koʻrsatish mumkin. Ushbu maktublardan ayrimlari Fransiya milliy arxivida, Britaniya muzeyida va Ispaniya arxivlarida saqlanmoqda.
Amir Temur va Temuriylarning diplomatik yozishmalari, birinchidan, Yevropa oʻzidan ancha avval uygʻongan Sharqqa hamisha qoʻl choʻzib kelganini, ikkinchidan, Sharq ham bu oʻlkalar bilan aloqa bogʻlashga, hamkorlik qilishga, savdo-sotiq ishlarini yoʻlga qoʻyishga, eʼtiqodiy tafovutlarga qaramasdan tujjorlarni izzatlashga, ularning huquqlarini himoya etishga harakat qilganini yaqqol koʻrsatib turibdi.
Akmal SAIDOV,
akademik