Navroʻz – bahor, birdamlik va madaniy anʼanalar ramzi

Navroʻz insoniyat tarixidagi eng qadimiy mavsumiy bayramlardan biri boʻlib, u tabiatning uygʻonishi, yangi yil boshlanishi va jamiyatdagi hamjihatlik gʻoyalarini ifodalaydi.
Ushbu bayram Markaziy Osiyo, Eron, Kavkaz, Yaqin Sharq hamda Janubiy Osiyo xalqlari madaniyatida muhim oʻrin egallagan boʻlib, u koʻp asrlik sivilizatsiyaviy anʼanalarning davomiyligini aks ettiradi.
Tarixiy manbalarga koʻra, Navroʻz anʼanasi kamida uch ming yillik tarixga ega. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy oʻzining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida batafsil maʼlumot bergan.
Navroʻz qadimgi eroniy va turkiy xalqlar kalendar tizimi bilan bogʻliq boʻlib, bahorgi tengkunlik paytida nishonlangan. Navroʻzning paydo boʻlishi astronomik hodisalar bilan bevosita bogʻliq. Bahorgi tengkunlik vaqtida Quyosh ekliptika boʻylab harakatlanib, Hamal burjiga kiradi va kun bilan tun tenglashadi. Qadimgi xalqlar ushbu tabiiy hodisani yangi yilning boshlanishi sifatida talqin qilgan. Shu sababli, Navroʻz qadimdan tabiat uygʻonishi, hosildorlik va hayotning yangilanishi ramzi sifatida qaralgan.
Bugungi kunda Navroʻz keng geografik hududda nishonlanadigan madaniy anʼana sifatida tanilgan. Bayram Oʻzbekiston, Eron, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Hindiston va Pokiston kabi mamlakatlarda turli shakllarda nishonlanadi. Uning umumiy gʻoyasi – tabiat bilan uygʻunlik, insonlar oʻrtasidagi doʻstlik va jamiyatdagi birdamlikni mustahkamlashdan iborat.
Navroʻzning xalqaro miqyosdagi ahamiyati alohida eʼtirof etilgan. 2009-yilda YUNESKO Navroʻzni insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritdi. Keyinchalik Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 21-martni Xalqaro Navroʻz kuni deb eʼlon qilib, bayramning xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalar va oʻzaro hurmatni mustahkamlashdagi rolini alohida taʼkidladi.
Navroʻz marosimlarida anʼanaviy dasturxon muhim oʻrin tutadi. Bahor neʼmatlaridan tayyorlanadigan turli taomlar, jumladan oʻzbek milliy taomlari: koʻk somsa, koʻk chuchvara, halim va sumalak bayramning ramziy unsurlaridan hisoblanadi. Ayniqsa, sumalak tayyorlash marosimi koʻp asrlik jamoaviy anʼanani ifodalaydi. Bugʻdoy nihollaridan tayyorlanadigan ushbu taom moʻl-koʻlchilik va baraka timsoli sifatida talqin qilinadi.
Tarixiy manbalarda sumalak bilan bogʻliq marosimlar qadimiy jamoaviy sayillar shaklida oʻtkazilgani qayd etiladi. Ayrim tadqiqotchilar bu anʼananing ildizlari oʻrta asrlarda ham davom etganini taʼkidlaydi. Xususan, Temuriylar davriga oid ayrim tarixiy manbalarda bahor bayramlari va xalq sayillari haqida maʼlumotlar uchraydi. Bu marosimlar koʻpincha ochiq maydonlarda, bogʻlarda yoki shahar markazlarida tashkil etilgan boʻlib, ularda turli xalq oʻyinlari oʻtkazilgan.
Navroʻz bilan bogʻliq yana bir qadimiy anʼana – bahoriy sayillar hisoblanadi. Jumladan, lola sayli yoki guli surx sayli kabi tadbirlar tabiat uygʻonishini nishonlashga bagʻishlangan. Ushbu sayillar asosan togʻ va adir hududlarida oʻtkazilib, bahor gullarining ochilishi bilan bogʻliq marosimlar sifatida shakllangan.
Madaniyatshunoslar Navroʻzning jamiyat hayotidagi ahamiyatini bir necha jihatdan izohlaydi. Avvalo, u koʻp asrlik anʼana va qadriyatlarning uzluksizligini taʼminlaydi. Ikkinchidan, bayram jamoaviylik, saxovat va bagʻrikenglik kabi ijtimoiy fazilatlarni mustahkamlaydi. Uchinchidan, Navroʻz turli xalqlar oʻrtasida madaniy muloqot va oʻzaro tushunishni rivojlantiruvchi muhim platforma vazifasini bajaradi.
Shu nuqtayi nazardan, Navroʻz nafaqat bahor bayrami, balki insoniyat sivilizatsiyasi tarixida shakllangan noyob madaniy fenomen sifatida qaraladi. Uning qadimiy urf-odatlari, marosimlari va ramziy mazmuni bugungi kunda ham jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlash, tarixiy merosni asrab-avaylash hamda kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Dunyo” AA