Barcha asosiy iqtisodiyot tarmoqlarida biznes muhiti yaxshilanmoqda — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi soʻrovi

Soʻrov natijalariga koʻra, tadbirkorlar talab oshgani, bandlik koʻpaygani va ishbilarmonlik muhiti yaxshilanganini koʻproq qayd etmoqda.
18-mart 2026-yil, Toshkent. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublika boʻylab tadbirkorlar oʻrtasida har oy oʻtkaziladigan soʻrovlar asosida biznes muhiti tahlili natijalarini taqdim etdi.
Olingan maʼlumotlar asosida biznes muhitining joriy holati va kelgusi uch oylik kutilmalarni ifodalovchi jamlanma indikator shakllantirildi.
Oʻzbekistonda jamlanma biznes muhiti dinamikasi
2026-yil fevral oyi yakunlariga koʻra, jamlanma biznes muhiti indeksi (-100 dan +100 gacha boʻlgan shkalada) 65 bandni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 11 bandga yuqori boʻlgan.
Biznes muhitining yaxshilanishi asosan tadbirkorlarning kutilmalar indeksi oshgani hisobiga taʼminlandi. Ushbu koʻrsatkich 13 bandga oʻsib, 81 bandga yetdi. Shuningdek, biznesning joriy holatiga berilayotgan baholar ham yaxshilanib, 51 bandni tashkil etdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 10 bandga yuqori.
Soʻrov natijalari ishbilarmonlik faolligining asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha ijobiy oʻzgarishlarni koʻrsatmoqda. Joriy biznes holatini yaxshi deb baholagan tadbirkorlar ulushi 44 foizni tashkil etdi (oʻtgan yil fevral oyida — 38 foiz).
Xodimlar sonini oshirgan korxonalar ulushi 12 foizdan 19 foizgacha koʻpaydi. Soʻnggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini 34 foiz tadbirkor qayd etdi (oʻtgan yili — 28 foiz).
Shuningdek, mahsulotga boʻlgan talab oshganini maʼlum qilgan tabdirkorlar ulushi 39 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davridagi 22 foizga nisbatan ancha yuqori boʻldi.
Biznes muhiti indeksida sohalar kesimidagi dinamika
Tarmoqlar kesimida oʻtgan yilga nisbatan barcha asosiy iqtisodiyot sohalarida biznes muhiti yaxshilandi.
Eng katta oʻsish qishloq xoʻjaligida kuzatilib, indeks 29 bandga oshib, 73 bandga yetdi. Bu oʻsish ham joriy holatning yaxshilanishi, ham kutilmalarning sezilarli oshishi hisobiga taʼminlandi.
Biznes holatini yaxshi deb baholagan tadbirkorlar ulushi 41 foizdan 56 foizgacha oshdi. Talab oʻsganligini bildirganlar 52 foizni (35 foiz), soʻnggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qayd etganlar esa 49 foizni (32 foiz) tashkil etdi.
Xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi 8 bandga yaxshilanib, 61 bandga yetdi. Joriy holat baholari nisbatan barqaror saqlangan boʻlsa-da, kutilmalar yaxshilangan.
Sohadagi tabdirkorlarning 72 foizi (oʻtgan yili 71 foiz) kelgusi 3 oyda mahsulotga talab ortishini kutmoqda. Shu bilan birga, bandlikda ham oʻsish kuzatilib, ishchilar sonini oshirgan korxonalar ulushi 12 foizdan 16 foizgacha oshdi.
Qurilish tarmogʻida biznes muhiti 8 bandga oʻsib, 69 bandni tashkil etdi. Ijobiy oʻzgarishlar ham joriy holat indeksida, ham kutilmalar indeksida kuzatildi. Tadbirkorlar bandlik oshgani va talab ortib borayotganini koʻproq qayd etmoqda, bu esa tarmoqda barqaror oʻsish saqlanayotganini koʻrsatadi.
Soʻnggi uch oyda biznes muhiti yaxshilanganini qayd etganlar ulushi 26 foizdan 34 foizgacha oshdi. Ishchilar soni koʻpayganini bildirganlar 15 foizdan 27 foizgacha oshdi. Shuningdek, tadbirkorlarning 80 foizi yaqin uch oyda mahsulotga talab oshishini kutmoqda (77 foiz).
Sanoat sohasida umumiy biznes muhiti oʻsishi nisbatan moʻtadil boʻlib, 2 bandga oshib, 67 bandga yetdi. Shu bilan birga, istiqboldagi kutilmalar yuqori darajada saqlanmoqda. Tarmoqda talabning oʻsishi va bandlikning bosqichma-bosqich ortishi davom etmoqda..
Soʻnggi uch oyda talab oshganini 32 foiz tadbirkor qayd etdi (oʻtgan yili 29 foiz). Ishchilar soni oshganini bildirganlar ulushi 13 foizdan 22 foizgacha koʻpaydi. Shu bilan birga, respondentlarning 77 foizi kelgusi 3 oyda mahsulotga talab yanada oshishini kutmoqda, bu ham oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan yuqori.
Tadbirkorlik faoliyatidagi asosiy muammolar
Soʻrov natijalariga koʻra, tadbirkorlarning 61 foizi oʻz faoliyatida hech qanday toʻsiqlarga duch kelmayotganini bildirgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan oyga nisbatan (57 foiz) yuqori boʻlib, biznes yuritish sharoitlari umumiy yaxshilanganini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, oʻtgan oyga nisbatan kredit olish, elektr taʼminoti, shuningdek transport va logistika bilan bogʻliq muammolarni qayd etgan respondentlar ulushi kamaydi. Ayni vaqtda yer olish, kommunal toʻlovlar qimmatligi va soliq stavkalari yuqoriligi bilan bogʻliq ayrim masalalarni koʻrsatgan tadbirkorlar ulushi biroz oshdi.
Iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligi va investitsion faollikni oʻrganish shoʻbasi: (78) 150 02 02 (441)
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi: (78) 150 02 02 (417)