Sohibqiron Amir Temurning Gʻarb madaniyatiga taʼsiri

XV asrning ibtidosi avvalo Yevropa uchun, qolaversa, butun dunyo uchun teran saboqlarni tuhfa etdi. Bu Turon davlatchiligi tarixi anʼanlari ruhida tarbiyalangan, islom dini hayotbaxsh gʻoyalaridan bahramand boʻlgan, kechirgan hayotini dohiyona aql tarozisida tahlil qilib, ijtimoiy tafakkurni yangi bosqichga koʻtargan Sohibqiron Amir Temur faoliyati samaralari edi.
Amir Temurning yorqin shaxsiyati bilan dunyoda Oʻrta asrlar deb ataluvchi, insoniyat svilizatsiyasiga koʻplab yangiliklar olib kirgan evolyutsion davr nihoyasiga yetdi va sanoat hamda tafakkur inqiloblariga asoslangan yangi davr boshlandi. Amir Temurning saboqlari koʻhna qitʼa – Yevropa taraqqiyotiga ham ijobiy taʼsirini koʻrsatdi. Bu holni aniq parametrlarda yaqqol koʻrishimiz mumkin.
Avvalo, Amir Temurning yorqin shaxsiyati Yevropa uchun hukmdor – qirol – imperator singari tushunchalarni yangiladi. Davlatni boshqarishda absolyut monarxiya va boshqa tartiblar amal qilgan sharoitda hukmdorlik vorisiylik asosida avloddan-avlodga oʻtib kelavergan. Davlat chambaragi kimning qoʻliga tushishi taqdirga bogʻliq boʻlib qolavergan (aqli zaif yoki nogiron shaxslar taxtga chiqib qolgani Yevropa tarixida uchraydi). Yoxud hokimiyat ichki tuzilmalarida yaxlitlik taʼminlanmagan boʻlib, maʼmuriyat oʻz yoʻlida, harbiy soha vaziyat taqozasiga koʻra, iqtisodiyot tabiiy salohiyatlar asosida rivojlangan davrlar boʻlgan. Garchi shunday sharoitda yagona kuchli qoʻlga zarurat boʻlsa ham unga erishishning qonuniy va ijtimoiy asoslari mavjud boʻlmagan.
Bu xildagi tarqoqlik, qolaversa, boshboqdoqliklar turli mojarolarga olib kelgan. Bunday qaraganda, “saroy oʻyinlari”, “saroy fitnalari” odatdagi hol boʻlib, katta boshogʻriqni yuzaga keltirgan. Amir Temur faoliyati bilan esa hamma vazifalarni bir kishi eplashi mumkinligi (va davlat rahbari bir vaqtning oʻzida harbiy qoʻmondon, iqtisodiy va maʼnaviy sohalar islohotchisi, ilm-fan homiysi, hatto ijodkor boʻlishi) amalda isbotlandi. Bu bilan davlat boshligʻi, rahnomasi tushunchasi keng mazmun va mohiyat kashf etdi.
Sohibqiron oʻz faoliyati bilan Yevroosiyo hamkorligini yangi pogʻonaga koʻtardi. Garchi Osiyodan chiqqan fotihlar Atilla, Bolombir, Chingizxon, Botu va boshqalar zamon evrilishlarida Yevropaning ancha-buncha qismini zabt etgan, uning tarixiga maʼlum iz qodirishga erishgan, oʻz siyosatlarini oʻtkazishga ulgurgan boʻlsalar-da, ular tabiatidagi dasht odamlari – koʻchmanchilarga xos shafqatsizlik, murosasizlik, keskinlik qoldirgan izlar bu hududlar hayotida vayronalar, qattolliklar bilan eslanadigan boʻldi.
Amir Temurning murosaga asoslangan siyosati, qarshilik qilmay, oʻz ixtiyori bilan qalamraviga oʻtgan el-elatlarga emnu omonlik bergani, shuningdek, bunyodkorlik faoliyati (qadami yetgan joylarda qanchalab tashlandiq holiga kelib qolgan qabrlarni obod qilgani, binolar bunyod etgani, ariqlar qazdirib, ziroatchilikni yoʻlga qoʻygani haqida yetarlicha maʼlumotlar bor) guvoh odamlarda Sharq hukmdoriga munosabatni tubdan oʻzgartirdi, asta-sekin “varvarlar”, “yovvoyilar” singari steriotiplar sina boshladi. Umuman, Sharqqa, Osiyoga, qolaversa, islom diniga qarashlar yaxshi tomonga oʻzgardi, qiziqish ortdi.
Yevropada cherkovning taʼsiri kuchli boʻlgan va u koʻpincha shafqatsiz rol oʻynagan. Salib yurishlari deb atalgan kompaniya qanchalab odamlarning umriga zomin boʻlgan. Yoki katolik va protestantlar oʻrtasidagi ziddiyatlar tufayli tugʻilgan ixtiloflar, Jordona Bruno singari maʼrifatparvarlarni olovda kuydirgan inkvizitsiya, iyeuziitlar, singari oqimlar har qanday hurparvar harakatga qarshi edi. Amir Temur davlatida dinning davlatdan ajratilgani hamda saltanatda dinning oʻrni va vazifasi aniq belgilab qoʻyilgani progress edi va mazkur holat Yevropa davlatlari boshqaruvida ilgʻor gʻoyaning kirib kelishiga zamin boʻldi.
Bu borada aniq mezonlar yaratila boshlandi va u yillar davomida takomillashib bordi. Oldin fan, taʼlim cherkov ixtiyorida boʻlsa, endi bu sohalar bilan davlat shugʻullanishga kirishdi. Shunday qilib, oʻquv yurtlarida dunyoviy yoʻnalish kuchaydi, bu esa ilm-fanning rivojlanishiga olib keldi.
Sohibqiron shaxsi va nomi butun dunyoda mashhur boʻlib ketdi. “Yevropa xaloskori” sifatida oltindan ishlangan haykali Parijdagi Luvr zallarini bezadi. Ingliz dramaturgi Kristofer Marlo “Buyuk Amir Temur” (1587) tragediyasini yozish bilan jahon adabiyotida Amir Temur siymosini yaratish jarayonini boshlab berdi. 1681-yilda yana bir ingliz adibi Charlz Saundersning “Amir Temur” tragediyasi yozildi va sahnaga qoʻyildi.
Amir Temurga xolis koʻz bilan boqqanlar uni jahon tarixiga Yevropa Renessansiga taʼsir oʻtkazgan Renessansni boshlab bergan, Yevropa hamda Rossiyani xalos etgan davlat arbobi va sarkarda sifatida tan oldi, qadrladi.
Hakim SATTORIY,
yozuvchi