Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi savdo hajmini oshirish salohiyatini baholadi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashiga koʻra, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmini 30–40 foizga oshirish imkoniyati mavjud. Iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari, avvalo, ikki mamlakat sanoati oʻrtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish bilan bogʻliq.
12-mart 2026 yil, Toshkent. Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik barqaror ijobiy oʻsishni namoyon etmoqda, ammo ikki tomonlama munosabatlar salohiyati hali toʻliq roʻyobga chiqarilmagan. Bu haqda bugun Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor oʻrinbosari Xurshed Asadov Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston – Tojikiston: ittifoqchilik va mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada maʼlum qildi.
Ekspertning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi kelishuvlar bilan mustahkamlangan hamkorlik iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirish uchun mustahkam institutsional asos yaratdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashiga koʻra, 2017–2025-yillar davomida Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3,8 barobarga oshib, 238 mln dollardan 912 mln dollargacha yetdi. Bunda Oʻzbekiston eksporti 3,7 barobarga, Tojikistondan import esa 4 barobardan ortiqqa oshdi.
Bugungi kunda Tojikiston Oʻzbekistonning asosiy mintaqaviy hamkorlaridan biri hisoblanadi va oʻzbek mahsulotlarini import qiluvchi davlatlar orasida toʻqqizinchi oʻrinni egallaydi.
Shu bilan birga, hozirgi koʻrsatkichlar iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarining faqat bir qisminigina aks ettiradi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashiga koʻra, Tojikistonning uchinchi davlatlardan import qilayotgan ayrim mahsulotlarini Oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari bilan almashtirish orqali oʻzaro savdo hajmini yana 30–40 foizga oshirish mumkin.
Ekspertning taʼkidlashicha, ikki mamlakatning geografik yaqinligi, umumiy chegaraning mavjudligi va rivojlangan transport aloqalari savdo munosabatlarini yanada chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratadi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning sanoat mahsulotlari, jumladan avtomobillar, maishiy texnika, toʻqimachilik mahsulotlari va kimyo sanoati mahsulotlari eksportini kengaytirish istiqbolli yoʻnalishlardan hisoblanadi.
Shu bilan birga, sanoat kooperatsiyasi sohasida ham katta imkoniyatlar mavjud. Ekspert fikricha, hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlaridan biri chegaraga yaqin hududlarda qoʻshma qayta ishlash korxonalarini tashkil etish boʻlishi mumkin. Bu, avvalo, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlash va agrologistika markazlarini rivojlantirish bilan bogʻliq.
Asadov taʼkidlashicha, transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va Markaziy Osiyoning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish ham iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga qoʻshimcha turtki berishi mumkin.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor oʻrinbosari taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida shakllangan ittifoqchilik munosabatlarining hozirgi darajasi iqtisodiy hamkorlikning yanada chuqurroq modeliga oʻtish uchun mustahkam asos yaratadi. Bu model qoʻshma investitsiyalar, ishlab chiqarish kooperatsiyasi va mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, u Markaziy Osiyoda iqtisodiy bogʻliqlikni mustahkamlash va mintaqaning barqaror rivojlanishida muhim omil boʻlishi mumkin.
Maʼlumot uchun: “Oʻzbekiston – Tojikiston: ittifoqchilik va mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan tashkil etildi. Tadbirda ikki mamlakatning davlat idoralari, diplomatik korpus, ekspert va ilmiy doiralari vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikning hozirgi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi