Islom sivilizatsiyasi markazi: dunyo hamjamiyati eʼtirof etayotgan megaloyiha

Bir yil muqaddam, yaʼni 2025-yil 29-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ikki mingdan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-innovatsion loyihalardan Markaz ekspozitsiyalarida foydalanish boʻyicha qator tavsiya va topshiriqlar bergan edi.
Bu chinakam tarixiy tashrif boʻldi. Oʻtgan bir yil davomida Markaz binosi toʻliq qurib bitkazildi. Markaz faoliyatini takomillashtirish va uning mazmunini boyitish ishlariga 40 dan ortiq mamlakatdan mutaxassislar va dizaynerlar jalb etildi. Ularning barchasi Prezident tashabbusi va gʻoyalari bilan yaratilgan megaloyiha atrofida birlashgan.
Davlatimiz rahbari 2025-yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurib bitkazilgani va tez orada ochilishini maʼlum qilgan edi. Oʻtgan davr mobaynida ekspozitsiyalarning ichki mazmuni yanada boyitildi. Markaz jahon jamoatchiligi diqqat markazida boʻlgan oʻziga xos maskanga aylandi. Bugun butun dunyodan kelgan mehmonlar, davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari Markaz faoliyati, uning sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlarga bagʻishlangan ilmiy loyihalari bilan tanishib, uning ahamiyatini ochiq eʼtirof etmoqda.
Dunyo chuqur sivilizasion oʻzgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Texnologik taraqqiyot axloqiy anglashdan ilgarilab ketmoqda, global inqirozlar esa – geosiyosiy toʻqnashuvlardan tortib madaniy oʻziga xoslikni yoʻqotishgacha – insoniyatning muloqot qobiliyati masalasini tobora koʻproq kun tartibiga qoʻymoqda. Din baʼzan nizolar quroliga, madaniyat esa boʻlinish chizigʻiga aylanayotgan bir sharoitda sivilizatsiyalararo muloqotga uning bunyodkorlik mohiyatini qaytarishga qodir boʻlgan yangi platformalarga ehtiyoj, ayniqsa ortmoqda.
Aynan mana shunday tarixiy pallada Yevroosiyoning qoq markazida – buyuk sivilizatsiyalar va imperiyalar vujudga kelgan, ming yillar davomida savdo yoʻllari, dinlar, ilmiy maktablar va madaniyatlar tutashgan zaminda Oʻzbekistonda oʻziga xos Islom sivilizatsiyasi markazi paydo boʻldi. Uning yaratilishi tasodif emas va bir lahzalik mulohazalar bilan belgilanmagan. Bu bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik dunyoqarashining ifodasidir.
Prezidentimiz 2017-yildayoq BMT minbaridan turib, jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, islom sivilizatsiyasining jahon tarixidagi asl oʻrnini tiklashga daʼvat etgan, muqaddas islom dini negizida maʼrifat, ilm-fan va insonparvarlik qadriyatlari mujassam ekanini, ekstremizm va jaholatga qarshi maʼrifat va madaniyat bilan kurashish mumkinligini eslatgan edi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish yangi qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu yoʻnalishga yuqori xalqaro baho berib, quyidagilarni taʼkidladi:
“Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev BMTning yuksak minbaridan muloqot, maʼrifat va oʻzaro hurmat gʻoyalarini izchil ilgari surib kelayotgan buyuk va nufuzli yetakchidir”.
Bu soʻzlar jahon hamjamiyatida allaqachon shakllangan tushunchani aks ettiradi: Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston zamonaviy tarixni shakllantirishning faol ishtirokchisiga aylandi.
Oʻzbekiston Prezidentining BMT minbaridan soʻzlagan nutqi keng koʻlamli meʼmoriy majmua va jahon ahamiyatiga molik mutlaqo yangi gumanitar model sifatida Markazning intellektual va ilmiy asosi boʻldi. Ushbu model doirasida islom ilmiy inqiloblar yuz bergan, universitetlar va akademiyalar, kutubxonalar va laboratoriyalar tashkil etilgan, tibbiyot, falsafa, sanʼat va ilmiy tafakkur asoslari shakllangan buyuk sivilizatsiyalar tarixi orqali ifodalanadi.
Prezidentimizning shaxsiy siyosiy irodasi, strategik qarashlari va izchil yetakchiligi tufayli Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish gʻoyasi koʻlami, mazmuni va xalqaro ahamiyati jihatidan misli koʻrilmagan darajada amalga oshirildi. Yangi avlod muzeyi, ilgʻor ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, zamonaviy kutubxona, Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixiga oid milliy va xalqaro arxivlar, raqamli gumanitar texnologiyalar, global ilmiy-madaniy hamkorlikning keng tarmogʻini birlashtirgan noyob sivilizatsiya majmuasi yaratildi.
Loyihaga Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ham yuqori baho berdi:
“Bu ulkan va noyob inshoot. Bu ilmiy, turistik va etnomadaniy loyihadir. Oʻzbekiston Prezidentining fikriga qoʻshilaman: Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu muhim sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun umumiy maydonga aylanishi mumkin”.
Jahon ekspertlarining fikricha, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy infratuzilma obyekti yoki madaniy siyosat ramzi emas. Bu Oʻzbekiston rahbarining zamonaviy global tahdidlarga qarshi ongli sivilizatsiyaviy javobidir. Islom olami tarixida ilk bor sivilizatsiyalarning haqiqiy muloqoti uchun bunday keng koʻlamli doimiy platforma yaratildi.
Oʻzbekiston islom va islom sivilizatsiyasining notoʻgʻri talqinlariga qarshi deklaratsiyalar bilan emas, balki jahon darajasidagi haqiqiy intellektual makonni yaratish orqali kurashishdek tarixiy va maʼnaviy vazifani oʻz zimmasiga oldi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev:
“Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib, mamlakat rahbariyatining oʻzbek xalqining boy madaniy va maʼnaviy qadriyatlarini asrab-avaylash va targʻib qilishga sodiqligiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Islomofobiya kuchayib borayotgan bir sharoitda Markazning ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi. U islomning bunyodkorlik, insonparvarlik, bagʻrikenglik, doʻstlik va birodarlik dini ekanini yaqqol namoyon etadi”.
Mutaxassislar va siyosatchilar yakdillik bilan ushbu loyiha radikalizm va islomning buzilgan qiyofasiga qarshi gumanitar qalqon boʻlganini taʼkidlamoqdalar.
Markaz faoliyati uchun madaniy merosni qaytarish alohida ahamiyatga ega. Prezident topshirigʻiga binoan maxsus davlat va diplomatik mexanizmlar yaratildi, bu esa dunyodagi eng yirik kimoshdi savdo uylari – “Sothebyʻs”, “Christieʻs”, “Bonhams” va boshqa yetakchi muzeylar va xususiy kolleksionerlar bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini berdi. Natijada, ikki mingga yaqin noyob osori-atiqalar, jumladan, Ibn Sino qoʻlyozmalari, Beruniy asarlari, Temuriylar davri miniatyuralari, islom sanʼati durdonalari yurtimizga qaytarildi.
Bu Markaziy Osiyoning sivilizatsiyaviy xotirasini tiklash va tarixiy adolatning haqiqiy timsoli boʻldi.
Paragvay Prezidenti Santyago Penya ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, quyidagilarni taʼkidladi:
“Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishuv menda katta taassurot qoldirdi. Insoniyatning koʻplab ilmiy va madaniy yutuqlari aynan shu yerda paydo boʻlgan. Afsuski, algebra va tibbiyotga oid fundamental asarlar aynan shu zaminda paydo boʻlganini dunyodagi hamma ham bilavermaydi. Bu tashrif meni ruhlantirdi va Oʻzbekistonning ulkan salohiyatiga boʻlgan ishonchimni mustahkamladi”.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Prezidenti oʻtmishni qanday tiklasa, kelajakni ham shunday izchillik bilan shakllantiradi. Shu bois, Markaz dastlab jadal rivojlanayotgan tizim – xalqaro ilmiy platforma, media makon, noshirlik va taʼlim markazi sifatida tashkil etilgan edi.
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb tashrifdan soʻng shunday dedi:
“Men ilgari hech qayerda boʻlmagan taassurotni boshdan kechirdim. Uch ming yillik tarix zamonaviy va ishonarli tarzda taqdim etilgan. Bu yerda tarixni his qilasan - befarq boʻlishning iloji yoʻq”.
Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy dunyoning intellektual markaziga aylanmoqda, oʻz davrida Bagʻdoddagi Bayt al-Hikma, Xorazmdagi Maʼmun akademiyasi, Samarqanddagi Ulugʻbek madrasalari ilm-fan taraqqiyotini belgilab bergan.
Markaz XXI asrning yangi tipdagi sivilizatsiya institutidir. Bu yerda tarixiy bilim raqamli texnologiyalar bilan bogʻlanadi, qoʻlyozmalar global raqamli manbalarga aylanadi, muzey ilmiy laboratoriya xususiyatlariga ega boʻladi, milliy meros xalqaro muloqot va oʻzaro tushunish asosiga aylanadi.
Soʻzimning yakunida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning quyidagi soʻzlarini keltirish oʻrinlidir:
“Men bunday markazni hech qayerda koʻrmaganman. U zamonaviy va juda ifodali meʼmoriy uslubda qurilgan. Bu yerda koʻp narsani oʻrgandim va albatta qaytaman. Men yurtdoshlarimga shunday degan boʻlardim: aziz doʻstlar, men bu yerga oldinroq kelmaganim uchun katta xato qildim. Iltimos, imkon qadar tezroq Oʻzbekistonga keling”.
Firdavs Abduxoliqov,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi
markazi direktori