Oʻzbekiston biznes-muhiti tahlili – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi soʻrovi

Yanvar oyida biznes-muhit oʻsishi asosan kutilmalar komponentining ilgarilab oʻsishi hisobiga taʼminlandi. Qishloq xoʻjaligi sohasi va xizmatlar sektori ishbilarmonlik ishonchining asosiy drayverlariga aylandi.
2026-yil 23-fevral, Toshkent. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublika boʻylab tadbirkorlar oʻrtasida oʻtkazilgan oylik soʻrovlar asosida biznes-muhit tahlili natijalarini taqdim etdi. Olingan maʼlumotlar asosida biznesning joriy holatiga oid baholar va kelgusi uch oylik davr uchun kutilmalarni ifodalovchi yigʻma biznes-muhit indikatori shakllantirildi.
Joriy yilning yanvar oyida Oʻzbekistonning yigʻma biznes-muhit indeksi −100 dan +100 gacha boʻlgan shkala boʻyicha 64 bandni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2025-yil darajasiga nisbatan 23%ga yuqori.
Biznes-muhitining oʻsish asosan joriy holat boʻyicha baholarning yaxshilanishi hisobiga taʼminlandi, ushbu koʻrsatkich 28%ga oʻsdi.
Qisqa muddatli istiqbollar boʻyicha optimizmning kuchayishi ham qoʻshimcha hissa qoʻshdi. Xususan, korxonalarning kutilmalari 20%ga oshdi.
Soʻrov natijalariga koʻra, korxonalarning 22%i ishchilar sonini koʻpaytirgan. Shu bilan birga, respondentlarning 71%i kelgusi uch oyda mahsulotga talab oʻsishini kutmoqda, oʻtgan yilning shu davrida esa bunday fikrda boʻlganlar ulushi taxminan 60%ni tashkil etgan.
Kelgusi chorakda ishchilar soni ortishini prognoz qilayotgan korxonalar ulushi 65%gacha koʻtarildi (oʻtgan yili — 58%).
Tarmoqlar kesimida oʻtgan yilga nisbatan biznes-muhitning yaxshilanishi qurilish, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasida kuzatildi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida biznes-muhit indeksi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 62%ga oshdi. Koʻrsatkich 2025-yil yanvardagi 48 banddan joriy yilda 77 bandga yetdi.
Oʻsish asosan joriy sharoitlarga berilgan baholarning sezilarli yaxshilanishi va yanada ijobiy kutilmalar hisobiga taʼminlandi. Tarmoqda joriy holat koʻrsatkichi 27 banddan 72 bandgacha, yaʼni 2,7 barobarga oshdi. Kutilmalar esa 17%ga oʻsib, 82 bandga yetdi.
Tadbirkorlarning 44%i oʻz tarmogʻidagi biznes holatini “yaxshi” deb baholagan (oʻtgan yili — 39%). Soʻnggi uch oyda mahsulotga talab oshganini korxonalarning 46%i qayd etgan, oʻtgan yil yanvar oyida bu koʻrsatkich 39%ni tashkil etgan edi. Yaqin istiqbolda talabning yanada oʻsishi boʻyicha kutilmalar ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda — 71% (oʻtgan yili — 68%).
Xizmatlar sohasida biznes-muhit oʻtgan yilning yanvar oyiga nisbatan 25%ga oʻsib, 52 banddan 65 bandga yetdi.
Bu oʻsish biznes yuritishning joriy sharoitlari izchil ravishda yaxshilangani bilan bogʻliq. Jumladan, joriy holatga berilgan baholar 18%ga oshib, 52 bandni tashkil etdi. Kutilmalar koʻrsatkichi esa 32%ga oshib, 79 bandga yetdi. Bu kompaniyalarning yaqin istiqbolga nisbatan ishonchi ancha kuchayganini koʻrsatadi.
Kelgusi uch oyda tadbirkorlarning 70%i oʻz xizmatlariga talab oshishini kutmoqda (2025-yil yanvar oyida — 58%). Kelasi chorakda ishchilari sonini koʻpaytirishni rejalashtirayotgan korxonalar ulushi 61%ni tashkil etdi (oʻtgan yili — 54%).
Qurilish sohasida biznes-muhit oʻtgan yilga nisbatan 13%ga oʻsib, 54 banddan 61 bandga yetdi. Tarmoqda joriy holat 43%ga yaxshilanib, 57 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, kutilmalar koʻrsatkichi 66 band darajasida shakllandi va 4%ga pasaydi.
Qurilish sohasida respondentlarning 38%i soʻnggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qayd etgan (oʻtgan yili — 35%). Xodimlar soni oshganini bildirgan korxonalar ulushi 22%dan 38%gacha koʻtarildi. Kelgusi uch oyda talab oʻsishini tadbirkorlarning 77%i kutmoqda (oʻtgan yil yanvar oyida — 61%).
Sanoat sohasida biznes-muhit oʻtgan yilga nisbatan 5%ga biroz pasaygan boʻlsada, yetarlicha yuqori darajada, yaʼni 54 bandda saqlanib qoldi.
Shu bilan birga, sanoat korxonalarining optimizmi barqaror yuqori darajada qolmoqda. Yanvar oyida kutilmalar 10%ga oshib, 78 bandga yetdi. Bu tarmoqda rivojlanish istiqbollariga nisbatan ijobiy munosabat saqlanib qolayotganini koʻrsatadi.
Soʻrov natijalariga koʻra, soʻnggi uch oyda ishbilarmonlik vaziyati yaxshilanganini bildirganlar ulushi 32%ni tashkil etdi (oʻtgan yili — 30%). Shu davrda mahsulotga talab oshganini sanoat korxonalarining 38%i qayd etgan (oʻtgan yil yanvar oyida — 36%). Ayni paytda, bandlikni kengaytirish rejalari kuchaydi: kelgusi uch oyda xodimlar sonini koʻpaytirishni tadbirkorlarning 69%i kutmoqda (oʻtgan yili — 62%).
Tadbirkorlik faoliyatidagi toʻsiqlar
Soʻrov natijalariga koʻra, tadbirkorlarning yarmidan koʻpi (57%) oʻz faoliyatida hech qanday toʻsiqlarni koʻrmayotganini bildirgan. Qayd etilgan muammolar orasida eng koʻp tilga olinganlari — soliq yuki (11%), kommunal xizmatlar (9%) va kredit resurslariga kirish imkoniyati (8%) hisoblanadi.
Iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligi va investitsion faollikni oʻrganish shoʻbasi: (78) 150 02 02 (441)
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi: (78) 150 02 02 (417)