Infografika: Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan joriy yilning 17–19-fevral kunlari Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Vashington shahriga boradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi soʻnggi 9-yildagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik koʻrsatkichlari boʻyicha infografika tayyorlandi.
Tarixiy tashrif
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ikki tomonlama Oʻzbekiston–Amerika hamkorligini kengaytirish, shuningdek, BMT tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etish maqsadida AQSHga bir necha bor amaliy tashriflar bilan borgan. Davlat rahbarining AQSHga birinchi rasmiy tashrifi AQSH Prezidentining taklifiga binoan 2018-yil 15–17-may kunlari boʻlib oʻtgan. Tashrif doirasida Oq uy, Kongress va Pentagonda muzokaralar oʻtkazilib, Oʻzbekiston–Amerika munosabatlarini rivojlantirishning yangi bosqichiga asos solgan muhim kelishuvlar imzolangan.
Soʻnggi yillarda mamlakatlar oʻrtasidagi muloqot ikki tomonlama uchrashuvlar hamda mintaqaviy tashabbuslar, jumladan “S5+1” formati doirasida izchil rivojlandi.
2025-yil 20–24-sentyabr kunlari davlatimiz rahbarining Nyu-York shahriga amaliy tashrifi boʻlib oʻtdi. Tashrif doirasida Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida ishtirok etdi. Tashrifning markaziy voqeasi Davlatimiz rahbarining AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi boʻldi. Ikki mamlakat yetakchilari Oʻzbekiston–Amerika strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishib oldilar.
AQSHga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Amerika biznes hamjamiyati ishtirokida “davra suhbati” oʻtkazdi, shuningdek qator yetakchi transmilliy kompaniyalar, korporatsiyalar, investitsiya jamgʻarmalari va moliyaviy institutlar rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari imzolangan ikki tomonlama savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarini almashish marosimida ishtirok etdi. Ushbu kelishuvlar muhim minerallar, fuqarolik aviatsiyasi, kimyo sanoati, energetika hamda boshqa ustuvor sohalarni qamrab oldi.
Ikki tomonlama davlatlararo munosabatlarni savdo-iqtisodiy va turizm sohalarida yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Prezidentning 2025-yil 3-noyabrdagi Farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran AQSH fuqarolari uchun Oʻzbekistonga kirishda vizasiz rejim joriy etildi.
Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari
Mamlakatlar oʻrtasida savdoda eng koʻp qulaylik yaratish rejimi amal qiladi.
2017–2025-yillar davomida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,7 barobarga oshib, 215 mln dollardan 1 mlrd dollarga yetdi. Eksport hajmi 9,1 barobarga oʻsib, 32,1 mln dollardan 291,7 mln dollarga, import esa 3,9 barobarga oshib, 182,9 mln dollardan 712,3 mln dollarga yetdi.
Ushbu davr mobaynida Oʻzbekiston tashqi savdosida AQSH ulushi ham oʻsdi: umumiy tovar ayirboshlash hajmida 0,8%dan 1,2%ga, eksportda 0,3%dan 0,9 %ga, importda esa 1,3%dan 1,5%ga koʻtarildi.
AQSHga eksport tarkibida asosiy ulush xizmatlar hissasiga toʻgʻri keladi — 81% (dasturlash, moliyaviy, axborot va transport xizmatlari), shuningdek neft mahsulotlari — 8,6% (aviakerosin va boshqalar). Keyingi oʻrinlarda mashinalar va uskunalar — 3,7%; oziq-ovqat mahsulotlari — 3,5% (quritilgan meva-sabzavotlar, ziravorlar, guruch va boshqalar); sanoat tovarlari — 3,3% (alyumin tayoqlar va profillar, reniy metali va boshqalar); turli tayyor mahsulotlar — 0,9%; kimyoviy moddalar — 0,4%; ichimliklar va tamaki — 0,2%; nooziq-ovqat xomashyosi — 0,1%ni tashkil etadi.
AQSHdan import tarkibida esa mashinalar va uskunalar ustunlik qiladi — 59% (uchish apparatlari, avtomobillar va ularning qismlari, hisoblash mashinalari bloklari, dvigatellar, nasoslar, stanoklar va sanoat qurilmalari). Shuningdek, xizmatlar ham salmoqli ulushga ega — 20,5% (moliyaviy, litsenziya, lizing va transport xizmatlari). Keyingi oʻrinlarda kimyoviy moddalar — 9,7% (dori vositalari, bogʻlovchi va kosmetik moddalar); sanoat tovarlari — 3,8% (plastmassa va qora metall mahsulotlari va boshqalar); oziq-ovqat mahsulotlari — 3,2% (qush goʻshti va submahsulotlar); turli tayyor mahsulotlar — 2,2% (asbob-uskunalar, priborlar, qogʻoz mahsulotlari); nooziq-ovqat xomashyosi — 1,1% (sellyuloza va boshqalar), shuningdek, ichimliklar va tamaki — 0,5%ni tashkil qiladi.
Investitsiyaviy hamkorlik
2026-yil 1-fevral holatiga koʻra, Oʻzbekistonda AQSH kapitali ishtirokidagi 346 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar umumiy sonining taxminan 2%ini tashkil etadi. Shundan 146 tasi qoʻshma korxonalar, 200 tasi esa AQSH kapitali ishtirokidagi xorijiy korxonalar hisoblanadi.
Soʻnggi 9-yilda AQSHdan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi qariyb 64 barobarga oshib, 2017-yildagi 8,6 mln dollardan 2025-yilda 383,2 mln dollarga yetdi.
Umuman olganda, 2017–2025-yillarda AQSHdan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi 2,9 mlrd dollardan oshdi.
Investitsiyalar asosan qayta ishlash sanoatiga (metallurgiya, avtotransport vositalari, ichimliklar va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish), konchilik-gornorud sanoatiga, qurilishga, xizmatlar sohasiga (koʻchmas mulk operatsiyalari, taʼlim), shuningdek qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilgan.