Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida kadrlar tayyorlash sohasida yangi hamkorlik modeli shakllanmoqda

Bugungi globallashuv sharoitida kambagʻallikni qisqartirish va barqaror bandlikni taʼminlash masalalari faqat milliy saʼy-harakatlar bilangina emas, balki xalqaro tajriba va institutsional hamkorlik orqali samarali hal etilamoqda. Ayniqsa, ushbu yoʻnalishda masʼul boʻlgan davlat xizmatchilarining bilim va kasbiy salohiyatini oshirish muhim strategik omil hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazining Turkiya Respublikasi bilan yoʻlga qoʻygan yangi hamkorligi inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida eʼtirof etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi hamda Turkiya Jumhuriyati Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi xodimlarining taʼlim markazi oʻrtasida imzolangan oʻzaro anglashuv Memorandumi ikki mamlakat oʻrtasida kasbiy rivojlanish va ilmiy-amaliy hamkorlikni institutsional asosda yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi. Mazkur hujjat Markaz direktori A.X. Rahmonov va Taʼlim markazi direktori Dr. Elif Gökçearslan tomonidan imzolandi.
Memorandumning asosiy maqsadi mavjud salohiyat va resurslardan foydalanib, mehnat bozori, mehnatni muhofaza qilish hamda inson resurslarini boshqarish yoʻnalishlarida faoliyat yurituvchi xodimlarning malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash va kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga tatbiq etishdan iborat.
Hujjat doirasida tomonlar oʻrtasida bilim va tajriba almashinuvi, oʻquv dasturlari va metodik materiallarni ishlab chiqish, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari hamda master-klasslar tashkil etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, soha boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, ekspert xulosalari tayyorlash va mutaxassislarni ilmiy hamda amaliy tadqiqot faoliyatiga jalb qilish ham hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Memorandum tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikning umumiy tamoyillarini belgilab, moliyaviy majburiyatlarni nazarda tutmaydi. Hamkorlikni kengaytirish va aniq yoʻnalishlar boʻyicha chuqurlashtirish maqsadida alohida shartnomalar va bitimlar tuzish, shuningdek, zarur hollarda uchinchi tomon tashkilotlari, xalqaro fondlar va institutlarning resurslarini jalb etish imkoniyati koʻzda tutilgan.
Shuningdek, hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar va loyihalar tomonlarning rasmiy axborot resurslarida muntazam yoritib borilishi belgilangan boʻlib, bu jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga xizmat qiladi. Barcha faoliyat Oʻzbekiston va Turkiya Respublikalarining amaldagi qonunchiligiga toʻliq muvofiq tarzda amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi Xodimlarning malakasini oshirish markazi hamda Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi taʼlim markazi oʻrtasida imzolangan Memorandum kadrlar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy bilim va kompetensiyalarini shakllantirish yoʻlida muhim institutsional asos yaratadi. Ushbu hamkorlik davlat boshqaruvi sifatini oshirish, bandlik siyosatini takomillashtirish va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan islohotlarning samaradorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus Oʻzbekistonning xalqaro hamkorlikka ochiqligi, ilgʻor tajribalarni oʻzlashtirishga tayyorligi va inson kapitaliga ustuvor ahamiyat berayotganini yaqqol namoyon etib, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imidjini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.