Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida mehnat bozori va kasbiy malaka sohasida strategik hamkorlik: yangi bosqich

Bugungi globallashuv sharoitida mehnat bozorini modernizatsiya qilish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari xalqaro hamkorliksiz samarali hal etilishi mumkin emas. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy taʼminot vazirligi oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan tizimli hamkorlik ikki mamlakat uchun ham muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hamkorlik mehnat resurslarining raqobatbardoshligini oshirish, kasbiy malaka tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va fuqarolar uchun barqaror ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni qamrab olmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy taʼminot vazirligi oʻrtasida imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida 2025-yil 7-may kuni Toshkent shahrida Qoʻshma ishchi komissiyasining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Ushbu yigʻilishda 2025–2026-yillarga moʻljallangan Qoʻshma Harakatlar rejasi tasdiqlanib, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.
Mazkur reja ijrosi doirasida joriy yilning oktyabr oyida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosari v.b. A. Muratov boshchiligida vazirlik xodimlaridan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Yevropa standartlariga (EQF) muvofiq ishlab chiqilgan Turkiya Respublikasining Milliy malaka tizimi (TQF)ni shakllantirish va amaliyotga joriy etish tajribasi atroflicha oʻrganildi.
Xususan, test va sertifikatlashtirish markazlarining oʻrni, ularni akkreditatsiya qilish va monitoring qilish mexanizmlari, kasbiy malaka sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Mashgʻulotlarning milliy klassifikatorini Yevropa malaka ramkasi (EQF)ga moslashtirish mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ushbu hamkorlik doirasida Turkiya va Oʻzbekiston kasb standartlari oʻrtasidagi farqli jihatlarni chuqur oʻrganish, Malakani baholash markazlarini tashkil etishda Turkiya tajribasidan foydalanish hamda mazkur markazlar faoliyatida kasb standartlari va baholash vositalarining oʻrnini aniq belgilash boʻyicha amaliy ishlar boshlab yuborildi. Ayniqsa, baholash jarayonlarini ish beruvchilar talablariga toʻliq moslashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mahalliy mehnat bozorida yuqori talabga ega boʻlgan kasblar boʻyicha xalqaro standartlarga mos kasb standartlarini ishlab chiqish maqsadida, dastlabki bosqichda 22 ta kasb yoʻnalishi boʻyicha Turkiya Respublikasining kasbiy standartlari va malaka talablari turk tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Ushbu hujjatlar ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan kasb standartlari bilan qiyosiy tahlil qilinmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida mahalliy mehnat bozori ehtiyojlariga toʻliq javob beradigan, zamonaviy va maqbul kasb standartlari ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ular Malakani baholash markazlari faoliyati uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur 22 ta kasb yoʻnalishi boʻyicha malaka baholash vositalari, jumladan testlar, amaliy topshiriqlar va baholash mezonlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichda esa ushbu markazlar tomonidan berilgan malaka sertifikatlarining Turkiya Respublikasi hududida bevosita tan olinishini taʼminlash nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida mehnat bozori va kasbiy malaka sohasida olib borilayotgan mazkur hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga koʻtarilayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Bu ishlar Oʻzbekistonda kasbiy malaka tizimini xalqaro standartlarga muvofiq ravishda isloh qilish, milliy sertifikatlarning xalqaro miqyosda tan olinishiga erishish va fuqarolarning xorijda ishlash imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, mazkur tashabbuslar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan malakani baholash, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan tizimli islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi.