“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi: eng ustuvor yoʻnalishlarni belgilab, barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydi

2023-yil 11-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari etib barqaror iqtisodiy oʻsish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoyaning yangi tizimini yaratish, qulay ekologik sharoitlarni shakllantirish, adolatli va zamonaviy davlat barpo etish, mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatli taʼminlash belgilangan edi. Ushbu islohotlarning barchasini birlashtiruvchi asosiy maqsad — xalq farovonligini oshirish, uning davlatga boʻlgan va ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamlashdir. Umuman olganda, strategiyaning yangilanishi — bu maqsadlardan oʻlchanadigan natijalar orqali boshqarishga oʻtish boʻlib, bunda har bir vazifa ijrochilarga va moliyalashtirish manbalariga biriktirilgan.
Strategiyani amalga oshirish davrida qanday oʻzgarishlarga erishildi?
Strategiya ijrosining natijadorligi ham statistik koʻrsatkichlarda, ham hayot sifati va aholining isteʼmol faolligidagi oʻzgarishlarda oʻz aksini topmoqda. 2023–2025-yillarda YAIMning nominal hajmi 107,5 mlrd dollardan 140 mlrd dollargacha oshdi, eksport hajmi va xorijiy investitsiyalar oqimi oʻsib bormoqda, innovatsion faoliyat rivojlanmoqda. Islohotlarning yakuniy koʻrsatkichlari sifatida ishsizlik darajasi 6,8% dan 4,9% gacha, kambagʻallik darajasi esa 11% dan 6,8% gacha qisqarganini koʻrish mumkin.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini yangilashga nima sabab boʻldi?
Mamlakatni yanada rivojlantirishni jadallashtirish vazifalari strategiya va uning maqsadli indikatorlarini yangilashni taqozo etdi. Strategiya tashqi va ichki omillarni hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqildi.
Tashqi omillar: Dunyodagi geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiy tendensiyalar, texnologiyak innovatsiyalar, tabiiy-ekologik oʻzgarishlar hamda energiya va suv resurslariga boʻlgan talabning ortishi.
Ichki omillar: Demografik oʻsish, urbanizatsiya va migratsiya jarayonlari, bu esa institutlar sifatini mustahkamlash va boshqaruv samaradorligini oshirishni talab qiladi.
Shu munosabat bilan, mamlakatda 2026–2030-yillarga moʻljallangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi va umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Yangilangan strategiyada beshta ustuvor yoʻnalish va 100 ta maqsad saqlangan holda ayrim vazifalar va samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) oʻzgardi. Amaldagi koʻrsatkichlarning aksariyati allaqachon bajarilgan boʻlsa, yangi vazifalar paydo boʻlishi sababli samaradorlik koʻrsatkichlari roʻyxati kengaytirildi va yangilandi. Shuningdek, hujjatda har bir maqsadga erishish uchun masʼul vazirlik va idoralar hamda aniq moliyalashtirish manbalari koʻrsatilgan.
Islohotlar qaysi sohalarda “oʻzgarishlar mexanizmi”ni taʼminlamoqda?
Iqtisodiyot. Eng koʻp vazifalar va KPI koʻrsatkichlari “II. Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash” yoʻnalishida jamlangan. 2030-yilga borib YAIM hajmini 240 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Bunga yillik inflyatsiyani 5–6 foiz doirasida ushlab turish, fiskal barqarorlik, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish hamda yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoat va xizmat koʻrsatishni rivojlantirish orqali erishiladi.
Taʼlim. “I. Har bir insonning salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish” boʻlimida 2030-yilga borib maktab va litsey bitiruvchilarining 50 foizini oliy taʼlim bilan qamrab olish hamda ularni munosib ish haqi toʻlanadigan sohalarga joylashtirish maqsadi qoʻyilgan. 10 ta oliy taʼlim muassasasini dunyoning nufuzli (QS, THE, ARWU) TOP-1000 reytingiga kiritish yoshlarimizning nafaqat ichki, balki tashqi mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Sogʻliqni saqlash. Kelgusi 5-yilda aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini oshirish, yurak-qon tomir, saraton va nafas olish kasalliklaridan erta oʻlim holatlarini (30–69 yosh) kamaytirish koʻzda tutilgan. Onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida 9 ta samaradorlik koʻrsatkichi belgilangan. Shuningdek, aholi oʻrtasida toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, semizlik darajasini kamaytirish strategiyaning kun tartibidan oʻrin olgan.
Ijtimoiy himoya. Ehtiyojmand qatlamlar uchun professional ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi tubdan takomillashtiriladi. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay va toʻsiqsiz muhit yaratiladi. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun 100 foiz muqobil (oilaviy turdagi) gʻamxoʻrlik tizimi joriy etiladi.
Har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha maqsadlarga erishish mexanizmlari
Maqsadlarga erishish mexanizmlari strategik hujjatlarda aks etgan. Masalan:
“Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” yoʻnalishi uchun Milliy iqlim strategiyasi ishlab chiqildi.
Iqtisodiyotning drayver sohalarini rivojlantirish uchun sanoat, avtomobilsozlik, yengil sanoat, turizm va qurilish sohalarini rivojlantirish boʻyicha tarmoq strategiyalari tayyorlangan.
Ushbu hujjatlarni ishlab chiqishda respublikaning “aql markazlari” (Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va b.) ishtirok etgani Oʻzbekistonda qarorlar qabul qilish ilmiy maʼlumotlar va prognozlarga tayangan holda (Evidence-based policy) amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
2030-yilga borib kutilayotgan asosiy natijalar (Makronatijalar)
Iqtisodiyot: YAIM 240 mlrd dollarga yetishi, mamlakatning mintaqaviy “IT-HUB”ga aylanishi, dunyoning innovatsion yetakchi 60 ta davlati qatoriga kirish. Mutlaq kambagʻallikning tugatilishi (minimal isteʼmol xarajatlari asosida) va uning darajasini 0 foizga tushirish.
Ijtimoiy soha: Oʻrtacha umr koʻrishning 78 yoshga yetishi, bogʻcha qamrovi 80%, oliy taʼlim qamrovi 50% boʻlishi.
Ekologiya: “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, “yashil energiya” texnologiyalarini joriy etish va suvni tejaydigan texnologiyalarni rivojlantirish.
D. Karimova,
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiy va
hududiy tadqiqotlar instituti
iqtisodiyot fanlari doktori, professor